«Paxtakor» o‘zidan 3 karra qimmat raqibga qarshi. O‘zbekiston chempioni OChLdagi yurishini boshlamoqda

Sport 17:44 / 19.09.2023 11854

«Paxtakor» BAA vitse-chempioniga qarshi

Osiyo Chempionlar ligasiga O‘zbekiston chempioni sifatida ishtirok etayotgan «Paxtakor» birinchi turda «Bunyodkor» stadionida BAAning vitse-chempioni «Al-Ayn»ni qabul qiladi. 

OChL tarixida «sherlar» ushbu jamoaga qarshi 4 marta to‘qnash kelgan. 2010 yil Al-Aynda 1:0, Toshkentda 3:2 hisobida g‘alabaga erishilgan. 2015 yil esa Toshkentda raqib 1:0 hisobida zafar quchgan bo‘lsa, mehmonda 1:1 natijasi qayd etilgan. O‘zbek klublaridan faqat «Paxtakor» «Al-Ayn»ni mag‘lub etishning uddasidan chiqqan.

«Al-Ayn» OChL uchun jami 13 nafar legionerni ro‘yxatdan o‘tkazgan. Jamoani niderlandiyalik mutaxassis Alfred Shryoder boshqarmoqda. U so‘nggi yillarda «Barselona»da Ronald Kumanga yordam bergandi.

BAA klubi hozirda mamlakat chempionatida 2-turdan keyin 6 ochko bilan 2-o‘rinda bormoqda. Poytaxt jamoasi esa Superligada 1-o‘rinni egallab turibdi.

Kim qanday holatda?

«Paxtakor» so‘nggi rasmiy o‘yinida 29 avgust kuni Superliga doirasida safarda «Qizilqum»ni mag‘lub etgan – 3:2. «Al-Ayn» esa BAA Liga kubogi doirasida 14 sentabr kuni «Al-Bate»ni mag‘lub etdi – 2:1. 

Fakt

«Al-Ayn» Birlashgan Arab Amirliklarining Osiyo Chempionlar ligasida g‘olib bo‘lgan yagona jamoasi sanaladi. Klub uch marta (2003, 2005, 2016) finalga chiqib, faqat bir marta – 2003 yilda Osiyoda tengsiz bo‘lgan. 

Transfer bahosi: «Al-Ayn» «Paxtakor»dan 3 baravar qimmat

Transfermarkt portalida Toshkent klubining umumiy tarkibi 11,2 million yevro narx bilan OChL-2023/24 yilgi mavsum jamoalari orasida 18-o‘rinda qayd etilgan. Amirlik jamoasi tarkibining umumiy bahosi esa 33,6 million yevro narxni tashkil etib, Al-Ayn shahri klubi turnirning ishtirokchi 40 jamoasi orasida 7-o‘rindan joy olgan. 

«Al-Ayn»ning eng qimmatbaho 3 futbolchisi:

1. Kojo Laba, hujumchi (Togo) – 6 mln yevro

2. Sofian Rahimi, yarimhimoyachi (Marokash) – 5,5 mln yevro

3. Alexandro Romero, yarimhimoyachi (Argentina) – 5 mln yevro 

«Paxtakor»ning eng qimmatbaho 3 futbolchisi:

1. Odil Hamrobekov, yarimhimoyachi – 1 mln yevro

2. Sardor Sobirxo‘jayev, yarimhimoyachi – 900 ming yevro

3. Dostonbek Hamdamov, yarimhimoyachi – 900 ming yevro

Toshkent jamoasining o‘yin uchun tarkibi

«Paxtakor» g‘alaba yoki durangga erishsa qancha mukofot puli oladi?

Osiyo Chempionlar ligasi 2023/24 yilgi mavsum guruh bosqichidagi har bir o‘yindagi g‘alaba va safar xarajatlari uchun OFK tomonidan mablag‘ ajratilgan. Jumladan, Toshkent klubiga g‘alaba uchun OFK tomonidan 50 ming AQSh dollari, durang uchun 10 ming AQSh dollari mukofot tariqasida to‘lanadi. 

«A» guruhi. 1-tur.

19 sentabr (seshanba)

«Paxtakor» - «Al-Ayn» (BAA)

Stadion: «Bunyodkor» stadioni

O‘yin boshlanish vaqti: 19:00

TV-translatsiya: «Sport TV».

Ko‘proq yangiliklar: