Xitoy o‘tgan hafta AQShga tashrifi chog‘ida Amerikaning Fox News telekanaliga bergan intervyusida Xitoy rahbari Si Jinpingni diktator deb atagan Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbokni keskin tanqid qildi. 18 sentabr, dushanba kuni AFP xabariga ko‘ra, Pekin Berbokning bayonotini «o‘ta bema’nilik, Xitoyning siyosiy qadr-qimmatini jiddiy kamsitish va ochiq siyosiy provokatsiya» deb atadi. Xitoy Tashqi ishlar vazirligi «chuqur norozilik» bildirdi va diplomatik kanallar orqali protest yo‘llashini ta’kidladi.
Berbokning Fox News telekanaliga bergan intervyusida, jumladan, Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi muhokama qilindi. «Agar Putin bu urushda g‘alaba qozonsa, bu Xitoy rahbari Si kabi dunyoning boshqa diktatorlariga ishora bo‘lmasa, boshqa nima bo‘ladi? Shuning uchun Ukraina bu urushda g‘alaba qozonishi kerak», dedi Germaniya Tashqi ishlar vazirligi rahbari.
Germaniya hukumatining Xitoy bo‘yicha strategiyasi
Xitoy Germaniyaning eng yirik savdo sherigi hisoblanadi. Joriy yilning iyul oyida Germaniya hukumati birinchi marta Xitoyga nisbatan strategiyasini e’lon qildi. Hujjatda Berlin o‘z qadriyatlari va manfaatlariga putur yetkazmagan holda Pekin bilan iqtisodiy va siyosiy hamkorlikni qanday kengaytirish niyatida ekani tasvirlangan, deb ta’kidlaydi AFP.
Xususan, Germaniya hukumati muhim sohalarda Xitoyga iqtisodiy qaramlikni kamaytirmoqchi. Annalena Berbok strategiyani taqdim etar ekan, barcha farqlar va xavf-xatarlarga qaramay, Xitoy bilan hamkorlik qilishga chaqirdi. «Biz Xitoy bilan hamkorlik qilmoqchimiz. Chunki bizga Xitoy kerak, lekin Xitoyga ham Yevropa kerak», - deb yozdi u X ijtimoiy tarmog‘ida.