Amalga oshmagan valuta cheklovi, budjet taqchilligi va qaytarilgan Captiva-5 - iqtisodiy taymlayn

Iqtisodiyot 19:02 / 16.09.2023 19162

O‘zbekiston tabiiy gaz importini 7 barobarga oshirgani ma’lum bo‘ldi. Natijada budjet xarajatlari 25 foizga oshib, defitsit 6 foizga yaqinlashib qolgan. Energetika sohasida tariflar liberallashtirilyapti. Oltin-valuta zaxiralari ketma-ket beshinchi oy kamaydi. Yakunlanayotgan haftaning iqtisodiy yangiliklari iqtisodiy taymlaynda.

Juma kuni Markaziy bankning bank nazorati qo‘mitasi qabul qilgan qaror konvertatsiyaga cheklov haqidagi shov-shuvni keltirib chiqardi. Qarorga ko‘ra, 18 sentabrdan boshlab yuridik shaxslarning asosiy hisobvarag‘i ochilgan banklardan tashqari boshqa banklarda valuta sotib olishi va boshqa valuta operatsiyalarini amalga oshirishi taqiqlanishi ko‘zda tutilgandi. Shuningdek, banklar va biznesga oid boshqa valuta cheklovlari ham kiritilishi kutilgandi.

Jamoatchilikda katta xavotir bilan qabul qilingan qaror, xayriyatki, ertasi kuniyoq bekor qilindi. Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurodov valuta konvertatsiyasida orqaga qaytish haqida gap bo‘lishi mumkin emasligi, qarordan maqsad konvertatsiyani cheklash emas, komplayens nazoratni kuchaytirish bo‘lganini aytdi. “Falsafada shunday bir qarash bor: jamiyat qabul qilmagan qaror – noto‘g‘ri qaror, u qaysi maqsadga yo‘naltirilgan bo‘lishidan qat’i nazar”, – dedi Mamarizo Nurmurodov.

Budjet xarajatlari chorak martaga oshgan, defitsit salkam 6 foiz

Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2023 yil 1-yarim yilligida budjet ijrosiga oid hisobotni e’lon qildi. E’tiborlisi, joriy yilgi budjet qonunida konsolidatsiyalashgan budjetning yillik defitsiti yalpi ichki mahsulotga nisbatan 3 foizdan oshmasligi ko‘rsatilganiga qaramay, 6 oyda taqchillik 5,7 foizga yetgan. Davlat xarajatlarining daromadlariga qaraganda bu darajada oshib ketishi hatto pandemiya yilida ham kuzatilmagan edi.

Raqamlarga qaralsa, 2023 yilning olti oyida davlat daromadlari 153,8 trln so‘mni, xarajatlari 180,8 trln so‘mni tashkil etib, taqchillik 26,9 trln so‘mga yetgan. Bu defitsit asosan o‘tgan yilgi qoldiq mablag‘lar va qarz olish hisobiga qoplangan.

Yilning birinchi yarmida davlat xarajatlari o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 25 foizga oshib ketgan. Bu o‘tgan davrda xorijdan gaz sotib olish hajmi 7 barobarga oshgani bilan izohlanishi mumkin. Hisobotda keltirilishicha, birinchi yarim yillikda O‘zbekistonda tabiiy gaz qazib chiqarish hajmi 23,6 mlrd kub metrni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 9,6 foizga kamaygan. Gaz importi hajmi 2,6 mlrd kub metrni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 7,2 barobarga oshgan.

Eslatib o‘tamiz, respublika bo‘ylab yanvar oyida anomal sovuq ob-havo kuzatilgan, hukumat buning oqibatlarini yumshatish uchun shoshilinch tabiiy gaz importi bo‘yicha choralar ko‘rishiga to‘g‘ri kelgan edi.

Energetika bozor liberallashtirilyapti

Budjetda katta taqchillikning yuzaga kelgani – davlat tabiiy gazni jahon bozoridagi narxda sotib olib, uni ichki iste’molchilarga arzon narxda sotgani bilan bog‘liq. O‘rtada yuzaga kelgan bir necha trillion so‘mlik farq davlat budjetidan qoplangan. Energetika sohasining to‘laqonli davlat subsidiyasiga “o‘tirib qolgani” qanday oqibatlarga olib kelgani esa qish va yoz fasllarida yaqqol ko‘zga tashlanyapti.

Shu sababli energetikadagi muammolar yechimi uchun zarur bo‘lgan islohot – sohada bozor mexanizmlarini joriy etish maqsadida elektr energiyasi va gaz tariflarini liberallashtirishga tayyorgarlik boshlandi. E’lon qilingan hujjat loyihasiga ko‘ra, yoqilg‘i-energetika resurslarining 2023 yil 1 oktyabrdan kuchga kiradigan narxlari tasdiqlanishi kutilyapti. Avvalroq ma’lum qilinganidek, aholi uchun tariflar o‘zgarishsiz qoladigan bo‘ldi. Aksariyat yuridik shaxslarga esa 1 kubometr tabiiy gaz uchun 1500 so‘m, 1 kWh elektr energiyasi uchun 900 so‘mlik narx belgilanishi taklif etilyapti.

Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudovning jurnalistlar bilan uchrashuvda aytishicha, hozirda 1 kWh elektr energiyasini ishlab chiqarish va yetkazib berish tannarxi 800 so‘mdan oshadi. Lekin tok aholiga 295 so‘m, yuridik shaxslarga 450 so‘mdan sotilyapti. Yetmagan qismiga esa davlat budjetidan subsidiya ajratilyapti. Buning nimasi yomon deyishingiz mumkin, lekin gap shundaki, minglab korxona va tashkilotlar hamda 36 million aholining energiya iste’molini doimiy ravishda subsidiyalab borish uchun budjetning imkoniyatlari cheklangan.

Boz ustiga, faqat subsidiyadan tashqari, boshqa xarajatlar ham bor: yuklamaning ortib borayotgani hisobiga energetika tarmoqlari eskirib, ta’mirtalab holga kelib qolgan. Ularni ta’mirlash uchun esa yana pul kerak.

“Har qanday uskuna 15 yilda kapital ta’mirlanadi, almashtiriladi. Juda bo‘lsa, 25 yil ishlatilish ko‘zda tutilgan. Lekin, bugungi kunda respublikadagi past kuchlanishli tarmoqlarning 37,6 foizidan 40 yildan ortiq muddatdan beri foydalanilmoqda. Bozor iqtisodiyotiga o‘tmoqchi bo‘lsak, tariflar ham liberallashtirilishi kerak. Yo‘qsa, bu sohaga investitsiya ham kelmaydi, modernizatsiya ham bo‘lmaydi, natijada o‘zimiz jabr ko‘ramiz”, — dedi vazir.

Jo‘rabek Mirzamahmudovning aytishicha, aholi uchun tabaqalashtirilgan tariflarga 2024 yil 1 maydan o‘tilishi mumkin.

“Tabaqalashtirilgan tarif deganda belgilangan ijtimoiy normadan ko‘p elektr iste’mol qilayotgan, aytaylik uyida basseyni, saunasi, ko‘plab maishiy texnikalari bor xonadonlar, ya’ni nisbiy olganda boy va o‘ziga to‘q xonadonlar uchun narx oshadi, degani. Hozir aholining 15 foizi oyiga 300 kWh dan ortiq elektr energiyasini iste’mol qiladi. 75 foiz aholining iste’moli esa o‘rtacha 200 kWh dan oshmaydi”, – ta’kidladi Mirzamahmudov.

Energetika tariflari so‘nggi 4 yildan buyon o‘zgarmay kelmoqda. Iqtisodchilarga ko‘ra, tarmoqdagi muammolarni sohada bozor mexanizmlarini joriy etmasdan turib to‘liq hal qilib bo‘lmaydi. Sovetlardan qolgan samarasiz tizimni isloh qilish bir necha yildan beri ortga surib kelayotgan edi.

“Lukoyl” kompaniyasi “SRP” doirasida O‘zbekistonga to‘lagan mablag‘ ochiqlandi

O‘zbekistondagi bir qator gaz konlariga egalik qiluvchi “Lukoil Uzbekistan” kompaniyasi 2023 yilning 1-yarmida mahsulot taqsimoti bitimi doirasida davlatga 103,1 mln dollar to‘lagan. O‘zbekistonda gaz qazib oluvchi korxonaning bunday bitim doirasidagi to‘lovi ilk marta ochiqlanmoqda.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi e’lon qilgan 2023 yil 1-yarmi bo‘yicha davlat budjeti ijrosi hisobotida keltirilishicha, bu mablag‘ milliy valutaga konvertatsiya qilinib, davlat budjeti daromadlariga 1 trln 213,8 mln so‘m o‘tkazilgan.

Vazirlik hisobotida “Lukoyl”dan boshqa kompaniyalar bilan tuzilgan bitimlar bo‘yicha daromadlar ochiqlanmagan.

Rossiyaning “Lukoyl” shirkati bilan tuzilgan qo‘shma korxona O‘zbekistonda 13 ta kondan tabiiy gaz, kondensat va oltingugurt qazib oladi. Mahsulot taqsimoti bitimiga asosan, korxona faoliyatidan olingan foydaning 50 foiziga “Lukoyl”, 50 foiziga davlat egalik qiladi. Shuningdek, qo‘shma korxonada investor sifatida “O‘zbekneftgaz” 10 foiz ulushga ega ekani hisobiga, yakuniy foydaning 55 foizi O‘zbekiston tomoniga, 45 foizi Rossiya tomoniga tegishli bo‘lishi aytilgan.

O‘zbekistonning oltin-valuta zaxiralari ketma-ket beshinchi oy kamaydi

Avgust oyida O‘zbekistonning oltin-valuta zaxiralari qariyb 1 mlrd dollarga, yil boshidan beri esa 3,1 mlrd dollarga kamaydi. Bu tashqi savdo defitsitining oshishi, pul o‘tkazmalarining qisqarishi va milliy valuta kursining qadrsizlanishi fonida ro‘y bermoqda.

Markaziy bank yangilagan ma’lumotlariga ko‘ra, 1 sentabr holatiga, O‘zbekistonning rasmiy zaxiralari 32,7 mlrd dollarni tashkil qildi. Shundan 23,4 mlrd dollarini monetar oltin tashkil etadi.

32,7 mlrd dollarlik zaxira – joriy yil boshidan buyon qayd etilgan minimum ko‘rsatkichdir. Zaxiralar o‘tgan oyga nisbatan deyarli 958 mln dollarga, yil boshidan beri esa 3 mlrd dollarga kamaydi.

Shuningdek, hafta davomida Navoiy-kon metallurgiya kombinati Kitco kompaniyasi tomonidan tuzilgan dunyodagi eng yirik oltin ishlab chiqaruvchi kompaniyalar o‘nligidan joy oldi.

Asosiy stavka – o‘zgarishsiz

O‘zbekiston Markaziy banki asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida saqlab qolishga qaror qildi. Rasmiy bayonotda aytilishicha, bu qaror narxlarga monetar omillar ta’sirining oldini olishga xizmat qiladi.

Regulyatorga ko‘ra, iqtisodiyotdagi inflyatsion jarayonlar biroz sekinlashishiga qaramasdan, ayrim mahsulot guruhlari narxlariga oshiruvchi bosimlar saqlanib qolmoqda. Joriy yilning avgust oyida inflyatsion kutilmalarning ham o‘sishi kuzatilgan.

Markaziy bank biznes sub’yektlari uchun energetika tariflari inflatsiyaga ta’sir qilishini, lekin bu yil uchun belgilangan 8,5–9,5 foizlik koridordan chiqarib yubora olmasligiga ishonch bildirdi. Ayni paytda, aholi va tadbirkorlarning valuta kursi o‘zgarishidan xavotirlari keskin oshgan.

Captiva-5 sotuvi boshlanishi aytildi

Yaqin kunlarda O‘zbekistonda Captiva-5 sotuvlari boshlanishi mumkin. UzAuto rasmiy vakilining Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, ayni paytda sinov jarayoni o‘tkazilmoqda. Narxlarni sotuvlar boshlanishidan oldin e’lon qilish rejalashtirilgan.

Hozirda UzAuto Motors dilerlik markazlaridan faqatgina Onix va Tracker-2 kabi O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan modellar, shuningdek, Malibu-2, Equinox, Traverse, Tahoe-2 kabi import avtomobillariga shartnoma olish mumkin.

UzAuto Motors 2021 yilning kuzida Captiva-5 modeli sotuvini boshlab, shartnomalar tuzgan, lekin ma’lum vaqtdan keyin jarayon to‘xtatilgandi. Bunga sabab sifatida Captiva-5'ning O‘zbekiston iqlimiga to‘g‘ri kelmasligi aytilgandi. O‘sha paytda bu avtomobil 222 mln so‘mdan 310 mln so‘mgacha narxda sotuvga chiqarilishi xabar qilingandi.

Yakunlanayotgan haftada sodir bo‘lgan boshqa iqtisodiy yangiliklar:

·       Shu hafta qabul qilingan “O‘zbekiston-2030” strategiyasiga asosan, kamida 3 ta tijorat bankida islom moliyasi mezon va tartiblari joriy etilishi belgilandi.

·       Qirg‘iziston ko‘mir qazib chiqarishga Xitoy kompaniyalarini jalb qilgan holda, 2024 yildan boshlab O‘zbekistonga ko‘mir yetkazib berishni oshirishni rejalashtirmoqda.

·       Markaziy bank to‘rtta to‘lov tashkiloti – “Ozinterpay”, “Interpay Sys”, “Wooppay uz”, “Venkon group”ning litsenziyasini chaqirib oldi. Regulyatorga ko‘ra, ularning ustav kapitali qonunchilik talablariga muvofiq shakllantirilmagan.

Madina Ochilova tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: