Bayden BMT Bosh Assambleyasida Ukrainani qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi

O‘zbekiston 23:08 / 19.09.2023 8072

AQSh prezidenti Jo Bayden BMT Bosh Assambleyasidagi nutqi chog‘ida Rossiyaning Ukrainaga qarshi tajovuziga qarshi chiqishga chaqirdi, shuningdek, bu urush uchun faqat Rossiya javobgar ekanligini ta’kidladi. Uning nutqidan CNN iqtibos keltirdi. 

Baydenning ta’kidlashicha, dunyodagi barcha davlatlar singari Qo‘shma Shtatlar ham urush tugashini istaydi va «bu urush tugashini Ukraina hammadan ko‘proq xohlaydi». 

«Urush uchun faqat Rossiya javobgar. Faqat Rossiya uni darhol tugatishga qodir va faqat Rossiya tinchlik yo‘lida to‘g‘anoq bo‘lib turibdi. Chunki Rossiya tinchlik uchun so‘rayotgan narx - bu Ukrainaning taslim bo‘lishi, Ukraina hududlari va bolalari. Rossiya dunyo charchab qolishiga va Ukrainaga shafqatsizlarcha munosabatda bo‘lishiga yo‘l qo‘yilishiga ishonadi. Lekin men bir savol beraman: agar biz tajovuzkorni tinchlantirish uchun BMT Nizomining asosiy tamoyillaridan voz kechsak, har qanday davlat o‘zini himoyalangandek his qiladimi? Agar biz Ukrainaning parchalanishiga yo‘l qo‘ysak, birorta davlatning mustaqilligi ta’minlanadimi? Javob: yo‘q. Biz kelajakdagi ehtimoliy tajovuzkorlarni tiyib turish uchun hozirdanoq bu tajovuzga qarshi turishimiz kerak», dedi Bayden. 

Uning qo‘shimcha qilishicha, Ukrainani Rossiya bosqinidan himoya qilishda qo‘llab-quvvatlash «nafaqat Ukraina kelajagiga, balki har bir davlatning kelajagiga sarmoyadir». 

Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasi bo‘lib o‘tmoqda. 19 sentabr kuni Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy BMT shtab-kvartirasida nutq so‘zlashi rejalashtirilgan. 

Ko‘proq yangiliklar: