«Real» Kataloniyada peshqadamlik uchun kurashadi, «Liverpul» Londonda mehmon. Hafta o‘yinlari anonsi

Sport 17:44 / 30.09.2023 10379

MILAN – LATsIO (30 sentabr, 21:00)

«Latsio» hozircha turnir jadvalida pastki pog‘onalarda yurgan bo‘lsa-da, baribir, ayniqsa, markaziy o‘yinlarda xavfli bo‘lib qolaveradi. Rimliklarning safarda «Napoli» ustidan g‘alaba qozongani, shuningdek, «Atletiko» bilan esda qolarli uchrashuvi so‘zimizga yaqqol isbot bo‘la oladi. Bu omil «Milan» uchun navbatdagi qiyin sinov kutib turganini anglatishi turgan gap.

«Inter»ning mag‘lubiyati qaysidir ma’noda «ko‘k-qora»larning u qadar mukammal emasligi va boshqa jamoalarda ham imkoniyat bo‘lishini ko‘rsatib berdi va bundan foydalanishi lozim bo‘lgan kuchlardan biri, albatta, «Milan» bo‘ladi. Faqat to‘plar nisbati bo‘yicha hamshaharlaridan ortda turgan Pioli shogirdlari «Inter»ning qoqilishlariga tayyor turishi va imkon qadar ochko yo‘qotmasligi kerak. Milanda 4 uchrashuvdan beri «Latsio»ni yengib kelayotgan mezbonlar ushbu an’nanani davom ettirishiga to‘g‘ri keladi.

«Milan» hozirda gol urish bo‘yicha A Seriyaning peshqadamlaridan biri bo‘lib turibdi. «Latsio» esa himoyasi bilan maqtana olmaydi. Har ikki jamoa ham uch kun oldin 6-turda maydonga tushishdi, har ikkisini kelasi hafta Chempionlar Ligasi kutib turibdi. Xulosa qilish mumkinki, bu o‘yin xatolardan holi bo‘lmagan, ancha ochiq tomosha bo‘ladi. Xatolar esa bilamizki, gollarni ko‘paytiradi, o‘yinni yanada qiziqroq qiladi.

Tarkiblar borasida «Milan» kelasi oy oxirigacha Rade Krunichni maydonga tushira olmaydi. «Latsio» safida esa Alessio Romanolining yo‘qligi bilinsa kerak. Tajribali himoyachi «Torino»ga qarshi o‘yinni to‘liq o‘tkazgan bo‘lsa-da, keyinchalik burnini operatsiya qildirgani ma’lum bo‘ldi. Bu sabab bilan u kamida yana ikki hafta mashg‘ulotlarga qayta olmasa kerak.

TOTTeNHEM – LIVeRPUL (30 sentabr, 21:30)

«Manchester Siti»ni qavs ichiga olsak, yangi mavsumda eng yaxshi o‘yin ko‘rsatayotgan ikki jamoa APL markaziy o‘yinida to‘qnash keladilar. «Brayton» va «Arsenal» muxlislari xafa bo‘lishmasin, lekin tan olish kerak, bu jamoalarning ko‘rsatayotgan o‘yini syurpriz emas, kutilgan edi. Yangi murabbiy bilan va Harri Keynsiz «Tottenhem» hamda yarimhimoyasini butunlay yangilagan «Liverpul»ning mavsumni bu tarzda yuqori darajada boshlashi rostan ham turnirni bezab bermoqda. Eng muhimi, jamoalarda o‘sish uchun ham hali salohiyat ko‘rinib turibdi.

«Tottenhem» allaqachon «MYu», «Arsenal» kabi top-raqiblar bilan o‘ynab bo‘ldi va har ikki uchrashuvda ham tashabbuskor o‘yin namoyish etdi. Aynan shu tomoni jamoaning boshqa yo‘nalishga o‘zgarayotganidan darak. «Liverpul» esa Yurgen Klopp xarakteriga monand ravishda iroda va ruhiyatni namoyish qilmoqda. Jamoa juda ko‘p marta, hatto Yevropa Ligasida ham irodali g‘alabalarga ko‘p erishdi. Tabiiyki, olov va muz to‘qnashuvi, tizim va xaos qarama-qarshiligi APL muxlislari uchun navbatdagi shedevr ssenariyni taqdim etsa ajab emas.

Ssenariy haqida gap ketganda, ushbu jamoalarning so‘nggi uchrashuvini ham eslab o‘tish kerak. Esingizda bo‘lsa, «Tottenhem» «Enfild»da 0:3 hisobini 3:3 ga aylantirgan, ammo so‘nggi daqiqalarda mezbonlar g‘alaba golini urgandi. Umuman olganda, so‘nggi yillardagi deyarli barcha o‘yinlar murosasiz kechayotgan bo‘lsa-da, 12 o‘yindan buyon «Tottenhem» «Liverpul»ni yenga olmayotgani biroz kutilmagan fakt. Yurgen Klopp «Liverpul»ga kelgan ilk o‘yinlaridan birini aynan «Tottenhem»ga qarshi golsiz durang bilan boshlagandi va shundan beri jami 18 uchrashuvda atigi bir marta mag‘lubiyatga uchragan, xolos. Pochettinodan keyin Nunu Santush, Mourino, Konte-yu Meysonlar amalga oshirilmagan ishni Postekoglu ilk urinishida bajarishga harakat qilib ko‘radi.

Mezbonlar safida uzoq muddatga safdan chiqqan Ivan Perishichning jarohati yangilik, ammo usiz ham londonliklar derbida juda yaxshi harakat qilishdi. Ammo o‘sha o‘yinda ancha yaxshi taassurot qoldirgan Brennan Jonsonning yo‘qligi ko‘proq sezilsa kerak. Afsuski uelslik futbolchi kamida bir oy sheriklariga yordam bera olmaydi. «Liverpul»ga esa Trent Aleksandr-Arnoldning bu safar ham maydonga tushishi so‘roq ostida qolmoqda. Agar jamoalarning sport formasi haqida to‘xtaladigan bo‘lsak, tabiiyki, mezbonlarda imkoniyat ko‘proq. Chunki «Liverpul» hafta o‘rtasida «Lester» bilan Liga kubogi doirasida uchrashuv o‘tkazdi va asosiy tarkibdagi aksariyat futbolchilar maydonga tushdi. «Tottenhem» esa ushbu musobaqadan ancha oldin chiqib ketgani bois, oldingi turdan beri maydonga tushmadi. Umuman bu ustunlik yil bo‘yi «Tottenhem»ga ustunlik bersa kerak, zero yuqori o‘rindagi jamoalar ichida faqat «Tottenhem»da yevrokubok ham yo‘q.

JIRONA – ReAL MADRID (30 sentabr, 21:30)

Turnir jadvalini boshqarib turgan Kataloniya va Madrid klubi to‘qnashadi, desak, bu mavsumdan xabari yo‘q kimdir hech qachon jamoalardan biri «Jirona» ekanini taxmin ham qila olmasa kerak. Ayni paytda «Barselona» 1-o‘rinda bormoqda, lekin yo‘qotilgan ochkolar bo‘yicha hisoblasak, shu turdan keyin peshqadamlik aynan mana shu o‘yinning g‘olibiga o‘tishi fakt. Ha, bu vaqtinchalik bo‘lishi mumkin, ha, endigina 7 tur o‘tdi, to‘g‘ri, lekin eng kamida, aynan shu pallada «Jirona» ancha kuchli o‘yin namoyish etayotganini tan olishga majburmiz.

«Jirona» ligada hali mag‘lubiyatga uchramagan ikki jamoadan biri, urilgan gollar bo‘yicha ham faqat kecha o‘z o‘yinini o‘tkazib ulgurgan «Barselona»dan ortda bormoqda xolos. 1-turda San-Sebastiandagi durangdan so‘ng qatorasiga 6 uchrashuvda «Jirona» g‘alaba qozondi. Ya’ni oddiy raqiblar emas, «Sevilya», «Vilyarreal» kabi yetakchilar ham safarda mag‘lubiyatga uchratildi. Endi bunga, o‘tgan mavsumda «Jirona» o‘z maydonida «Real»ni 4:2 hisobida yengganini, umuman bu jamoa La Ligaga chiqqanidan buyon to‘rt yil ichida ikki marta madridliklar ustidan g‘alaba qozonganini qo‘shing. Albatta, bu o‘yin Anchelotti shogirdlari uchun oson bo‘lmasligi kelib chiqadi.

Madridliklar uchun yaxshi xabarlardan biri, nihoyat Vinisius safga qaytdi va o‘tgan o‘yinda ikkinchi taymda maydonga tushdi. Bellinhemning sehri tugab borayotgan bir paytda asosiy gol uruvchilardan birining qaytishi yordam beradi. Ammo David Alabaning jarohati hozir kerak emasdi. Himoyachi «Las Palmas»ga qarshi o‘yinning 1-taymida almashtirildi va xabarlarga ko‘ra, kamida ikki hafta maydonga tusha olmaydi. Shuningdek, bu o‘yinda debyut qilishi kutilgan Arda Guler ham navbatdagi jarohatini oldi va madridliklar safidagi ilk o‘yinini yana bir oyga kechiktirdi. «Jirona» safida yo‘qotishlar yo‘q. Agar o‘tgan o‘yinda «Real» darvozasiga 4 gol urgan, ammo hozirda «Latsio»ga ijaraga berib yuborilgan Valentin Kastelyanosni aytmasa...

LeYPsIG – BAVARIYa (30 sentabr, 21:30)

Navbati bilan «Borussiya», «Bayyer» kabi jamoalar «Bavariya»ga chaqiruv tashlab tursalar-da, so‘nggi yillarda aynan «Leypsig» bilan o‘zaro o‘yinlar «Bavariya» uchun jiddiyroq tus olmoqda. Agar alohida o‘yinda myunxenliklarga kim munosib qarshilik qila oladi, deganda ham ko‘proq «Leypsig» xayolga keladi. Bunga sabab jamoaning biroz farqli bo‘lgan o‘ziga xos tizimli o‘yin uslubi bo‘lsa, ikkinchidan, so‘nggi o‘yinlardagi natijalar ham ko‘rsatib turibdi.

Myunxendagi so‘nggi uchrashuvda «Leypsig» 3:1 hisobida ishonchli g‘alabaga erishgani hammaning, ayniqsa, dortmundlik muxlislarning yodida bo‘lsa kerak. Aynan o‘sha mag‘lubiyat «Bavariya»ning chempionlikdan mahrum qilishiga oz qolgandi. Mavsum boshida esa, «redbulchi»lar nihoyat raqibni sovrinsiz qoldirishdi. Superkubok uchun o‘tkazilgan bahs Olmoning het-trigi va «Leypsig»ning yirik g‘alabasi bilan yakunlandi. Bu o‘yindagi g‘alaba esa «Leypsig»ga raqibini quvib o‘tish va hatto Bundesliga peshqadamiga aylanish imkonini taqdim etadi. «Borussiya» kecha g‘alaba qozonib, turnir jadvalida birinchi o‘ringa ko‘tarilib olgan bo‘lsa-da, «Leypsig», «Bavariya», «Shtutgart» va «Bayyer» yo‘qotilgan ochkolar bo‘yicha yaxshiroq ko‘rsatkichga ega.

Afsuski, yuqorida tilga olingan het-trik muallifi bu o‘yinda jamoasiga yordam bera olmaydi. Olmo terma jamoa yig‘inlarida jarohat olgan va yana bir oydan keyin to‘liq formasiga qaytsa kerak. Hujum chizig‘idagi boshqa variant bo‘lmish Timo Vernerning qaytishi ham taxminan o‘sha paytlarga to‘g‘ri keladi. Villi Orban ikki oy yana maydonga tusha olmaydi. «Bavariya» safida esa De Ligt yana tizzasidan jarohat oldi va qisqa muddatga tarkibda bo‘lmaydi. Serj Gnabri kuni kecha o‘tkazilgan kubok o‘yinidan so‘ng qo‘lidan jarohatlanib, ikki oy maydonga tushmaydigan bo‘ldi. 

ReAL SOSeDAD – ATLeTIK (30 sentabr, 23:55)

Bask derbilari ikki yildan buyon nafaqat shunchaki derbi, balkim turnir jadvalida yevrokuboklar o‘rni uchun raqobat, Baskoniyaning asosiy jamoasi nomi uchun jangga aylanib boryapti. Avvallari «Sosedad» imkon qadar barqarorlikka intilar, «Atletik» esa, ayniqsa, peshqadamlarga qarshi munosib tura oladigan, o‘z muhitiga ega bo‘lgan kubok jamoasi edi. Valverde bilbaoliklarni o‘zgartirdi va katta ehtimol bilan hech bo‘lmasa, mavsumning birinchi yarmida hatto YeChL o‘rinlari uchun da’vogarlik qilsa ajab emas. «Real Sosedad» allaqachon YeChL ishtirokchisiga aylandi, bu safar ushbu natijani saqlab qolishga intiladi.

O‘zaro o‘yinlarga kelsak, so‘nggi o‘n yillikda mutlaqo tenglikni kuzatishimiz mumkin. Har ikki tomonda ham 10tadan g‘alaba bor. O‘tgan mavsumdagi bahslarda mezbonlarning qo‘li baland kelgan. Bilbaoda 2:0, Sosedadda esa 3:1 hisobi qayd etilgan. Ikkala jamoa ham bu mavsumda faqat bittadan mag‘lubiyatga uchradi. Qizig‘i, har ikki jamoani ham faqat «Real Madrid» mag‘lub eta oldi. Demak mag‘lub bo‘lishni deyarli bilmayotgan ikki munosib raqib o‘rtasidagi bahs haqiqatan ham derbidan-da qiziqroq bo‘lishi kerak.

«Atletik»ning hujumkor yarimhimoyachisi Oyan Sanset «Xetafe»ga qarshi o‘yinda hakam tomonidan maydondan chetlatilgandi. Diskvalifikatsiya tufayli u maydonga tusha olmaydi. Shuningdek, De Galarettada ham jarohat bo‘lib, kelasi oy oxirigacha sheriklariga yordam bera olmasligi ma’lum bo‘ldi. Mezbonlar esa, yangi transfer Arsen Zaxaryandan foydalana olmasligi taxmin qilinmoqda. Rossiyalik futbolchida virus aniqlangan.

BOShQA O‘YINLAR

30 sentabr. Aston Villa – BRAYTON (16:30), Lechche – NAPOLI (18:00), Bornmut – ARSeNAL (19:00), MYu – Kristal Pelas (19:00), NYuKASL – Byornli (19:00) Vulverhempton – MANCheSTeR SITI (19:00), Klermon – PSJ (20:00), Salernitana – INTeR (23:45)

1 oktyabr. Atalanta – YuVeNTUS (21:00), ROMA – Frozinone (23:45), Monako – Marsel (23:55)

2 oktyabr. Fulhem – CheLSI (23:55).

Ko‘proq yangiliklar: