Markaziy bank xabariga ko‘ra, AVO bank uchun bir qator operatsiyalarni amalga oshirish taqiqlandi.
2023 yil 1 sentabrdan e’tiboran bank ustav kapitalining eng kam miqdori 200 mlrd so‘m bo‘lishi kerakligi belgilangan.
MBga ko‘ra, bugungi kun holatiga AVO bank AJ ustav kapitali 105 mlrd so‘mni tashkil etgan holda bank ustav kapitali miqdori qonunchilik talablariga muvofiqlashtirilmagan.
“Banklar va bank faoliyati to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq, bank nazorati qo‘mitasi qaroriga asosan bankka nisbatan kreditlash va boshqa xarajatlarni moliyalashtirish hamda depozit operatsiyalarini amalga oshirish taqiqlandi”, - deyiladi rasmiy xabarda.
Avvalroq, 5 ta bank ustav kapitalini belgilangan miqdorga yetkazmagani xabar qilingandi. Qonunchilik talabiga muvofiq, bank ustav kapitali miqdori bank ustav kapitalining eng kam miqdoriga nisbatan belgilangan talabga muvofiq emasligi qo‘pol qoidabuzarlik hisoblanadi va Markaziy bank bunday holda bank litsenziyasini chaqirib olishga haqli.
Iyun oyida regulyator ustav kapitaliga oid talabni 8 ta bank bajarmagani va ularning litsenziyasi chaqirib olinishi mumkinligini xabar qildi. Ammo bu banklarning nomlari ochiqlanmagan edi.
“O‘zgaroeksportbank”ning 100 foiz davlat aksiyalar paketini 5 mln dollarga Support Level xorijiy korxonasi sotib olib, bank ustav kapitalini qo‘shimcha 29 mlrd so‘mdan kam bo‘lmagan qiymatga oshirish majburiyatini olgandi. Bank xususiylashtirilgach, uning nomi AVO bank etib o‘zgartirilgan.
Support Level MChJning 100 foiz ulushi Olimjon Qosimovich Shodiyevga tegishli. Korxona 2015 yil 27 avgustda Toshkent shahrida ro‘yxatdan o‘tgan. Asosiy faoliyat turi – xodimlar bilan ishlash.
Olimjon Shodiyev – Navoiy kon-metallurgiya kombinati kuzatuv kengashining mustaqil a’zosi, kengash raisi Jamshid Qo‘chqorovning o‘rinbosari hisoblanadi. Bank Support Level’ga sotilgan vaqtda Xalqaro Shodiyev jamg‘armasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi “O‘zagroeksportbank” sotib olinishiga Fattoh Shodiyevning daxli yo‘qligi ma’lum qilgan.
Avvaliga Rossiyaning Sovkombankiga “O‘zagroeksportbank”dagi 100 foiz davlat ulushi 4 mln dollarga sotilishi kerak edi, biroq keyinchalik bitim bekor qilindi. OAVda bank tendersiz hukumat yopiq qarori bilan sotilayotgani haqida xabarlar tarqalgach, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi “O‘zagroeksport” xususiylashtirilgani haqida xabar berdi.