Markaziy bank valuta operatsiyalari bo‘yicha qarorini sanksiyaviy komplayens bilan izohladi

Iqtisodiyot 17:49 / 16.09.2023 29646

O‘zbekiston Markaziy banki tadbirkorlik sub’yektlarining valuta ayirboshlashiga doir ayrim cheklovlar yuzasidan izoh berdi. 18 sentabrdan kuchga kirishi ko‘zda tutilgan yangi cheklovlar avvalroq jamoatchilik e’tirozlaridan keyin bekor qilingan edi.

MB izohida aytilishicha, Bank nazorati qo‘mitasi 2023 yil 15 sentabr kuni valuta amaliyotlarni o‘tkazishda shaffoflikni ta’minlash va qonunchilik talablaridan kelib chiqqan holda mazkur operatsiyalar ustidan monitoringni takomillashtirish borasida qaror qabul qilgan.

Qayd etilishicha, so‘nggi kunlarda xorijiy hamkor banklardan O‘zbekistondagi tijorat banklariga valuta operatsiyalari bilan bog‘liq to‘lovlarni amalga oshirishda mijozlarni lozim darajada tekshirish (KYC – Know Your Customer) talablarini kuchaytirish hamda boshqa banklarning pul o‘tkazmalarini amalga oshirishni to‘xtatish yuzasidan murojaatlar kelib tushmoqda.

MB raisi o‘rinbosari Behzod Hamroyev 16 sentabr kungi matbuot anjumanida shu haqda gapirarkan, O‘zbekiston banki o‘z mijozini sanksion komplayens talablari doirasida puxta tekshirganiga xorij banklari ishonmayotgani, natijada tadbirkorlarning to‘lovlari “osilib qolib”, xorijdagi hamkorlarining hisobvaraqlariga tushmayotganini aytdi.

“Shu munosabat bilan hamda valuta operatsiyalari hisobini to‘g‘ri yuritish va ular ustidan zarur monitoring tadbirlarini amalga oshirish maqsadida xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarning chet el valutasini sotib olish operatsiyalari bilan bog‘liq valuta amaliyotlarini asosiy hisobvaraq ochilgan banklar orqali o‘tkazishlari lozimligi belgilangan edi”, – deyiladi regulyator rasmiy axborotida.

Qayd etilishicha, bunday amaliyot hozirda mavjud bo‘lib, kapital harakati bilan bog‘liq valuta operatsiyalari mijozlarning asosiy hisobvaraqlari orqali amalga oshirilishi belgilangan (2536-son, 2013 yil 17 dekabr).

“Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasida valuta operatsiyalarini amalga oshirish qoidalarida (3281-son, 2020 yil 31 avgust) belgilangan talablarga ko‘ra, xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarga xorijiy valutani sotish operatsiyalarini banklarda tashkil etilgan tarkibiy bo‘linmalar (ekspertlik guruhlari) xulosalari asosida amalga oshirilishi ta’kidlandi.

Bank nazorati qo‘mitasining mazkur qarorida xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarning chet el valutasini sotib olish va boshqa valuta operatsiyalari cheklanishi nazarda tutilmagan.

Bundan tashqari, ikkilamchi hisobvaraqlarga xizmat ko‘rsatuvchi banklarda sanksiyalar va komplayens-nazorat qoidalariga amal qilinishini lozim darajada tekshirish imkoniyati chegaralanganligi sababli ushbu qarorga kelingan edi.

Biroq, ommaviy axborot vositalari hamda tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan bildirilgan taklif va e’tirozlarni inobatga olib, xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarning valuta amaliyotlarini asosiy hisobvaraq ochilgan banklar orqali o‘tkazish lozimligi yuzasidan qabul qilingan qaror bekor qilindi”, – deyiladi Markaziy bank xabarida.

Qo‘shimcha qilinishicha, tijorat banklariga ikkilamchi hisobvaraqlar orqali mijozlarga xizmat ko‘rsatishda, komplayens-nazorat bo‘yicha o‘rnatilgan talablar lozim darajada bajarilishi bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berilgan.

Ko‘proq yangiliklar: