«Ko‘chada muloqot qilish uchun Google translate’dan foydalanamiz» - Samarqandda o‘qiyotgan xorijlik talabalar

Jamiyat 19:43 / 01.10.2023 25119

Nahimul Haku 22 yoshda. U Hindistondan kelgan. Ayni damda Samarqand davlat tibbiyot universitetining 2-bosqich talabasi. Bu universitet haqida u vatanidagi reklamalar orqali xabar topgan va universitet bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri bog‘langan. Shu orqali oliygoh haqida ma’lumot olib Samarqandda o‘qishga qaror qilgan.

Nahimul Haku

— Ota-onam o‘qituvchi, singlim maktabda tahsil oladi. Men ham hayotda o‘z maqsadlarimga erishish uchun harakat qilyapman va shu sababdan O‘zbekistonga keldim. Samarqandda bir yil yashadim, hozir ikkinchi yil davom etyapti. Bu shahar ilk kelganimdayoq menga yoqqan, lekin, iqlimi Hindistonnikidan boshqacharoq bo‘lgani uchun ko‘nikishga qiynalganman.

Men bu yerda o‘zimni juda xavfsiz his qilaman, chunki biror marta bezorilik yoki jinoyatga duch kelmadim. Shaharda jamoat transporti ham qulay va arzon. Avtobus va taksilar doim topiladi. Bir yo‘nalishda tramvay qatnovi ham mavjud va bu juda yaxshi. Lekin, men hayron qolgan holatlardan biri bu — aksariyat aholi mashinada yurishi bo‘ldi. Ularni ishlab chiqargan zavod ham bir xil. Ko‘chada velosepedda yurganlarni ham kam uchratdim.

Bizning yana bir farqli jihatimiz taomlar va yegulikda deb o‘ylayman. Hindistonda asosan, «chapati» (non turi) va achchiq guruchli ovqatlar iste’mol qilamiz. Bu yerda esa qalampir mening yurtimdagidek ko‘p yeyilmas ekan. Albatta, milliy taomlaringizga ham sekin-sekin moslashyapmiz.

Odatda Siyob bozor va Vokzal bozoriga xarid uchun boramiz. Sotuvchilar bilan muloqotda ba’zi muammolar ham bo‘lib turadi. Bunday vaziyatda biz Google translate’dan foydalanamiz. Shu orqali odamlar bilan aloqa qilishimiz mumkin. Bozorda sotuvchilar bizga ajoyib muomala qilishadi. Ba’zan bizning mashhur hind aktyorlarni e’tirof etib, hazillashishadi ham.

Universitet sharoitlari ham yaxshi. Darslar ingliz tilida olib boriladi. Professor o‘qituvchilardan ta’lim olamiz. Ular bilan ham muammo yo‘q. Ta’lim jarayoni sifatli. Ayniqsa, bu yerda davomatga jiddiy e’tibor qaratiladi. Agar sababsiz darsga qatnasha olmasangiz o‘zingizga muammo bo‘ladi. O‘ylashimcha, bu tibbiyot oliygohi talabalari uchun normal holat. Chunki, har qanday muvafaqqiyat ortida xuddi shunday qat’iy intizom turadi.

Shu bilan birga, universitet rahbariyatiga bir masala yuzasidan iltimos va taklif kiritmoqchi edim. Bu kontrakt to‘lash jarayoni bilan bog‘liq masala. Biz hozirda kontrakt pulini universitetga vositachilar orqali to‘layapmiz. Bu esa bizda biroz xavotir uyg‘otadi va men kabi boshqa talabalar uchun ham ba’zi muammolarni keltirib chiqaradi. Agar shu jarayon oliygoh va talaba o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri amalga oshsa, ortiqcha tushunmovchiliklar bo‘lmaydi, deb o‘ylayman.

Yana bir masalani ta’kidlashim joiz. O‘ylashimcha, O‘zbekistonda o‘qiydigan chet ellik talabalar uchun viza bilan bog‘liq masalani qayta ko‘rib chiqish kerak. Bilishimcha, Sharqiy Yevropadagi tibbiyot oliygohlarida tahsil oluvchi chet ellik talabalar uchun 6 yillik viza beriladi va shu muddat ichida talaba viza bilan bog‘liq ortiqcha muammoga duch kelmaydi. O‘zbekistonda bu tizim boshqacharoq. Tibbiyot sohasi talabalari uchun ham 1 yillik viza taqdim etiladi va natijada biz 6 yillik o‘qishimiz davomida har yili vizaga qo‘shimcha mablag‘ va vaqt ajratishimizga to‘g‘ri keladi, — deydi hindistonlik talaba.

Pokistonning Poxtun viloyatidan kelgan 21 yoshli Muhammad Amir Samarqandga kelganiga 8 oy bo‘ldi. Unga bu shaharda tahsil olishni Toshkentda o‘qiydigan do‘sti tavsiya qilgan. Boz ustiga, uning ko‘plab do‘stlari shu universitetda o‘qiydi.

Muhammad Amir

— Bu shaharda ta’lim olish yaxshi. Yashash borasida ham hali qiyinchiliklarga duch kelmadim. Yotoq joy bilan ham hozircha muammolar bo‘lmadi. Biz yashaydigan turar joyda hamma qulayliklar mavjud. U yerda dars qilishimiz, ovqatlanishimiz va tinch yashashimiz mumkin. Agar siz yaxshi bo‘lsangiz, atrofingizdagi har bir kishi sizga yaxshi munosabatda bo‘lib sizni qo‘llab-quvvatlaydi. Jamoat transporti ham yaxshi. Avtobus, tramvay yoki mashinada bir manzildan boshqa manzilga oson yetib olishi mumkin. Bu talabalar uchun qulay.

Mahalliy aholi ham do‘stona. Ular bilan munosabatimiz yaxshi. Boshida muloqot qilish bilan bog‘liq muammolar bo‘lishi tabiiy. Ayniqsa, bozorda sotuvchilar bilan muloqot qilish biz uchun biroz qiyin kechyapti. Chunki, hali mahalliy tilni bilmaymiz. Lekin, o‘qishni tugatgunimizcha o‘zbek tilini yaxshi o‘rganib olsak kerak, inshaalloh. Bozorlarda narx bizdagiga qaraganda biroz qimmat, lekin, biz uchun kerak bo‘lgan hamma narsa mavjud.

Ta’lim jarayonlari ham sifatli. Bizga Hindiston va Pokistondan kelgan, shuningdek mahalliy tajribali o‘qituvchilar dars o‘tadi. Bizda ular bilan muammo yo‘q, — deydi Muhammad.

Pokistonning Peshovar shahridan kelib, Samarqand davlat tibbiyot universitetida 2-bosqichda o‘qiyotgan Arsh Aliga Samarqand juda yoqib qolgan.

— Samarqand shahri Peshovarga judayam o‘xshaydi. Lekin, qish ayozli. Ayniqsa, yanvar va fevral oylari juda sovuq bo‘ladi. Odatda bu paytda bizda harorat 20 daraja issiq bo‘ladi.

Arsh Ali.

Mahalliy aholi ham juda yaxshi. Ular chet elliklarni yaxshi ko‘rishadi, biz ham ularni hurmat qilamiz. Ijarada yashayman. Xonadon egasi bizni o‘z oilasidek ko‘radi. To‘g‘ri, muloqot qilishga qiynalamiz lekin, men o‘zbek, rus, tojik tillarini ozroq bilaman, bu yerliklar ham biroz ingliz tilini bilishadi. Shu orqali gaplashish mumkin.

Mahalliy talabalar bilan ham munosabatlarimiz yaxshi. Ular orasida bir necha do‘stlarim bor. Odatda hafta yakunida parklarda yoki restoranlarda birga maroqli vaqt o‘tkazamiz. Taomlar haqida aytadigan bo‘lsam, men guruchni sevib tanovul qilaman. Shuning uchun osh ayni damda sevimli taomimga aylandi. Men uni juda yaxshi ko‘raman.

Universitetda ta’lim olish bilan bog‘liq muammolar yo‘q. O‘qituvchilarimiz bilan inoqmiz. Agar qanaqadir muammo yuzaga kelsa ular yordam beradi. O‘ylashimcha, kontrakt miqdorlari ham talabalar uchun qulay, — deydi pokistonlik talaba Arsh Ali.

Shexroz Jalg‘ashev tayyorladi

Ko‘proq yangiliklar: