Yevropa Ittifoqining uchta davlati Ukrainadan g‘alla importiga taqiq kiritdi

Jahon 08:38 / 16.09.2023 6215

Polsha va Vengriyadan keyin Slovakiya yil oxirigacha Ukrainadan g‘alla importiga o‘z embargosini joriy qilmoqda. Bratislava bu qarorni 15 sentabr, juma kuni Yevropa komissiyasi Ukraina qishloq xo‘jaligi mahsulotlari importiga cheklovlarni uzaytirmaganidan keyin qabul qildi.

Slovakiya hukumati o‘z harakatlarini «Slovakiya bozoriga haddan tashqari bosim»ning oldini olish va «mahalliy fermerlar manfaatlarini hisobga olish» istagi bilan izohladi, shuningdek, Polsha va Vengriyaning shunga o‘xshash qarorlariga ishora qildi.

Polsha va Vengriya Ukraina g‘allasining tranzitiga qarshi

Avvalroq Polsha bosh vaziri Mateush Moravetskiy Varshava Ukraina qishloq xo‘jaligi mahsulotlari importiga embargo joriy etishini ma’lum qilgan edi. «Men ular (Yevropa komissiyasi) taqiqni uzaytirishini xohlardim, lekin ular buni qilmadi. Bilasizmi, biz hozir nima qilamiz? Biz ularning kelishmovchiligiga qaramay, Yevropaning roziligi yo‘qligiga qaramay, bu taqiqni uzaytiramiz. Biz Ukraina g‘allasini olib kirishga qo‘yilgan taqiqni uzaytiramiz. Berlin, fon der Lyayyen, Tusk yoki Veberga quloq solmaymiz, chunki bu polshalik fermerning manfaatlariga mos keladi», dedi Polsha hukumati rahbari.

Vengriya hukumati ham xuddi shunday qaror qabul qildi. «Bosh vazir Viktor Orban juma kuni Ukrainadan mol go‘shti, makkajo‘xori, kungaboqar urug‘i va arpa kabi 24 turdagi mahsulotlarni olib kirishni taqiqlovchi farmonni imzoladi», - deya xabar beradi Bloomberg. Bunday chora-tadbirlarning sababi sifatida Ukraina bilan chegaradosh davlatlar hukumati Ukraina g‘allasi importining iqtisodiyotga ta’sirini ko‘rsatmoqda - ularning so‘zlariga ko‘ra, mahsulotlar tranzit uchun mo‘ljallangan bo‘lsa-da, ular mahalliy bozorlarda tugab qolyapti, shu sababli mahalliy fermerlar qiynalyapti. 

Zelenskiy Ukraina g‘allasini olib kirishni taqiqlagan mamlakatlarga «madaniyatli javob» haqida va’da berdi 

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Polsha, Vengriya va Slovakiyaning Ukrainadan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini olib kirish taqiqini uzaytirish haqidagi qarorini tanqid ostiga oldi. «Endi Yevropa birligi ikki tomonlama darajada ishlashi muhim. Qo‘shnilar urush paytida Ukrainani qo‘llab-quvvatlashi kerak. Agar ularning qarorlari Yevropa Ittifoqi qonunlarini buzsa, Ukraina madaniyatli tarzda javob qaytaradi», deyiladi prezidentning Telegram-kanalida e’lon qilingan bayonotda. 

Volodimir Zelenskiy, shuningdek, Yevrokomissiya raisi Ursula fon der Lyayyenga Yevropa Ittifoqining Ukrainadan qo‘shni Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga g‘alla importiga qo‘yilgan cheklovlarni bekor qilish qarori uchun minnatdorchilik bildirdi. «Bu Ukraina va YeI o‘rtasidagi haqiqiy birlik va ishonchning namunasidir. Qoidalar va kelishuvlar amalga oshirilsa, Yevropa har doim g‘alaba qozonadi», deb ta’kidladi Zelenskiy. 

Yevrokomissiya Ukraina g‘allasini Yevropa Ittifoqiga olib kirishga qo‘yilgan embargoni uzaytirmadi 

Avvalroq Yevrokomissiya 15 sentabrgacha amalda bo‘lgan Ukraina g‘allasini olib kirishga qo‘yilgan taqiqni uzaytirishdan bosh tortganini ma’lum qilgandi. YeK maxsus muvofiqlashtiruvchi platforma ishi va joriy yil may oyida joriy etilgan vaqtinchalik chora-tadbirlar tufayli Ukraina g‘allasining besh qo‘shni davlat bozoriga ta’siri yo‘qolganini va Yevropa Ittifoqidan tashqaridagi mamlakatlarga eksportni yo‘lga qo‘yish mumkinligini ta’kidladi. 

Ukraina, shuningdek, qo‘shni mamlakatlarda narxlar oshishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun 30 kun ichida qo‘shimcha chora-tadbirlar, jumladan, eksportni litsenziyalash tizimini joriy etishga rozi bo‘ldi. Bundan tashqari, Kiyev to‘rt toifadagi tovarlar eksportini alohida nazorat qilishi kerak. «Yevropa komissiyasi Ukraina samarali choralar ko‘rayotgan va to‘liq ishlayotgan ekan, har qanday cheklovlarni joriy etishdan tiyiladi», deb ta’kidladi Bryussel. 

Ko‘proq yangiliklar: