Pokiston afg‘on qochqinlaridan 1 noyabrgacha mamlakatni tark etishni talab qildi

Jahon 02:34 / 05.10.2023 8267

Pokiston hukumati barcha noqonuniy afg‘on qochqinlaridan (taxminan 1,7 million kishi) 1 noyabrga qadar mamlakatni tark etishni talab qildi.

Avvalroq, ikki davlat chegarasida qurolli to‘qnashuvlar yuz bergan, Islomobod bu voqealarda Afg‘onistonda joylashgan jangarilarni ayblagan edi. Endi Pokiston «noqonuniy» muhojirlar bilan «shug‘ullanish» niyatida ekanini ma’lum qildi.

«Tolibon» nazoratidagi Afg‘oniston hukumati Pokistonning bu harakatini nomaqbul deb atadi va uni qayta ko‘rib chiqishga chaqirdi. Afg‘oniston hukumati Pokistonga hujum qilgan jangarilarga boshpana berganini bir necha bor rad etib kelmoqda.

O‘tgan hafta Afg‘oniston bilan chegaradosh Mastung shahridagi masjidda diniy bayram paytida yuz bergan portlash oqibatida kamida 50 kishi halok bo‘lgan edi. Pokiston ichki ishlar vaziri Sarafroz Bugtiy esa «noqonuniy» afg‘onlarning chiqarib yuborilishini e’lon qilar ekan, Balujiston viloyatidagi ushbu yoki boshqa teraktlarni tilga olmadi.

Pokiston o‘nlab yillar davom etgan urush, ayniqsa 2021 yilda Afg‘onistonda «Tolibon» hokimiyatga qaytganidan keyin millionlab afg‘on qochqinlarini qabul qildi.

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, Pokistonda 1,3 millionga yaqin afg‘on qochqin sifatida ro‘yxatga olingan, yana 880 ming nafari esa mamlakatda qolishga ruxsat beruvchi huquqiy maqomga ega.

Ammo yana 1,7 million kishi mamlakatda «noqonuniy» yashamoqda, dedi Bugtiy, bu bilan qochqin maqomini olmaganlarni nazarda tutgan holda. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu odamlar oy oxirigacha mamlakatni tark etishi kerak - yo ixtiyoriy ravishda yoki majburiy deportatsiya orqali.

Bugtiy, shuningdek, mamlakatdagi «noqonuniy» afg‘onlarning shaxsiy biznesi yoki mulklarini aniqlash va musodara qilish bilan shug‘ullanuvchi maxsus guruh tashkil etilishini e’lon qildi.

O‘z navbatida, «Tolibon» ma’muriyatining Kobuldagi vakili Zabihullo Mujohid afg‘on qochqinlarining Pokiston xavfsizlik muammolariga aloqasi yo‘qligini aytdi.

«Ular Pokistonni ixtiyoriy ravishda tark etmaguncha, bu davlat ularga chidashi kerak», deb yozdi Mujohid ijtimoiy tarmoqda.

Pokistondagi afg‘on rasmiylarining aytishicha, mahalliy hukumat allaqachon huquqiy maqomga ega bo‘lgan va ega bo‘lmagan afg‘onlarni ushlashni boshlagan. Elchixona bayonotida so‘nggi ikki hafta ichida mingdan ortiq afg‘on hibsga olingani aytiladi.

Bugtiy so‘zlariga ko‘ra, yanvar oyidan beri Pokiston chegarasida 24 ta xudkushlik hujumi sodir bo‘lgan, ularning yarmidan ko‘pida afg‘on jangarilari ishtirok etgan.

U 1 noyabrdan boshlab, afg‘onlarning Pokistonga kirishiga cheklovlar kuchaytirilishini e’lon qilib, faqat viza va pasportga ega bo‘lganlar kiritilishini aytdi.

Ko‘proq yangiliklar: