O‘zbekiston | 19:44 / 25.09.2023
10649
2 daqiqa o‘qiladi

«O‘zbekiston temiryo‘llari»ning nosohaviy aktivlarda ishtiroki qat’iy taqiqlanadi

«O‘zbekiston temiryo‘llari»ni holdingga aylantirish bo‘yicha taklif ma’qullandi. Uning nosohaviy aktivlarini sotish yoki boshqa tarmoqlarga o‘tkazish, sotishdan tushgan mablag‘larni temiryo‘l infratuzilmasini yaxshilashga yo‘naltirish vazifasi qo‘yildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev temiryo‘l sohasini isloh qilish bo‘yicha yig‘ilishda soha oldida turgan ustuvor vazifalarni belgilab berdi.

«O‘zbekiston temiryo‘llari»ni holdingga aylantirib, tizimda zamonaviy boshqaruvni joriy qilish, jumladan, infratuzilma, yuk vagonlari va logistika, yo‘lovchi tashish xizmatlari hamda vokzallar boshqaruvini bir-biridan ajratib, alohida korxonalar tashkil qilish bo‘yicha bildirilgan takliflar ma’qullandi.

Vagonlar parkini yangilashga mo‘ljallangan kredit va kompensatsiya ajratish mexanizmlarini joriy qilish vazifasi qo‘yildi.

Mutasaddilarga temiryo‘l stansiyalari va ular atrofidagi bo‘sh maydonlardan unumli foydalanib, kompleks logistika xizmatlari hamda yirik ishlab chiqarish loyihalarini shakllantirish topshirildi.

Sohada IT auditini o‘tkazib, malakali mutaxassislarni jalb qilgan holda «Yagona darcha» axborot tizimini yaratish zarurligi qayd etildi. Bunda, yuk tashish hujjatlarini elektron rasmiylashtirish, vagonlarga GPS o‘rnatish va onlayn ombor axborot tizimi yo‘lga qo‘yilishi lozim.

«O‘zbekiston temiryo‘llari»ning nosohaviy aktivlarini sotish yoki boshqa tarmoqlarga o‘tkazish, sotishdan tushgan mablag‘larni temiryo‘l infratuzilmasini yaxshilashga yo‘naltirish vazifasi qo‘yildi. Endilikda «O‘TY»ning nosohaviy aktivlarda ishtiroki qat’iy taqiqlanadi. 

Shuningdek, mutasaddilarga barcha temiryo‘l kesishmalarini xatlovdan o‘tkazish va tartibga solishga topshiriq berildi.

Belgilangan chora-tadbirlar ijrosi bo‘yicha «yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqib, uning amalga oshirilishi yuzasidan Prezidentga muntazam axborot kiritib borish vazifasi qo‘yildi.

Mavzuga oid