«Arsenal»da tarixiy g‘alaba, «Barsa»da yana kambek. Kun o‘yinlari

Sport 08:04 / 09.10.2023 27622

«Arsenal» – «Manchester Siti» 1:0
Gol:
1:0 – 86 Martinelli.
«Arsenal» – Rayya, Uayt, Gabriel, Saliba, Zinchenko (Tomiyasu, 75), Jorjinio (Parti, 75), Edegor, Rays, Trossar (Martinelli, 46), Gabriel Jyezus, Nketia (Havers, 75).
«Manchester Siti» – Ederson, Uoker, Ake, Ruben Diash, Gvardiol, Lyuis (Stounz, 68), Kovachich (Mateush Nunesh, 68), Bernardu Silva, Foden, Holand, Alvares (Doku, 68).
Ogohlantirishlar: Jorjinio (11), Bernardu Silva (23), Kovachich (29).

APLda «Manchester Siti» va «Arsenal» o‘rtasidagi 8-turning markaziy uchrashuvida asosiy intriga quyidagicha edi — Mikel Arteta chempionat doirasida o‘z ustozi Pep Gvardiola ustidan ilk g‘alabaga erisha oladimi? Qatorasiga sakkiz mag‘lubiyatdan keyin «kanonirlar» avgustda «Siti»ga qarshi Superkubok bahsida zafar quchgandi. Bu orqali londonliklar joriy mavsumda ham chempionga jiddiy jang taklif etishi belgisi edi. Ayniqsa raqib yaxshi formada emasligida. «Arsenal» «Siti»ni 2015 yildan buyon mag‘lub etmagan, oxirgi g‘alaba hali futbolchi bo‘lgan Arteta tomonidan urilgan gol evaziga qo‘lga kiritilgandi — va Londonning shimoliy qismi bu yutuqni orziqib kutayotgandi.

Murabbiylar tarkiblar bilan hayron qoldira olmadi. Saka yevrokubok o‘yinida jarohat olgani, Rodri diskvalifikatsiya tufayli bu o‘yinda tusha olmasligi oldindan ma’lum edi. Mehmonlarning yana bir yetakchisi Kevin de Bryuyne APLning bu mavsumida hali o‘ynamadi. «Arsenal» va «Siti» safida odatdagi futbolchilar, jumladan, jamoalarning asosiy yulduzlari — Holand, Edegor, Foden, Rays tushishdi.

Birinchi bo‘lim o‘yin siyqasi chiqqan taktik duelga aylanishi haqidagi xavotirlarni tasdiqladi, ilk daqiqalardanoq jamoalar asosan to‘p uchun qattiq kurashlarga kirishishdi — ikkita asosiy vaziyat esa murabbiylarning rejasi asosida emas, balki maydondagi tartibsizlikdan kelib chiqdi.

17-daqiqada «Arsenal» darvozaboni David Rayya bugungi muxlislarni yurak o‘ynoqi qiladigan vaziyatni keltirib chiqardi. U jamoaning oxirgi himoyachisi vazifasini bajarishga kirishdi va raqib futbolchisini pressing uyushtirishga chorladi. Oyoq bilan yaxshi o‘ynovchi zamonaviy darvozabon uchun standart amaliyot — ammo fanatlar bunday vaziyatlarda yurak hovuchlab o‘tirishga majbur. Bu o‘yinda «kanonirlar» muxlislari shunday holatga tushishdi — Rayya bunday vaziyatlarda ishonchli ko‘rinmadi. U to‘pni o‘zi bilan olib yurganida uning oyoqlariga Alvares tashlanib qoldi — darvozabon to‘pni uzoqqa tepib yubormoqchi bo‘lganida raqib hujumchisining oyoqlari orqali darvoza tomonga yo‘naldi, faqat tashqi tomondan. Alvares yarim soniya kechroq tashlanganida «Siti» hisobda oldinga chiqib olishi mumkin edi. Rejissyorlar «Arsenal» boshlang‘ich tarkibidan tushib qolgan Ramsdeyl zaxira o‘rindig‘ida asabiy o‘tirgan holatini namoyish etishdi.

Ikkinchi vaziyat ham «Siti» ishtirokida ro‘y berdi, ammo endi negativ tomondan. 30-daqiqada Kovachich podkat qilib, Edegorning oyog‘ini sindiray dedi — hakam Oliverni monitorga chaqirishdi, ammo u qizil kartochka ko‘rsatishdan bosh tortdi. Qoidaga ko‘ra uning bunga to‘la haqqi bor edi, ammo u turning markaziy o‘yinini buzib qo‘yishni istamadi va sariq kartochka bilan cheklandi. Xorvatiyalik futbolchi keyinroq Raysning oyog‘iga ham qo‘pol tashlandi va ikkinchi sariq kartochkani olib maydonni tark etishi mumkin edi, hakam uni yana ayadi.

Birinchi bo‘limda boshqa jiddiy vaziyatlar bo‘lmadi. Holand faqat toyib ketish, yiqilish va to‘pni yo‘qotish bilan mashg‘ul bo‘ldi — hozir norvegiyalik futbolchining faoliyatidagi eng yaxshi damlar emas — jamoaning qolgan futbolchilari ham odatdagidan sustroq harakat qilishdi. «Arsenal» biroz jonli o‘ynadi, ammo futbolchilar xato qilmaslik va to‘p yo‘qotmaslikka ko‘proq e’tibor qaratishdi.

Ikkinchi 45 daqiqalikda ham jamoalar ehtiyotkorona o‘ynashdi. Arteta Trossarni Martinelliga almashtirdi, Gvardiola esa tanaffusda umuman hech narsani o‘zgartirmaslikka qaror qildi — aftidan, bekor bunday qildi. Chunki Gabriel darhol mezbonlar hujumini faollashtirdi va bo‘lim o‘rtalariga qadar tashabbus «kanonirlar»da bo‘ldi. Keyin Pep birdaniga uch futbolchini almashtirdi va o‘yin biroz tenglashdi, chunki bu vaqtga kelib londonliklarda ham charchash alomatlari sezila boshlagandi. Ko‘p o‘tmay Arteta ham uch futbolchi almashtirish bilan javob qaytardi va bu farqni yo‘qqa chiqardi, yakunda aynan zaxiradan tushgan to‘rt futbolchi golni yuzaga keltirishdi.

87-daqiqada Tomas Partey maydonning ikkinchi qismidan omadli uzatma berdi, uni «Siti» jarima maydoniga kirib borayotgan Tomiyasu qabul qilib, Haversga uzatdi, u esa orqaroqdan kelayotgan Martinelliga tashlab berdi. Maydonga tushganidan keyin faqat foydali harakat qilgan braziliyalik futbolchi jarima maydoni tashqarisidan zarba berdi — to‘p Akening boshiga tegib yo‘nalishini o‘zgartirgan holda Ederson qo‘riqlayotgan darvozaga borib tushdi. «Emireyts» bayram qilishni boshladi.

Ishonish qiyin, ammo «Siti» shunday holatda ham aytarli hujum uyushtira olmadi — yoki kuch yetishmadi, yoki xohish, nima bo‘lganda ham «shaharliklar» qo‘shimcha vaqtlarni shunchaki o‘tkazib berishdi. Gvardiola 2018 yildan buyon ilk bor APLda qatorasiga ikki o‘yinni boy berdi — umuman olganda, «Manchester Siti» so‘nggi to‘rt o‘yindan uchtasida (biri liga kubogidagi mag‘lubiyat) yutqazgan. Jamoada haqiqiy inqiroz.

«Arsenal» uchun esa faqat xursand bo‘lish mumkin. Mikel Arteta Pepni yozda ham yengib, Superkubokni qo‘lga kiritgandi, endi esa faoliyatida ilk bor uni APLda yengmoqda. Hozirdanoq «kanonirlar» kuchliroq ekani va mavsum yakunlariga ko‘ra turnir jadvalida «Siti»dan yuqorida turishini aniq aytib bo‘lmaydi. Ammo ayni vaqtda London shimolidagi jamoalar 20 tadan ochko to‘plagan holda turnir jadvalida «shaharliklar»dan yuqorida joylashgan.

Brayton – Liverpul 2:2
Gollar:
1:0 – 20 Adengra, 1:1 – 40 Saloh, 1:2 – 45, penalti Saloh, 2:2 – 78 Dank.
Brayton – Verbryuggen, Veltman, Dank, Igor Julio (van Xekke, 63), March, Gross, Mitoma, Baleba, Adengra, Joao Pedro (Fati, 89), Fergyuson (Uelbek, 60).
Liverpul – Alisson, Aleksander-Arnold (Gomes, 80), Matip (Konate, 73), van Deyk, Roberson, Soboslai, Mak Allister, Elliott (Gravenberx, 46), Saloh, Dias, Nunes.

«Brayton» «Aston Villa»dan uchralgan 1:6 hisobidagi mag‘lubiyatdan keyin o‘ziga kelib olgan. To‘rt kun oralig‘ida «chaykalar» ikkita hissiyotlarga boy va ko‘p energiya sarflangan o‘yinlarni o‘tkazdi, bu o‘yinlarda nafaqat sifatli futbol, balki xarakter ham namoyish etishdi. Chunki Marselda ham, «Liverpul»ga qarshi ham hisobda ortda quvishga to‘g‘ri keldi. Yakshanba kungi o‘yinda Roberto De Dzerbi jamoasi qizillarni pressing bilan bo‘g‘ib qo‘ydi. Mehmonlar mudofaadan katta qiyinchilik bilan chiqishdi, bunday vaziyatlardan biri golga aylandi. Alisson darvozaga qaytishga ham ulgurmagandi.

Keyin o‘yin o‘zgara boshladi. Bu chempionatda Nuniyesdan beshinchi golli assistni qabul qilib olgan Saloh Elliotning aql bilan to‘pni o‘tkazib yuborishi evaziga hisobni tenglashtirdi. To‘rt daqiqa o‘tib misrlik hujumchi penaltini aniq ijro etdi. Uning uchun «Brayton» — «Manchester Siti» bilan birgalikda eng qulay raqib bo‘lib turibdi. U bu jamoalarga qarshi o‘yinda 14 ta gol yoki pas muallifi bo‘lgan. Ammo uning gollari bu safar g‘alaba uchun yetarli bo‘lmadi. Ochkoga munosib o‘ynagan mezbonlar Marchning jarima zarbasidan uzatmasidan keyin hisobni tenglashtirishdi, «Liverpul» himoyachilari baland bo‘yli Dankni to‘xtata olishmadi.

Vest Hem – Nyukasl 2:2
Gollar:
1:0 – 8 Souchek, 1:1 – 57 Isak, 1:2 – 62 Isak, 2:2 – 89 Quddus.
Vest Hem – Areolya, Tsoufal, Zuma, Agerd, Emerson, Uord-Prouz, Souchek (Quddus, 76), Lukas Paketa, Alvares, Bouen, Antonio (Benraxma, 75).
Nyukasl – Poup, Tripper, Sher, Lassels, Bern, Bruno Gimaraes, Longstaff, Tonali, Almiron (Merfi, 82), Anderson (Targett, 90), Isak (Uilson, 86).

Londonda parallel kechgan uchrashuvda ham shunga juda o‘xshash syujyet va dramatizm ro‘y berdi. Bu yerda ham mezbonlar avvaliga raqib xatosidan maksimum chiqarishdi va Poupning tushunarsiz harakatini Emerson jazoladi. Uning uzatmasidan keyin Souchekda darvozani ishg‘ol qilishdan boshqa variant yo‘q edi. «Nyukasl» o‘z yulduzining dubli bilan javob qaytardi. Qatorasiga uchinchi o‘yinda gol urgan Isak Trippiyerning ikki uzatmasidan keyin darvozani ishg‘ol etdi. Birinchi holatda videotakrorni ko‘rib chiqishga to‘g‘ri keldi: shved ofsaydda emasdi, chunki to‘p unga «bolg‘achilar» futbolchisi orqali keldi. Ammo yakunda Devid Moyyes Souchek o‘rniga Quddusni tushirgan holda mag‘lubiyatdan qutulib qoldi. Uning uzoq masofadan yo‘llagan zarbasi gazonga sapchib borgan holda «qarg‘alar» darvozabonini ojiz ahvolda qoldirdi.

Ispaniya: 17-soniyadagi gol

«Granada» – «Barselona» 2:2
Gollar:
1:0 – 1 Saragosa, 2:0 – 29 Saragosa, 2:1 – 45 Yamal, 2:2 – 85 Serji Roberto.
«Granada» – Andre Ferreyra, Rikard Sanches (Valexo, 84), Mikel, Neva, Rubio, Alvaro Fernandes (Torrente, 59), Saragosa, Gumbau, Vilyar (Petrovich, 59), Uzuni (Puertas, 58), Boyye (Kallexon, 74).
«Barselona» – ter Stegen, Joau Kanselu, Kristensen, Kunde (Arauxo, 44), Balde, Gundo‘g‘an, Gavi, Lopes (Serji Roberto, 61), Joau Feliks, Ferran Torres, Yamal (Romeu, 76).

«Barselona» uchun dahshatli tush davom etadi. Xavi deyarli har turda bir futbolchisidan ayrilayotgandek. Pedri, Frenki de Yong, Rafinya, Levandovski, endi esa Kunde ham jarohatlandi. Bu esa ko‘k-anorranglilar Saragosadan ikki gol o‘tkazib, 0:2 hisobida ortda borayotganida ro‘y berdi. Birinchisi — o‘yin boshlanganidan 17 soniya o‘tib ro‘y berdi. Ikkinchisida — ushbu futbolchi kataloniyaliklarning bir necha himoyachisini aldab o‘tib, zarba berdi — bu chempionning tahqirlanishidek ko‘rinardi.

«Granada» chempionatning eng ko‘p gol o‘tkazib yuborgan jamoasi ekani hisobga olinsa, bu aqlbovar qilmas holat edi. Ammo boshqa raqamlar ham bor. Masalan, ushbu jamoa «Barselona»ga qarshi uch o‘yindan iborat mag‘lubiyatsiz seriya qayd etayotgandi (+1=2). Lekin bu maydon egalari raqibning qandaydir maxfiy sirini bilishini anglatmasdi va buni Joau Feliksning jarima maydoniga yorib kirishi ko‘rsatib berdi, portugaliyalik futbolchi yiqilayotib to‘pni uzoq ustun sari yo‘lladi va Yamalga 16 yoshu 87 kunligida la liga tarixida gol urgan eng yosh futbolchiga aylanishda yordam berdi.

O‘yin oxirida «Barsa» Baldening Serji Robertoga uzatmasi orqali mag‘lubiyatdan qutulib qoldi, ammo jamoa g‘alabani ilib ketishi ham mumkin edi. Ammo VAR kataloniyaliklar foydasiga qaror chiqarmadi va Ferran Torresda kichik ofsayd qayd etildi. Darvozani ishg‘ol etgan Feliks to‘g‘ri holatda edi, ammo hakam o‘yindan tashqari holatda bo‘lgan Torres darvozabonga xalal bergan deb topdi. «Barsa» taqdirdan nolimasa ham bo‘ladi: jamoa ikki to‘p farqini yo‘qqa chiqarganida baribir ochkosiz qolishi mumkin edi, Saragosa het-trikka yaqin keldi, ammo uning zarbasi ustunga tegdi.

 

Ko‘proq yangiliklar: