O‘zbekiston Osiyo o‘yinlarining eng qimmat jamoasiga qarshi. 29 yil avvalgi tarix takrorlanadimi?

Sport 16:09 / 04.10.2023 19477

O‘zaro o‘yin: 29 yil avvalgi to‘qnashuv

O‘zbekiston va Janubiy Koreyaning Osiyo O‘yinlaridagi ilk to‘qnashuvi 1994 yil Xirosimada o‘tgan turnirda qayd etilgan. 29 yil avvalgi bahsda ham bu raqiblar yarimfinalga o‘zaro to‘qnash kelgan va Azamat Abduraimovning yagona goli Rustam Akromov va Birodar Abduraimov murabbiyligidagi vakillarimizga final yo‘llanmasini taqdim etgandi. Temur Kapadze shogirdlari ushbu tarixiy natijani takrorlashi talab etiladi.

 Yarimfinalga kim qanday yetib keldi?

O‘zbekiston joy olgan guruhda Afg‘oniston va Suriya olimpiya jamoalari Xitoydagi turnirga kelishdan bosh tortgach, tashkilotchilar qaroriga ko‘ra, vakillarimiz guruhdagi Hongkongga qarshi ikki o‘yin natijasiga ko‘ra, 1-o‘rin sohibini aniqlashi lozim edi. Hongkong ustidan ikki g‘alabaga erishgan olimpiyachilar nimchorakfinalda Indoneziyani mag‘lub etishdi. Chorakfinalda esa Saudiya Arabistoni uyiga ravona qilingach, Janubiy Koreya yarimfinaldagi raqibimizga aylandi.

Janubiy Koreya esa guruh bosqichida Kuvayt, Tailand va Bahrayn ustidan yirik g‘alabalarga erishib, nimchorakfinalda ham Qirg‘izistonni ayab o‘tirmadi. Chorakfinalda esa mezbonlar mag‘lub etilgach, O‘zbekistonga qarshi final yo‘llanmasi uchun kurashadigan bo‘ldi. 

O‘zbekistonning yarimfinalga qadar o‘yinlari:

1-tur. O‘zbekiston – Hongkong – 1:0

2-tur. O‘zbekiston – Hongkong – 2:1

1/8 final. O‘zbekiston – Indoneziya – 2:0

1/4 final. O‘zbekiston – Saudiya Arabistoni – 2:1

Yarimfinal: Janubiy Koreya – O‘zbekiston

Janubiy Koreyaning yarimfinalga qadar o‘yinlari:

1-tur. J.Koreya – Kuvayt – 9:0

2-tur. J.Koreya – Tailand – 4:0

3-tur. J.Koreya – Bahrayn – 3:0

1/8 final. J.Koreya – Qirg‘iziston – 5:1

1/4 final. J.Koreya – Xitoy – 2:0

Yarimfinal: Janubiy Koreya – O‘zbekiston

Transfer bahosi: Qaysi jamoa qimmatroq?

O‘zbekiston olimpiya jamoasi Osiyo O‘yinlarida umumiy transfer qiymati bo‘yicha faqatgina Janubiy Koreyadan ortda qolmoqda. Koreyslar bu borada turnirning eng qimmat jamoasi sanaladi – 42,5 million yevro. Temur Kapadze shogirdlarining umumiy qiymati esa 8,3 million yevroga baholanib, turnirning eng qimmatbaho 2-jamoasiga aylangan.

Qayd etish joiz, Janubiy Koreya U23 jamoasi umumiy qiymatining teng yarmidan ko‘prog‘i faqat bir o‘yinchi – Li Kan In transfer bahosiga tegishli – 22 million yevro. «PSJ»ning 22 yoshli vingeri guruh bosqichidan keyin jamoa safiga kelib qo‘shilgan.

Parij klubi va jamoa ustozi Luis Enrike o‘yinchini Xitoydagi turnirga qo‘yib yuborishiga majbur emasdi, ammo Li Kan In Janubiy Koreyada majburiy harbiy xizmatga borishdan ozod bo‘lishi uchun qonunga ko‘ra, eng kamida Osiyo O‘yinlari g‘olibiga aylanishi shart. Shu bois Fransiya klubi o‘yinchining kelajagini o‘ylab uni Osiyo O‘yinlarida g‘olib bo‘lish uchun qo‘yib yuborishga qaror qildi. U pley-off bahslarida Qirg‘iziston va Xitoyning mag‘lub etilishiga hissa qo‘shdi. Qayd etish joiz, 2018 yilgi Osiyo O‘yinlarida Son Hyon Min Janubiy Koreya bilan chempionlikka erishib, shu orqali harbiy xizmatdan ozod etilgandi.

O‘zbekiston U23ning eng qimmatbaho o‘yinchilari:

1. Ibrohimxalil Yo‘ldoshev (Nijniy Novgorod, Rossiya) – 900 ming yevro

2. Husayn Norchayev (Alaniya, Rossiya) – 600 ming yevro

3. Jasurbek Jaloliddinov (Olimpik, O‘zbekiston) – 550 ming yevro

Janubiy Koreya U23ning eng qimmatbaho o‘yinchilari:

1. Li Kan In (PSJ, Fransiya) – 22 million yevro

2. Xon Xyon Sok (Gent, Belgiya) – 5,5 million yevro

3. Vo Yeng Jyeon (Shtutgart, Germaniya) – 3,5 million yevro.

Anons. Osiyo O‘yinlari-2022. Futbol. Yarimfinal

Janubiy Koreya U23 – O‘zbekiston U23

Xitoy, Hangjou. «Huanglong Stadium».

O‘yin boshlanish vaqti: 17:00

TV-translatsiya: Sport

Usmon Ibodov

 

Ko‘proq yangiliklar: