OKMK Osiyoning ikki karra chempioniga qarshi. Qosimov shogirdlari Benzemani to‘xtata oladimi?

Sport 18:16 / 18.09.2023 8524

OKMK Saudiya chempioniga qarshi

Osiyo Chempionlar ligasi guruh bosqichiga Qatardagi pley-off bahsidagi g‘alaba evaziga yo‘llanma olgan OKMK jamoasi turnirdagi yurishini «Al-Ittihod»ga qarshi o‘tkazadi. Saudiya Arabistonining amaldagi chempioni yozda tarkibini yulduz o‘yinchilar bilan kuchaytirgach, endi nafaqat ichki turnirda, xalqaro maydonda ham jiddiy maqsadlarni ko‘zlamoqda. Jidda shahrida o‘tkaziladigan bugungi o‘yinda Nunu Eshpiritu Santu qo‘l ostida Karim Benzema, Ngolo Kante, Fabino singari futbol yulduzlari OChLdagi debyutini o‘tkazishi kutilmoqda.

Saudiyaning amaldagi chempioni sanalmish ushbu klub hozirda mamlakat chempionatida 6-turdan keyin 15 ochko bilan 2-o‘rinda bormoqda. Olmaliq jamoasi esa Superligada 5-o‘rinni egallab turibdi.

Qayd etish joiz, Mirjalol Qosimov o‘yin oldi matbuot anjumanida jamoasi nomdor raqibdan cho‘chimasligini, «Al-Ittihod» va uning yulduzlarini faqatgina jamoaviy o‘yin evaziga to‘xtatish mumkinligini aytdi.

Kim qanday holatda?

OKMK so‘nggi rasmiy o‘yinida 3 sentabr kuni O‘zbekiston kubogi chorakfinalida «Xorazm»ni mag‘lub etdi – 4:2. «Al-Ittihod» esa Saudiya Pro ligasida 14 sentabr kuni Benzemaning yagona goli evaziga «Al-Ahdud»ni mag‘lub etgan – 1:0. 

Fakt

«Al-Ittihod» klubi Osiyoning ikki karra tengsiz jamoasi sanaladi. Jiddaliklar o‘z tarixlarida uch marta – 2004, 2005 va 2009 yillarda OChL finalida qatnashib, 2004 va 2005 yillarda Osiyo Chempionlar ligasida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan.

Transfer bahosi: «Al-Ittihod» Osiyoning eng qimmatbaho 3-jamoasi

Transfermarkt portalida Olmaliq klubining umumiy tarkibi 6,76 million yevro narx bilan OChL-2023/24 yilgi mavsum jamoalari orasida 30-o‘rinda bo‘lsa, Jidda jamoasi tarkibi umumiy 133,2 million yevro narx bilan 40 jamoa orasida 3-o‘rindan joy olgan.

Foto: Al-Ittihod

«Al-Ittihod»ning eng qimmatbaho 3 futbolchisi:

1. Fabino, yarimhimoyachi (Braziliya) – 42 mln yevro

2. Karim Benzema, hujumchi (Fransiya) – 25 mln yevro

3. Ngolo Kante, yarimhimoyachi (Fransiya) – 15 mln yevro

OKMKning eng qimmatbaho 3 futbolchisi:

1. Xurshid G‘iyosov, yarimhimoyachi – 900 ming yevro

2. Akromjon Komilov, himoyachi – 500 ming yevro

3. Ruben Sanches, hujumchi – 450 ming yevro

OKMK g‘alabaga erishsa qancha mukofot puli oladi?

Osiyo Chempionlar ligasi 2023/24 yilgi mavsum guruh bosqichidagi har bir o‘yindagi g‘alaba va safar xarajatlari uchun OFK tomonidan mablag‘ ajratilgan. Jumladan, Olmaliq klubining safar xarajati uchun 40 ming AQSh dollari ajratilgan bo‘lsa, g‘alaba uchun OFK tomonidan 50 ming AQSh dollari, durang uchun 10 ming AQSh dollari mukofot tariqasida to‘lanadi.

Uchrashuvni qaysi telekanallar namoyish etadi?

Klublarimizning OChLdagi o‘yinlarini O‘zbekistonning qaysi telekanali namoyish etishi hamon rasman ma’lum qilinmagan. Hozirgi paytda «Al-Ittihod» va OKMK ishtirokidagi uchrashuvini arab telekanallaridan tashqari, Tojikistonning «Futbol HD» telekanali (sputnik orqali) jonli efirda namoyish etishini e’lon qilgan.

«S» guruhi. 1-tur.

18 sentabr (dushanba)

«Al-Ittihod» (S.Arabistoni) - OKMK

Stadion: Shahzoda Abdulla o‘yingohi.

O‘yin boshlanish vaqti: 21:00.

Foto: Al-Ittihod

Usmon Ibodov

Ko‘proq yangiliklar: