2005 yillardan buyog‘ini bir tahlil qilsak, kontrakt narxlari tartibsiz o‘zgargan, aynan bir qonun-qoidasi yo‘q. 2007 yilda Yuridik universitetda kontrakt birdaniga 2 barobar oshirilganini yaxshi eslayman. 2019 yilda kontraktlar ilk marta eng kam oylik ish haqiga bog‘landi, shunga mutanosib tarzda oshiriladi, deyildi. Va o‘sha yili kontraktlar 18 foizga oshirildi, ammo ish haqi 10 foizga oshgan edi va ko‘pchilik shu miqdorni kutgandi. Rosa to‘polon bo‘lgandi. 2020 yilda o‘zgarmadi, darslar onlayn bo‘lgani uchun chegirma ham qilindi. 2021 yilda esa 10 foizga oshdi va vaksina olganlarga 10 foiz chegirma berishdi. Shundan keyin miqdor oshgani yo‘q.
2019 yilda pedagogika yo‘nalishlarida kontrakt 5 mln 900 ming atrofida bo‘lgan bo‘lsa, hozirda 6 mln 400 mingdan ziyodroq. Farq – 500 ming so‘m atrofida.
Narx ushlab turish ortidan butunlay noto‘g‘ri yo‘lga kirib ketdik. OTMning xarajati va foydasi uchma-uch bo‘lib qolyapti, foyda yo‘q. Davlatdan pul so‘ralsa, qancha sarflayapsan, deydi, 10 so‘m desa, talabadan 6 so‘m olyapsan, qolgan 4 so‘mni beraman, deydi. Foyda yo‘q.
Bunaqada universitet yoki institut qanday rivojlanadi? Biz havas qiladigan, andoza olishga urinayotgan top universitetlar ham foyda evaziga rivojlangan. To‘g‘ri, ular daromadining asosiy qismini kontraktlar emas, ilm bilan bog‘liq, lekin ilmdan foyda qiladigan darajaga chiqib olish uchun ham sarmoya kiritish kerak.
Eng katta xarajat oylik maoshlar bo‘lib, eng katta daromad kontraktlardan bo‘lgandan keyin, albatta, bular bir-biriga bog‘liq. Kontraktlardan tushgan mablag‘ oylik maoshga yo‘naltiriladi. Talabalar 4 yildan beri deyarli bir xil summa to‘layaptimi, o‘qituvchining ham oyligi oshmaydi. Inflatsiya, narx-navo masalasi bor. Talaba uchun yaxshi, lekin o‘qituvchiga yomon. Oxirgi vaqtlarda shaxsan men tanigan o‘nlab ilmli professorlar xususiy oliygohlarga o‘tib ketdi.
Xushnudbek Xudoyberdiyev,
huquqshunos
Yuqoridagi fikrlar Xushnudbek Xudoyberdiyevning Kun.uz saytiga bergan intervyusidan olingan.