«Orzum olimpiadada medal olish edi» - O‘zbekiston uchun tarixiy natija qayd etgan informatika olimpiadachilari bilan intervyu

O‘zbekiston 11:11 / 18.09.2023 7442

Xalqaro informatika olimpiadasida O‘zbekiston ilk medallarini qo‘lga kiritdi. 11-sinf o‘quvchilari 2 ta bronzaga ega chiqdi. Ulardan biri «Xalqaro informatika olimpiadasida dasturlash va kompyuterdan foydalanishda yaxshi ko‘nikmaga ega bo‘lish yetarli. Shunda ham baland natija qayd etib, bronza, hatto kumushni olish mumkin», deydi. Kun.uz olimpiadada katta natija ko‘rsatgan o‘quvchilarning muvaffaqiyati kaliti, o‘y-xayollari, bu yo‘ldagi mashaqqatlari va kelajakdagi rejalari haqida suhbat tashkil qildi. 

.

Xalqaro informatika olimpiadasi 1989 yildan beri o‘tkazib kelinadi. O‘zbekiston terma jamoasi bu musobaqada juda ko‘p marotaba ishtirok etgan, ammo shu vaqtgacha birorta medal qo‘lga kiritmagandi. 2023 yilgi olimpiadada ko‘rsatkich yangilandi. Andijon shahridagi prezident maktabi hamda Toshkentdagi ixtisoslashtirilgan maktab o‘quvchilari Dilshodbek Xo‘jayev va Dilyorbek Valijonov 2 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi. 

Bu yilgi olimpiada ikkala o‘quvchi uchun ham so‘nggisi edi. Boisi ular maktabni tamomlab, OTMga qabul qilinishi kutilayotgandi. Ikkala o‘quvchi o‘zi uchun maktab yoshidagi so‘nggi olimpiadani medal bilan yakunlashning uddasidan chiqib, o‘zbek informatikasi tarixida yangi sahifa oshishga muvaffaq bo‘ldi.

Kun.uz yosh informatiklar bilan yaqindan tanishish, ularning musobaqaga tayyorgarlik jarayonlari hamda taassurotlari haqida bilish uchun intervyu tashkil etdi.

Olimpiadaga kirib kelish va unga tayyorgarlik 

Dilshodbek Xo‘jayev: 5-6 sinf paytlarim matematika olimpiadalariga qatnashib yurardim. U paytlarda akam ham informatika bo‘yicha xalqaro olimpiadalarda qatnashardi. Akamning o‘zi o‘rganishni kech boshlagan, boshqa davlat ishtirokchilari ancha yoshroq bo‘ladi. Olimpiadaga qancha erta qatnashsa, shuncha ko‘proq va yaxshiroq natija ko‘rsatish mumkin.

Shundan so‘ng meni ham informatikaga yo‘naltira boshlashgan, 6-sinf paytimda informatikani o‘rgana boshlagan bo‘lsam, 7-8-sinf paytlarimdan esa xalqaro olimpiadalarga tayyorlanishni boshlaganman. U vaqtda informatika bo‘yicha O‘zbekistonda medal yo‘q edi, shuning uchun birinchisini o‘zim olaman deb niyat qilganman. 

8-sinfdan boshlab olimpiadalarga qatnashaman. Bu yil to‘rtinchi bor qatnashishim bo‘ldi. Oldingi 3 marta qatnashganimda natija bo‘lmagach, tushkunlikka tushib tashlab ketmoqchi ham bo‘lganman. Kerakmasdir, balki bundan ketarman degan xayol ham o‘tgandi. «Shundoq ham bu bo‘yicha hali ko‘rsatkich qayd etilmagan, balki, boshqalar singari menam tashlab ketarman, shu medalni boshqalr olar», – deganman. Ba’zida haftalab olimpiada haqida o‘ylab yurardim. Bu yil medal olsam, olmasam ham xafa bo‘lmayman deb oxirgi marotaba ishtirok etgandim. 

Olimpiadada ishtirok etadiganlarning jamoasi bor, shular bilan turli kichik musobaqalar tashkil etib, tayyorlanib yuramiz. Bundan tashqari, aprel oyida tayyorgarlik uchun 10 kunlik kurs tashkil qilib berishdi, darsga Kanadadan o‘qituvchi chaqirishdi. Iyul oyida esa Qirg‘izistonda ham shunday darslarda qatnashdik. Bularning ham katta foydasi bo‘ldi.

Xalqaro olimpiadalar juda qiziq o‘tadi. Odatda 7-8 kun davom etsa, eng kam o‘tadigan jarayon musobaqa kunlari hisoblanadi. Musobaqa jarayoni 5 soatdan ikki kun bo‘ladi. Shu 10 soatda masala ishlasak, qolgan vaqtlar boshqa davlat ishtirokchilari bilan tanishamiz, fikr almashamiz. Mana shunday suhbatlar, sayohatlar juda qiziq bo‘ladi. Yil davomida tayyorlanamiz, shuning uchun borganga yarasha yaxshi taassurotlar bilan dam olib kelish ham kerak, deb o‘ylayman. Faqat olimpiada deb odam o‘ziga bosim qilib yubormasligi kerak. 

Dilyorbek Valijonov: Xalqaro informatika olimpiadasi haqida ancha oldin xabar topgandim, lekin o‘zim uncha qiziqmasdim, chunki matematikaga yaqin masalalar bo‘ladi deb bilardim. Matematikani esa yoqtirmas edim. Lekin O‘zbekiston bo‘yicha saralashda qatnashib ko‘rganimdan so‘ng qiziqib qolganman. Bildimki, matematikaga unchalik o‘xshamas ekan, u yerda mantiqiy masalalar bo‘larkan. Boshida olimpiadaga tayyorlanishni unchalik ham jiddiy qabul qilmagandim, ammo kuchli raqobatchilar borligini ko‘rib, men ham ancha o‘rganishim kerakligini tushunib yetdim va kuchliroq tayyorlana boshladim. 

O‘zi aslida dasturlashga karantin vaqtida qiziqib, shuni o‘rganishni boshlagandim. Prezident maktabiga kirganimdan so‘ng olimpiadaga saralash bosqichida testlar emas, haqiqiy dasturlash masalalarni qo‘yishni boshlashgandi. Shundan keyin bunday saralashlarda qatnashdim. 

Olimpiada oldida har kuni tayyorlanib, musobaqalarga qatnashib turdik. Bir hafta qolganda esa dam olish uchun mashg‘ulot va musobaqalarni to‘xtatdik, informatikaga oid hech narsa o‘qimay qo‘ydik. Miyam charchab qolmasligi, olimpiadada «svejiy» bo‘lib qatnashish uchun ham bir hafta oldin informatikaga oid hech narsa o‘qimay qo‘ydim. 

Menimcha, matematikani haqiqatan ham tushunsa, o‘rganayotgan narsasini nimalarga ishlatishni bilsa, bu fan qiyin emas. Xalqaro informatika olimpiadasida dasturlash va kompyuterdan foydalanishda yaxshi ko‘nikmaga ega bo‘lish kifoya. Shunda ham baland natija qayd etib, bronza, hatto kumushni olish mumkin. Informatika qolgan fanlardan ko‘ra, ha, qiyinroq. Chunki bunda, albatta, kompyuter va internetdan qanday foydalanishni yaxshi bilish zarur. Ingliz tilini bilmasa ham qiyin. Qolgan fanlarni o‘rganishda esa nisbatan to‘siqlar kam. «Nimani eksang, shuni o‘rasan», degandek, informatikada ham kompyuterga nima ish buyurilsa, o‘shani qiladi, kichik xato ham qimmatga tushadi. 

Stress bilan o‘tgan 2 kunlik musobaqa va kelgusi rejalar haqida

Xalqaro informatika olimpiadasining nazariy va amaliy qismlari kompyuterlarda amalga oshiriladi. Olimpiada 2 kun davomida 5 soatdan o‘tkaziladi. Qatnashuvchilar yechilgan javobi uchun joyning o‘zida ballarga ega bo‘ladi. Bu jarayon juda qiziq va stressli o‘tadi. Chunki har bir ishtirokchi qancha ball olganini bilgani bilan ro‘yxatda nechanchi o‘rinni qayd etganini ko‘ra olmaydi. Ulardan boshqa hamma buni kuzatib turish imkoniyatiga ega. Ya’ni kimning yutish yo yutmasligi qatnashuvchilardan boshqa hammaga ma’lum bo‘lib turadi. 

Dilshodbek Xo‘jayev: Musobaqada mendan boshqa, hamma: uyimdagilar, do‘stlarim ham nechanchi o‘rinda ketayotganimni ko‘ra oladi. Bu juda qiyin bo‘ladi. Chunki boshqalarga nisbatan qanday ishlayotganingizni bila olmaysiz, zo‘r ishlayapman deb o‘ylanganda, aslida natijalar yomon bo‘lishi mumkin yoki yomon deb o‘ylansa, aksincha, yaxshi chiqishi ham mumkin. Olimpiada vaqtida konsentratsiya bilan ishlash qiyin. 

Musobaqaning birinchi kunida boshidagi 2 soatda juda yomon qatnashganman, nol ball bilan turganman. Ya’ni ishlagan yechimlarim o‘tmagan, umumiy maksimal ball 300 bo‘lardi. Keyin nima bo‘lsa bo‘lar deb boshqa masalalarga o‘tganman. Keyin qarasam, ancha yuqoriga ko‘tarilib qolgan ekanman.

Natijalar jadvaliga qaraganimda xavfli pog‘onalarga tushib qolgan ekanman. Sressli vaziyat bo‘ldi o‘sha payt. Lekin to‘liq natijalar hisoblangach, xavfsiz pog‘onalarga chiqib oldim. 

Olimpiadalar ko‘p bizda. Shulardan qaysindadir omadsiz qatnashib qolsam, umidsiz kayfiyat bo‘lgan, tashlagim kelib qolgan ham ba’zida. Bunday musobaqalarni tashlab, universitet haqida, boshqa rejalar haqida o‘ylashim kerakdir, degan vaqtlar ham bo‘lgan, IELTS, SAT imtihonlariga tayyorlanib ko‘rmoqchi ham bo‘lganman, ammo unday qilmaganman. 

Shu paytgacha orzum olimpiadada medal olish bo‘lgan. Chunki bizda medal yo‘q edi, aytganimdek. O‘zbekiston natijalari ro‘yxatiga rang berishni orzu qilganman. Shu yil amalga oshdi. Endi MIT universitetiga o‘qishga kirmoqchiman. Shu darajaga yetishimda yordam bergan ota-onam, ustozlarim va akamga rahmat aytaman. Ularsiz bu natijalarga erisha olmasdim. 

Dilyorbek Valijonov: Musobaqaning birinchi kunida past o‘rin oldim, bronza bo‘lsa kerak deb o‘yladim, qandaydir sressga tushdim. Lekin chiqib natijalarga qarasam, o‘zim o‘ylagandan ancha baland ball olgan ekanman. Kumush medalga harakat qildim ikkinchi kuni, ammo bronzaligicha qoldi. Dilshodbek ham medalli o‘rindan pastga tushib ketdim deb o‘yladi, lekin oxirda unday bo‘lmadi. 

Bu olimpiadada qatnashishimda maktabdagi o‘qituvchilarim o‘rni katta deb o‘ylayman. Lekin Andijonda, umuman O‘zbekistonda informatikani yaxshi o‘qita olaligan kadrlar juda kam, o‘zim ham bundan juda qiynalganman. Yaxshi mutaxassislarning ko‘pi Toshkentda, shuning uchun onlayn o‘qishimga to‘g‘ri kelgan. 

Informatika o‘qiyotganimda ko‘pincha o‘rganishim qiyin bo‘lib qoladi, yangi masalalar yechimini topolmay qolaman. Ammo ota-onam yaxshi sharoit yaratib, har qanday vaziyatda qo‘llab-quvvatlagani uchun bundan tushkunlikka tushib qolmaganman. 

O‘tgan yili xalqaro olimpiadadan qaytganimdan so‘ng biroz dam oldim o‘qishdan. Yana informatika bilan faol shug‘ullana boshlaganimda oldin o‘rganganlarimni yaxshi qo‘llay boshlaganman. Bilganmanki, o‘sha dam olish menga foyda bergan ekan. 

Muqaddas kitobimiz — Qur’onda ham ilm olish haqida bir nechta oyat bor. Inson bilim olishdan to‘xtab qolmasligi kerak. Ilm olish yaxshi bo‘lgan davlatda rivojlanish bo‘ladi, boshqalardan ustun ham bo‘ladi. Kuchli dasturchilarni ko‘rib, doim ularga havas qilaman va shu darajaga yetishish uchun harakat qilaman. Oktyabr oyi oxirigacha universitetga hujjat topshirmoqchiman, medalim ham yordam bersa kerak bunda. Kelajakda dasturchi muhandis yoki sun’iy intellekt sohasida ketmoqchiman. Asosiy maqsadim — ota-onamni rozi qilish va musulmon dunyosi ilmini rivojlantirish. Bugungi kunim kechagidan, ertangi kunim esa bugungidan yaxshi bo‘lishi kerak, degan shior bilan yashayman. Chet elda o‘qib, O‘zbekistonga qaytib kelmoqchiman. O‘zim o‘rganish paytida o‘qituvchi mutaxassislar kamligidan qiynalganman, shuning uchun bu sohani o‘qitishni rivojlantirmoqchiman.

Eslatib o‘tamiz, 9 sentabr kuni Toshkent shahrida xalqaro fan olimpiadalari g‘olib, sovrindorlarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda g‘olib o‘quvchilar va ularning ustozlari 2 milliard 686 million so‘m pul mukofoti bilan taqdirlandi.

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 2023 yil hisobidan O‘zbekiston 5 ta nufuzli xalqaro fan olimpiadasida qatnashib, 2 ta oltin, 1 ta kumush va 10 ta bronza, jami 13 ta medalni qo‘lga kiritgan. 2026 yilgi Xalqaro informatika olimpiadasiga O‘zbekiston mezbonlik qilishi kutilmoqda.

Dilshoda Shomirzayeva suhbatlashdi. 
Tasvirchi va montaj ustasi Nuriddin Nursaidov.

Ko‘proq yangiliklar: