“Tozalanadigan” O‘TY, portlagan logistika markazi va RFning benzinga taqiqi - “Iqtisodiy taymlayn”

Iqtisodiyot 17:36 / 30.09.2023 34579

Yakunlanayotgan haftada O‘zbekistonga benzin yetkazib beruvchi asosiy davlatlardan biriga aylangan Rossiya benzin eksportiga cheklov kiritdi. Shveytsariyada Gulnora Karimova ishi sudga oshirildi. “O‘zbekiston temiryo‘llari”ning o‘nlab nosohaviy tadbirkorlik sub’yektlari kompaniya egaligidan chiqarilishi aytilyapti. Hafta iqtisodiy yangiliklari – “Iqtisodiy taymlayn”da.

Rossiya hukumati ichki bozorda narxlarni barqarorlashtirish izohi bilan benzin va dizel eksportini taqiqladi. Ta’minotning cheklanishi Rossiyadan katta miqdorda neft mahsulotlarini import qilayotgan O‘zbekistondagi narxlarga qo‘shimcha bosim o‘tkazishi mumkin.

Vaqtinchalik cheklov 21 sentabrdan kuchga kirgan, uning amal qilish muddati aniq ko‘rsatilmagan. Cheklov Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo davlatlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.

O‘zbekiston Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yilning dastlabki 8 oyida O‘zbekistonga neft va neft mahsulotlarining importi 48 foizga ko‘payib, 1 mlrd 98 mln dollarni, eksporti esa 86,5 foizga oshib, 175,5 mln dollarni tashkil qilgan.

Rasmiy statistikada O‘zbekiston benzinni qaysi davlatdan va qancha miqdorda import qilinishi haqidagi ma’lumotlar aks etmaydi, ammo OAV ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning yanvar-aprel oylarida import benzinning qariyb 98 foizi Rossiya hissasiga to‘g‘ri kelgan.

“O‘zbekiston temiryo‘llari”ning nosohaviy tadbirkorlik sub’yektlari kompaniya egaligidan chiqariladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev temiryo‘l sohasini isloh qilish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Yig‘ilishda “O‘zbekiston temiryo‘llari”ning nosohaviy aktivlarini sotish yoki boshqa tarmoqlarga o‘tkazish, sotishdan tushgan mablag‘larni temiryo‘l infratuzilmasini yaxshilashga yo‘naltirish vazifasi qo‘yildi. Prezident temiryo‘llarning nosohaviy aktivlardagi ishtirokini qat’iy taqiqladi.

Ochiq manbalardagi ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston temiryo‘llari ko‘plab korxonalarda ulushdor. Ular orasida ko‘mir qazib oluvchi, ko‘prik quruvchi, turli-tuman qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi, radioeshittirishlar, meva-sabzavot logistikasi, yirik shoxli qoramollarni ko‘paytirish kabilar bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub’yektlari bor.

Shuningdek, temiryo‘l kompaniyasining aktivlar portfelidan “Lokomotiv” futbol klubi, Navro‘z va Lokomotiv istirohat bog‘lari, “Ugam-Chotqol davlat biosfera rezervati” hamda “Shovvozsoy” dam olish maskani ham joy olgan.

Sergelidagi omborda portlash

28 sentabrga o‘tar kechasi, tungi soat 3 ga yaqin Toshkent shahar Sergeli tumani Quruvchilar dahasida joylashgan omborxonada yong‘in boshlanib, so‘ng kuchli portlash ro‘y berdi. 15 ming kvadrat metrni qamrab olgan yong‘in 8 soatda o‘chirildi. Rasmiylarga ko‘ra, hodisa oqibatida 163 kishi jarohatlandi, bir kishi halok bo‘ldi.

Ayni paytda Sergelida portlagan omborxona kimga tegishliligiga oid savol ham jamoatchilik e’tiborida. Ma’lum bo‘lishicha, voqea “Interlogistics” kompaniyasining bojxona omborida sodir bo‘lgan. Bu kompaniya 2016 yil 11 avgustda ro‘yxatga olingan. Ustav kapitali – qariyb 49 mlrd so‘m. Uning 78,9 foiz ulushiga Dubayda ro‘yxatdan o‘tgan “Integra benefit investmens”, qolgan 21,1 foiz ulushiga esa O‘zbekistonda 1995 yilda ochilgan Benif qo‘shma korxonasi egalik qiladi. O‘z navbatida, Benif'ning ham asosiy mulkdori – Integra benefit investmens.

Logistika markazi tez buziladigan tovarlardan tortib to yirik hajmgacha bo‘lgan tovarlarni qabul qilish, saqlash, bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazish va jo‘natish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatadi. Kompaniya vakillari jurnalistlarga omborda portlovchi yoki tez yonuvchi moddalar saqlanmaganini aytdi. Portlash sababiga jinoiy ish tergovi doirasida Ichki ishlar vazirligining Tergov departamenti aniqlik kiritadi.

Tenderlardagi g‘irromliklar

Raqobat qo‘mitasi 2023 yilning yanvar-avgust oylarida 8964 ta tender savdolari jarayonida 12 826 ta raqobatga zid harakatlarni aniqlagani haqida xabar berdi. Xususan, “Toshkent metropoliteni” 8,2 mln dollarga mikroprotsessor xarid qilishda, Sog‘liqni saqlash vazirligi esa 23,6 mlrd so‘mga asbob-uskunalar sotib olishda qonunchilik talablarini qo‘pol ravishda buzgan.

Bundan tashqari, “O‘zbekiston telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish respublika markazi” o‘tkazgan boshlang‘ich qiymati 4,8 mln dollarga teng bo‘lgan tenderda ishtirokchilar buyurtmachining talablariga mos kelmasa-da, g‘olib deb e’tirof etilgan.

Andijon viloyati hokimligining yagona buyurtmachi xizmati boshlang‘ich qiymati 8,5 mlrd so‘m, “Aloqabank” esa boshlang‘ich qiymati 1,2 mlrd so‘mga teng bo‘lgan tenderda qonunchilik talablarini buzgani aniqlangan. Raqobat qo‘mitasiga ko‘ra, aniqlangan holatlar yuzasidan tegishli choralar ko‘rilgan.

Karimova ishi sudga oshirildi

Shveytsariya Bosh prokuraturasi Gulnora Karimova ishi bo‘yicha 5 yil davom etgan tergovni yakunlab, hujjatlarni Shveytsariya federal sudiga yubordi. Ayblov xulosasiga ko‘ra, O‘zbekiston birinchi prezidentining to‘ng‘ich qizi ishchi nomi “Ofis” bo‘lgan jinoiy tashkilotda ishtirok etish, jinoiy daromadlarni legallashtirish, xorijiy davlat amaldori sifatida pora olish va hujjatlarni qalbakilashtirish kabi jinoyatlarda ayblanmoqda.

Prokuratura Karimovadan tashqari Rossiya telekommunikatsiya kompaniyasi o‘zbek filialining sobiq direktoriga nisbatan ham ayblov e’lon qilgan. Bu kompaniya nomi va rahbarining ismi-sharifi ma’lum emas. Ularga qo‘yilgan ayblovlar 2005 yildan 2013 yilgacha bo‘lgan davrni o‘z ichiga oladi.

Shveytsariyada 2018 va 2021 yillar oralig‘ida tergov natijasida to‘rt kishi sudlangan va pul yuvish va hujjatlarni qalbakilashtirishda aybdor deb topilgan. Shu bilan birga, 340 million frankdan ortiq pul O‘zbekistonga qaytarilishi uchun musodara qilingan. Hozirda Gulnora Karimova va ikkinchi ayblanuvchi ishi bo‘yicha 440 mln frankdan ortiq qiymatdagi aktivlar hibsda qolmoqda.

Yakunlanayotgan haftada sodir bo‘lgan boshqa yangiliklarga qisqacha to‘xtalamiz:

  • O‘zbekistonda joriy yilning yanvar-avgust oylarida gaz qazib olish o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 9,4 foizga yoki 3,26 mlrd kub metrga qisqardi. Elektr energiyasi ishlab chiqarish esa 5,4 foizga yoki 2,78 mlrd kWhʼga ko‘paydi.
  • O‘zbekiston ilk bor tarvuz eksportini 100 ming tonnadan oshirdi va mamlakat bu mahsulotni eksport qiluvchi 10 ta eng yirik davlat qatoriga kirishi kutilyapti.
  • Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirining ikki o‘rinbosari — Olimxon Rustamov va Sarvar Hamidov lavozimidan ozod etildi. Rustamov boshqa ishga o‘tayotgani munosabati bilan lavozimini tark etgan. Hamidovning iste’fosiga esa sabab ko‘rsatilmagan.
  • Soliq qo‘mitasining buyrug‘i bilan, birdaniga 30 ta tuman va shahar soliq inspeksiyalariga yangi boshliqlar tayinlandi. Shu oy boshida 12 ta inspeksiyada yangi rahbarlar ish boshlagan edi.
  • 1 oktyabrdan e’tiboran, tabiiy va sun’iy suv havzalari hamda suv omborlarini baliq yetishtirish va boshqa maqsadlar uchun ijaraga berish boshlanadi.

Madina Ochilova tayyorladi.
Tasvirchi – Mirvohid Mirrahimov
Montajchi – Asror Almurodov.

Ko‘proq yangiliklar: