AQSh 5 amerikalikni ozod qilish evaziga Eronning neft daromadlarini qaytardi 

Jahon 22:49 / 18.09.2023 7696

AQSh Eronning muzlatilgan 6 milliard dollarlik neft daromadlarini qaytardi. Shuningdek, Eronning besh nafar fuqarosiga qo‘yilgan federal ayblovni olib tashladi. Evaziga Eron Amerikaning besh nafar fuqarosini ozod qildi. 

The New York Times xabariga ko‘ra, AQSh Eronga tegishli bo‘lgan va muzlatib qo‘yilgan 6 milliard dollar miqdoridagi neft daromadlarini Janubiy Koreyadan Qatardagi bankka o‘tkazib bergan. 

AQSh prezidenti Jo Bayden yordamchilari so‘zlariga ko‘ra, Eron qat’iy moliyaviy sanksiyalar va nazorat ostida, shu sababli, qaytarilgan mablag‘ni oziq-ovqat, dori-darmon va boshqa gumanitar tovarlardan boshqa narsaga sarflay olmaydi. Ammo ular ushbu kelishuv Eron tomonidan bu tovarlarga sarflayotgan pullarni «ozod qilishi» mumkinligini tan olishadi. 

Bitim shartlari respublikachilarning keskin tanqidiga sabab bo‘lgan, ular Baydenni Eronning butun dunyo bo‘ylab «terrorchilik faoliyatini moliyalashtirishda» yordam berishda ayblagan. Shu bilan birga, Bayden ma’muriyati Eron bilan kelishuv besh amerikalikni ozod qilishning yagona yo‘li ekanini aytgan. 

Kelib chiqishi eronlik bo‘lgan AQSh fuqarolari Eronda asossiz ravishda josuslikda ayblanib, qamoqqa tashlangan edi. Tehron ularni 6 milliard dollarni qaytarish bo‘yicha murakkab jarayon tugaguniga qadar uy qamog‘ida ushlab turdi. 

Avvalroq, AQSh Rossiyada hibsga olingan amerikaliklar – sobiq dengiz askari Pol Uilan va jurnalist Evan Gershkovichni ozod qilish uchun Rossiyaga nisbatan sanksiyalarni yumshatmoqchi ekani haqida xabarlar tarqalgan edi. 

2022 yil aprel oyida Oq uy Rossiyada 2019 yildan beri ushlab turilgan amerikalik Trevor Ridning ozod etilishini ta’minladi. 

 

Ko‘proq yangiliklar: