Dunyoning top OTMlari reytingi e’lon qilindi – u nima uchun ahamiyatli?

Jahon 12:04 / 04.10.2023 26532

The Times Higher Education xalqaro tashkiloti 2024 yil uchun dunyodagi top universitetlar reytingini e’lon qildi. Reytingga 108 ta mamlakatning 1 904 ta oliygohi kiritilgan. OTMlar reytingi 5 ta: o‘qitish, tadqiqot muhiti, tadqiqot sifati, ishlab chiqarish va xalqaro istiqbol yo‘nalishlarida 18 ta ko‘rsatkich bo‘yicha baholangan.

Top 10 talik quyidagicha ko‘rinish oldi:

  • Oksford universiteti — Buyuk Britaniya;
  • Stendford universiteti — AQSh;
  • Massachusets texnologiya instituti — AQSh;
  • Harvard universiteti — AQSh;
  • Kembrij universiteti — AQSh;
  • Prinston universiteti — AQSh;
  • Kaliforniya texnologiyalar universiteti — AQSh;
  • London imperial kolleji — Buyuk Britaniya;
  • Kaliforniya universiteti — AQSh;
  • Yel universiteti — AQSh.

Reyting tahliliga ko‘ra, Oksford universiteti ketma-ket sakkizinchi yil reytingda birinchi o‘rinni egallab turibdi, biroq kuchli beshlikdagi boshqa OTMda o‘zgarishlar bor. Stenford universiteti ikkinchi o‘ringa ko‘tarilib, Harvard universitetini to‘rtinchi o‘ringa tushirdi.

Massachusets texnologiya instituti (MIT) bu yil ikki pog‘onaga ko‘tarilib, uchinchi o‘rinni egalladi. Kembrij universiteti o‘tgan yili qo‘shma uchinchi o‘rinni egallaganidan keyin beshinchi o‘ringa tushib ketgan.

AQSh reytingga eng ko‘p OTM kirgan davlat bo‘ldi. Ikkinchi o‘rinda Buyuk Britaniya. Top 3 ni Hindiston yakunlab bergan.

Universitetlar reytingi nega kerak?

Reytingda qatnashish davomida OTMlarda sog‘lom ichki dialog o‘rnatiladi. Iqtisodiy taraqqiyot va hamkorlik tashkiloti (OECD) o‘tkazgan tadqiqotga ko‘ra, 68 foiz OTM rektorlari reytinglarni strategik, tashkiliy va akademik o‘zgarishlarni amalga oshirishda asosiy vosita sifatida ishlatadi.

Reytinglar OTM brendini yaratishga, uni xalqaro darajada tanitishga yordam beradi. Masalan, xalqaro talabalar universitet tanlashda ikkinchi eng muhim omil OTMning reytingi hisoblanadi. Birinchi omil esa narxlar.

Reytingda eng kuchlilarga yaqinlashayotgan Xitoy oliy ta’limi

Top 10 talikning 7 tasini AQSh, 3 tasini Buyuk Britaniya OTMlari egallagan. Xitoyning eng yaxshi universitetlari ham eng kuchli o‘ntalikka juda yaqin kelib qoldi. Masalan, Sinxua universiteti reytingda 12-, Pekin universiteti esa 14-o‘rinda. Top 200 talik ro‘yxatga esa Xitoyning 13 ta universiteti kiritildi. Bu 2020 yilda 200 talik ro‘yxatga kirgan 7 ta OTMdan deyarli 2 barobar ko‘p.

Avvalroq Xitoy OTMlari top 10 talikka qachon kirishi haqida savol ham bo‘lmagan. Biroq qarash o‘zgaryapti. Xitoy ta’limi bo‘yicha ekspert Denis Saymonning so‘zlariga ko‘ra, 21-asrning muhim voqealaridan biri — Xitoyning yuksalishidir. Davlatda oliy ta’limning rivojlanishi ham noodatiy holat emas.

Saymonning so‘zlariga ko‘ra, Xitoy innovatsion iqtisodiyotga o‘tish bosqichida oliy ta’limga ham katta investitsiya kirityapti. Buning natijasi reytingda ham sezilgan. Biroq mamlakat ta’lim sifati yaxshi bo‘lgan elita universitetlarga juda ko‘p e’tibor qaratib yubormay mamlakatda oliy ta’lim sifati barcha ta’lim muassasalarida yaxshilanishi uchun harakat qilishi kerak.

Qozog‘iston universiteti ham top ro‘yxatda

1904 talik reytingga Qozog‘istonning 4 ta universiteti ham kiritilgan. Bular:

  • Nazarboyev universiteti — 501-o‘rinda;
  • Al-Farobiy nomidagi qozoq davlat universiteti 1201-o‘rinda,
  • Gumilyov Yevrosiyo universiteti va Satboyev universitetlari — 1500-dan keyingi o‘rinlarda qayd etilgan.

Markaziy Osiyoning boshqa davlat OTMlari “reporter” maqomida ro‘yxatga kiritilgan.

The Times Higher Education xalqaro tashkilotining 2023 yilgi reytingida ham Qozog‘istonning 3 ta universiteti 1001, 1201, 1501-o‘rinlarda qayd etilgan.

O‘zbekiston OTMlari ham reyting uchun harakat qilganmi?

Tashkilot ma’lumotiga ko‘ra, 1904 ta universitetdan tashqari yana 769 ta OTM "reporter" maqomida reytingga kiritilgan. Bu degani ular reytingga kirish uchun ma’lumot taqdim etgan, biroq ular muvofiqlik mezonlariga mos kelmagani uchun ro‘yxatga "reporter" sifatida kirishga rozi bo‘lgan.

O‘zbekiston Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi O‘zbekistondan jami 48 ta OTM “reporter” maqomini olganini xabar qildi.

“Mazkur 48 ta oliy ta’lim muassasasi THE’ning nufuzli reytinglariga kirish uchun nomzod sifatida tanlanib, bunda reyting agentligi ularga yaqindan yordam beradi”, deyiladi vazirlik xabarida.

Ma’lumot uchun: “O‘zbekiston – 2030” strategiyasiga ko‘ra, O‘zbekiston 10 ta OTMni top mingtalikka kiritishni reja qilgan. 

Ko‘proq yangiliklar: