O‘zbekiston AQShga maktab poyabzallari yetkazib beradi

Jamiyat 15:49 / 20.09.2023 15764

AQShda bo‘lib o‘tayotgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 78-sessiyasi tadbirlarida ishtirok etayotgan Shavkat Mirziyoyev ikki mamlakat o‘rtasida savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, AQSh brendlarini mamlakatimizga jalb etish hamda “Made in Uzbekistan” yorlig‘i ostidagi charm-poyabzal mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha qator kelishuv va shartnomalarni imzoladi.

Xususan, “O‘zcharmsanoat” uyushmasiga a’zo “KFK” brendi ostida mahsulot ishlab chiqaruvchi Andijon viloyatida joylashgan “Classica shoes International” korxonasi hamda AQShning “YNK” kompaniyasi bilan mazkur mamlakatga maktab poyabzallarini yetkazib berish bo‘yicha shartnoma tuzildi.

Ma’lumot uchun: “YNK” kompaniyasi AQSh maktablari uchun 1-sinfdan to 12-sinfgacha bo‘lgan yoshdagi bolalar uchun maktab formalari hamda poyabzallarni yetkazib berish bilan shug‘ullanadi. Kompaniyaning missiyasi o‘quvchilarni sifatli va ishonchli kiyim-kechak hamda poyabzallar bilan ta’minlashdir. Kompaniya 100% paxta va tabiiy charmdan tayyorlangan kiyim-kechak va poyabzallarni xarid qilishi bilan AQSh maktablarining ishonchini oqlagan. Aynan shu sabab, AQSh maktablari mazkur kompaniyaga yiliga katta hajmda buyurtmalar beradi.

O‘zbekiston korxonasi mazkur kompaniya bilan 2024 yil uchun dastlab 35 ming juft poyabzal xarid qilish bo‘yicha eksport shartnomasini imzoladi. Shartnomaning umumiy hajmi qariyb 500 ming AQSh dollarni tashkil etadi. Bu boshlanish albatta, kelgusida AQSh kompaniyasi O‘zbekistondan eksport hajmini yanada kengaytiradi.

Eksport shartnomasiga muvofiq mahalliy korxonamiz 2024 yildan dastlabki mahsulotlarni yetkazib berishni boshlaydi. 

Ko‘proq yangiliklar: