Isrof bo‘layotgan suv yoxud qahatdan qo‘rqmaydigan qahatliklar

Jamiyat 18:44 / 17.09.2023 62448

Kimdir aynan shu ichimlik suvida sigiriga yumshatib berish uchun somon ivitib qo‘ygan, ba’zi xonadonlarda esa hatto ikki alohida quvurda suv oqib yotibdi. Qishloqni suv bilan ta’minlab berayotgan minoralar, tarmoq quvurlari har joyidan teshilib, suv isrof bo‘lyapti.

Qahat qishlog‘ining Obod, Chilangar, Qardoshlar ko‘chasidagi bir necha xonadonlarga kirib, vaziyatni o‘rgandik. Holat chindan-da achinarli. Yillar davomida ichimlik suvi ariqlarga oqib isrof bo‘lgan va hozir ham isrof bo‘lyapti.

Qishloqning Obod ko‘chasidagi xonadonlardan birida bir emas, ikki quvurdan toza ichimlik suvi oqib yotibdi. Xonadon sohibasi holatni qo‘yilgan “ventil”lar tez orada buzilib qolayotgani bilan izohladi.

“Ichimlik suvini o‘chirish uchun “ventil” o‘rnatilmagan. Sababi bu hovliga yaqinda suv quvuri tordik. Endi esa “ventil” o‘rnatmoqchimiz. Qo‘shnilar ko‘chadagi suv tarmog‘idan uylariga tortib olishgan. Ular motor yordamida suvni tortib olishsa, bizga tushmay qoladi.

Suv isrof bo‘layotganini bilamiz. Boshqalar qatori bizniki ham isrof bo‘lyapti. 20 yildan beri shu suvdan foydalanyapmiz. “Ventil” qo‘yilgan edi, bolalar o‘ynab sindirib qo‘yishdi”, – deydi Obod mahallasi fuqarolaridan biri.

Yana bir xonadonda esa ichimlik suvi somon ustiga oqib yotgani guvohi bo‘ldik. Achinarlisi, tashqari ariqda ichishga yaroqsiz suv bo‘la turib, xonadonda chorva hayvonlariga somonni yumshatib berish uchun aynan toza suvdan foydalanishar ekan.

Qishloq ko‘chalarini oraladik. Ichimlik suvi ariqlarga oqib yotibdi. Eng achinarlisi, aholi holatga befarq. Qaysidir quvurga suv berkitgich umuman qo‘yilmagan, boshqasida bo‘lgani bilan ishdan chiqqan.

Ichimlik suvi bilan ta’minlovchi minora va tarmoq quvurlaridan ham suvlar oqib yotibdi.

Bog‘dod tumani suv ta’minoti ishlab chiqarish bo‘limi muhandisi Davlat Rahmonovdan holat bo‘yicha izoh oldik.

Davlat Rahmonov

“Qahat qishlog‘i aholisi ko‘cha kolonkasidan foydalanadi. Inspektor yetishmasligidan qishloqda suv ta’minoti bo‘yicha nazorat yo‘q. Aholi xonadonlariga suv tarmog‘i tortilgandan keyin ko‘chadagi quvurlarni butunlay uzamiz. Xonadonlarning aksariyatida suv hisoblagich mavjud emas. Borlari ham bazaga kiritilmagan bo‘lishi mumkin.

Tumanda 270 ta quduq bor. Nozoratsiz qoldirganligining asl sababi bo‘limimizda inspektorlar yetishmasligidan. Qishloqqa reyd tadbiri tashkillanganda kelamiz xolos.

Agar suv tarmog‘i xonadon ichkariga tortilmagan bo‘lsa, aholi ko‘cha kolonkasidan foydalanadi. Buning uchun ham aholiga hisobraqam ochiladi. Vazirlar Mahkamasining 194-sonli qaroriga muvofiq, ko‘chadagi suvdan foydalangani uchun kishi boshiga har oy 2 300 so‘mdan to‘lanadi.

Yaqin kunlarda ko‘cha kolonkalarining barchasini uzib, isrofgarchilikning oldini olamiz”, – deydi Davlat Rahmonov.

Qahat qishlog‘ida yashovchi Gulasal Qodirova isrofgarchilik bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirdi.

“Ichimlik suvi global muammoga aylanib boryapti. Dunyoning 70 foizi ichimlik suvdan iborat bo‘lsa, atigi 3 foizigina ichishga yaroqli. Yoshligimdan e’tibor beraman, suvlar isrof bo‘lib ariqlarda oqib yotadi. Bu holat nafaqat Farg‘ona viloyatida, balki boshqa hududlarda ham uchraydi.

Tug‘ilib o‘sgan qishlog‘imda ham toza ichimlik suvi ariqlarda isrof bo‘lib oqar edi. Qahat qishlog‘iga kelin bo‘ldim. Afsuski, bu yerda ham har bir ko‘chada kamida 5-6 ta quvurdan suv behuda oqib isrof bo‘lyapti. Holatni ko‘rib achinib ketaman. Quvurga jo‘mrak o‘rnatish haqida hech kim o‘ylamaydi.

Avlodlarimiz haqini bekorga ariqlarga oqizib yuboryapmiz. Bunday holatlarni to‘xtatish kerak. Yaqin yillarda nafaqat O‘zbekiston, balki butun dunyoda suv taqchilligi boshlanadi. Buning birdan bir yo‘li inson ongi o‘zgarishi kerak. Farzandingiz suvsiz qolishini ko‘z ostingizga keltiring-da. Shunchaki dahshat!”

Sarvar Ziyoyev, Kun.uz

Montaj ustasi: Nuriddin Nursaidov

Ko‘proq yangiliklar: