O‘zbekiston | 09:55 / 15.09.2023
8604
6 daqiqa o‘qiladi

Oldimizdan oqqan suvning qadri bo‘lsin - suv resurslaridan oqilona foydalanish muhim vazifaga aylanmoqda

«Oldingdan oqqan suvning qadri yo‘q», deb ota-bobolarimiz bekorga aytishmagan. Suvga e’tibor, undan tejab foydalanish borasida hali ko‘p ishlar qilishimiz kerak. Biroq, suv yildan yilga tanqis ne’mat bo‘lib borayotganini hamma sezib, ko‘rib, bilib turibdi. Demakki, undan oqilona foydalanishgina kelgusida suvning tanqisligining oldini oladi.

Foto: theconversation.com

Xo‘sh, suv resurslaridan oqilona foydalanishni yo‘lga qo‘yish uchun nima qilish kerak?

Mashhur okeanshunos Jak Iv Kusto «Yer — hammamizning umumiy uyimiz, suv esa tanamizning qoni», degan edi. Bilamizki, tomirdagi qon miqdori kamaysa yo tarkibi buzilsa, organizm kasallikka chalinib, og‘ir ahvolga tushadi.

Hozir butun Yer yuzida, xususan, O‘zbekistonda suv resurslariga ehtiyotkorlik bilan yondashish masalasi kun tartibida turibdi. Bu borada mamlakatimizda qator chora-tadbirlar amalga oshirilib, suv resurslari bilan bog‘liq turli ssenariylar ishlab chiqilmoqda.

Global isish natijasida, Tyanshan va Pomir tog‘laridagi abadiy muzliklar hajmi kamayib, qishda kam qor yog‘ishi natijasida 2050 yilga borib Markaziy Osiyo Yer yuzidagi suv eng taqchil bo‘lgan hududlardan biriga aylanishi pronoz qilinmoqda. Tabiiyki, ichimlik suv va sug‘orish uchun daryolarda ham suv kamroq bo‘ladi, ko‘proq yer osti suvlaridan faol foydalanishga o‘tiladi.

Zarafshon daryosi Samarqand, Jizzax, Navoiy va Buxoro viloyatlarini suv bilan ta’minlaydi. Foto: trip-for-the-soul.ru

Ayni paytda O‘zbekistonda markazlashgan ichimlik suvi ta’minotining 67 foizi yerosti suvlari hisobidan amalga oshirilmoqda.

Qayd qilinishicha, 2014 yilga nisbatan 2022 yilda yer ostidan suv olish miqdori respublika bo‘yicha 30 foizga oshgan bo‘lsa, ayrim viloyatlarda bu ko‘rsatkich juda yuqori. Respublika hududida 97 ta yerosti suv koni aniqlangan. Aholi va qishloq xo‘jaligining barcha tarmoqlarida suvga ehtiyoj ortib borayotgani sababli yer ostidan suv olish miqdori keskin oshgan.

Yer osti suv konlaridagi suv zaxiralari ko‘p yillar davomida shakllanadi va ulardagi suv cheklangandir. Mutaxassislar xulosasiga ko‘ra, tasdiqlangan miqdordan ortiqcha suv olish suv sathining pasayib ketishiga va bu zaxiralarning bir necha yil ichida tugashiga olib kelishi mumkin.

Natijada, ichimlik suv manbasi bo‘lgan quduqlar quriydi va katta mablag‘lar hisobiga qurilgan ichimlik suv inshootlari suv bermay qo‘yadi.

Suv resurslarini muhofaza qilish hamda ulardan oqilona foydalanish hayotiy zaruriyatga aylanib bormoqda.

Shu sababli Prezidentning 2022 yil 7 dekabrdagi 439-son qaroriga muvofiq respublikada yer osti suvlaridan foydalanish va quduq burg‘ilash tizimini takomillashtirish, yer osti suv resurslarini muhofaza qilish bo‘yicha nazoratni kuchaytirish, aholi orasida suvdan oqilona foydalanish madaniyatini keng targ‘ib qilish, yer osti suvlarning kamayishi hamda ifloslanishining oldini olish maqsadida tegishli ishlar tashkil qilingan.

Dalalarni sug‘orishda foydalaniladigan artezian quduqlar. Foto: eurekalert.org

Mazkur qaror bilan yer osti suvlari sathi va zaxiralari kamayib ketayotgan 23 ta tumanda quduqlar burg‘ilashga moratoriy joriy etilgan. Moratoriy joriy etilgan tumanlar ushbulardir: Navoiy viloyati Nurota tumani; Samarqand viloyatining Nurobod, Payariq, Ishtixon, Urgut, Qo‘shrabot tumanlari; Jizzax viloyatining Forish, Zomin, Yangiobod, Sharof Rashidov tumanlari; Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi, Ko‘kdala, Koson tumanlari; Namangan viloyatining Kosonsoy, Chortoq, Chust, Yangiqo‘rg‘on tumanlari; Farg‘ona viloyati Beshariq tumani; Andijon viloyatining Jalaquduq, Xo‘jaobod, Paxtaobod, Qo‘rg‘ontepa, Izboskan tumanlari.

Yuqorida ko‘rsatilgan tumanlarda yer osti suvlar sathi 5-15 metr tushib ketgan va ushbu holatni tiklash uchun quyidagi choralarni amalga oshirish zarur:

  • quduqlardagi cho‘kma nasoslarni 5–15 metr chuqurroq tushirish uchun qo‘shimcha suv quvurlarini o‘rnatish;
  • amaldagi nasoslar bosimini 10–15 metr yuqori nasoslarga almashtirish va har bir quduqqa qo‘shimcha 15–30 metr kabellar o‘rnatish;
  • nasoslarni chuqurroq tushirish imkoniyati yo‘q quduqlarni qayta burg‘ilash va jihozlash (gidrogeologik xulosalar asosida) ishlarni amalga oshirish;
  • yer osti suv zaxiralarini saqlab qolish maqsadida, ichimlik suv uzatish inshootlari yaqinidagi sug‘orish va ichimlik suv bilan bog‘liq bo‘lmagan quduqlarni «O‘zbekgidrogeologiya»DUK xulosasi asosida tamponaj qilish (yopish);
  • tog‘-kon va geologiya vazirligi tomonidan suv zaxiralari kamaygan yer osti suv konlarini qayta baholash ishlarini olib borish.

Shu bilan biriga, suvdan foydalanish madaniyatini bolalar orasida targ‘ibot qilish maqsadida 4 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun mo‘ljallangan jurnal o‘zbek («Tomchivoy») va rus («Kapelka») tillarida tayyorlanib, chop etildi.

Respublikadagi umumta’lim maktablarida ichimlik suv iste’molini yanada yaxshilash va suvni asrashni targ‘ib qilish maqsadida ochiq darslar, jumladan «Water time» dasturi tashkil etildi. Bugungi kunga qadar mazkur dasturning 4 ta soni tasvirga olinib ommaga e’lon qilindi.

O‘zbekiston dunyodagi eng qurg‘oqchil mamlakatlardan biridir. Hududimizning katta qismi cho‘l zonasida joylashgan, mamlakatdagi daryo va ko‘llar yirik xalqaro suv omborlari bilan bog‘langan bo‘lib, ulardan boshqa mamlakatlar ham foydalanadi.

Suv resurslariga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lmaslik suv havzalarining kamayib ketishi va ifloslanishiga olib kelishi mumkin, bu esa mamlakatning ekologik holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Ifloslangan suv manbalari inson va hayvonlar salomatligiga tahdid solishi va ekotizimlarni buzishi mumkin.

Shu bois suv resurslaridan unumli foydalanish va uni asrab-avaylash muhim zaruratdir. Aks holda kelajak avlod bu muhim resursdan mahrum bo‘lishi mumkin.

Mavzuga oid