Bir kunda 4–5 soat uyqu, singillari uchun ishlayotgan aka va ota-onasi qo‘llagan qiz - Samarqandda talabalar hayoti qanday kechmoqda?

Jamiyat 15:34 / 13.09.2023 36054

«Ota-onam shifokor bo‘lishimni xohlashgan»

Zafarbek Nabiyev Samarqand davlat tibbiyot universiteti 5-bosqich talabasi. U Qashqadaryo viloyati Koson tumanidan kelgan. Uning abituriyentlik davri Toshkentda o‘tgan. Poytaxtda o‘qishga tayyorlangan. Ancha oldin tayyorgarlikni boshlagani uchun darslar bilan muammolar ko‘p bo‘lmagan. Faqat uydan uzoqdaligi uchun ko‘nikishga qiynalgan. Ota-onasi uning shifokor bo‘lishini xohlashgan. Shu sababdan o‘zi ham ular egallagan kasbning davomchisi, yetuk shifokor-mutaxassis bo‘lishni maqsad qilgan va Samarqand davlat tibbiyot universitetiga o‘qishga kirgan. Hozirda davolash ishi yo‘nalishida tahsil olmoqda.

Zafarbek Nabiyev, Samarqand davlat tibbiyot universiteti 5-bosqich talabasi.

— Ko‘pchilik talabalar abituriyentlikdagi bedor tunlar-u, tinimsiz kitob o‘qishlardan so‘ng talabalikni o‘yin-kulgi qiladigan, ichish-chekishni o‘rganadigan fasl deb o‘ylaydi va afsuski, vaqtini shu kabi bekorchi va zararli narsalarga sarf qiladi. Menda ham o‘qishga kirganimning dastlabki vaqtlarida ayni shu narsalarga imkon bo‘lgan. Lekin mening niyatim faqatgina talabalik emas, yuqorida aytganimdek onamning kasbi davomchisi, yetuk mutaxassis bo‘lish. Ayni damda shahardagi ko‘z davolash klinikalarining birida ishlayapman. Haftaning shanba-yakshanba kunlari, ba’zida tushdan keyin bo‘sh vaqtlarim ustozim bilan o‘sha yerda tajriba orttiraman, — deydi Zafarbek.

«Atrofimdagi talabalarning ayrimlari shifokor bo‘lishidan qo‘rqaman»

— Tibbiyot sohasi talabalari yaxshi bilim olishi juda muhim. Buning uchun universitetda deyarli hamma sharoit yaratilgan. Oliygoh talabalaridan talab qilinadigan asosiy narsa — namunali o‘qish. Lekin ba’zilar ular o‘qishi uchun berilgan erkinliklarni boshqacharoq anglaydi, nazdimda. Oramizda superkontrakt asosida talaba bo‘lganlar bor. Shu paytgacha ularning hafsala bilan o‘qiganini ko‘rmadim. Bundan tashqari, atrofimdagi talabalarning ayrimlari shifokor bo‘lishidan qo‘rqaman. Yetarli bilimga ega bo‘lmay turib, diplomning o‘zi bilan kasb egasi bo‘lish mumkin emas. Ular shu soha ichidagi boshqa ishlar bilan shug‘ullangani ma’qul. Aksincha, diplom bo‘lmasa ham kerakli bilimlarni egallagan odam mutaxassis bo‘lishi mumkin, — deydi Zafarbek Nabiyev.

«Odam tanasiga inson emas, obekt sifatida qarashga o‘rgatishadi»

— Bizga hozirda tibbiyot bilan bog‘liq yo‘nalishlar umumiy o‘rgatiladi. Masalan, sud tibbiyoti fanida odam tanasining shikast yetgan joyini sinchkovlik bilan tekshirishimizga to‘g‘ri keladi. Bunday vaziyatlarda ustozlarimiz odam tanasiga inson emas, obekt sifatida qarashga o‘rgatadi. Bu ishimizni professional bajarishga yordam beradi. Biz har qanday holatda ham professional ishlashimiz kerak, aslida. Chunki ishimiz inson hayoti bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liq va hech qanday xato qilishga haqqimiz yo‘q. Istalgan kichik xatomiz kechirilmasligi, yomon oqibatlarga olib kelishi mumkin, — deydi tibbiyot universiteti talabasi.

«Bizning qishloqda o‘qib, oliygoh talabasi bo‘lish deyarli imkonsiz»

Sobirxon Qamariddinov — Samarqand iqtisodiyot va servis instituti 2-bosqich talabasi. Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanidan.

— Chiroqchining eng chekka qishloqlarining biridanman. Onam uy bekasi, otam chet elda ishlaydi, singillarim maktabda o‘qiydi. Bizning qishloqda o‘qib oliygoh talabasi bo‘lish deyarli imkonsiz. Mutaxassislar yo‘q. Sinfdoshlarim Buxoro, Samarqand, Toshkentda tayyorlanib o‘qishga kirdi. Shular qatorida men ham. Maktab davrida pul yig‘ib Toshkentga ketdim. Ikkita repetitorga 400 mingdan 800 ming, 500 ming ijara puli to‘lab 5-6 oy tayyorlandim. Rossiyada ishlaydigan dadamdan pul so‘rash har doim ham oson bo‘lmagan. Ishlay desam faqat o‘qish kerak. Shuning uchun abituriyentlik davrida biroz qiynalganman. Alloh nasib qilgan ekan, mana, o‘qishga kirdim. Avlodimizda oliy ma’lumotlilar bo‘lmagani uchun onam talaba bo‘lishimni judayam orzu qilgan. Onamning orzusini amalga oshirganimdan judayam xursandman, — deydi Sobirxon Qamariddinov.

Sobirxon Qamariddinov — Samarqand iqtisodiyot va servis instituti 2-bosqich talabasi

«Talabaning birinchi ovqati o‘sha mashhur lag‘mon va tuxum»

— Talabalikning birinchi yili qiyin kechdi. Yotoq joy, pul muammosi hamma talabada bo‘lsa kerak. Hozirgi ishimizni topgunimizcha kunlik ishlarda ham ishladik. Uydan pul so‘ramaslikka harakat qildik. Studentning birinchi ovqati o‘sha mashhur tez pishuvchi lag‘mon va tuxum. Biz ham ularga sodiq qoldik. Hozir uyquga to‘ymasligimni aytmasa hammasi yaxshi. Registon maydoniga yaqin joyda muzqaymoq sotaman. Turar joy va oziq-ovqatni ish joyim beradi. Shuning uchun oylik xarajatlarim ko‘p emas. Eng ko‘p kursdoshlar bilan futbol o‘ynashga pul sarflayman. 2,5 million so‘m oylik olaman. 500 ming o‘z xarajatlarimga olib qolsam, 2 million singillarim o‘qishga tayyorgarlik ko‘rishi uchun yuboraman, — deydi Sobirxon.

«Ustoz va talaba o‘rtasidagi statusda juda katta farq bor»

— Qiyinchiliklarga qaramay birinchi, ikkinchi semestr davomida juda yaxshi o‘qidim. Qizil diplom olishni maqsad qilgan edim, afsuski, ustozlar bilan bog‘liq ba’zi «tushunmovchiliklar» sabab bu maqsadim amalga oshmaydigan bo‘ldi.

Meni OTMdagi bitta muammo o‘ylantiradi. Ustoz va talaba o‘rtasidagi statusda juda katta farq bor. Talaba ularga erkin fikrini ayta olmaydi. Agar ustoz bilan qanaqadir mavzu yuzasidan tortishib qolsangiz o‘rtada shaxsiy adovat yuzaga kelishi mumkin. Bunday hollarda sessiyada bahodan umid qilmasangiz ham bo‘ladi. Afsuski, yaqin kursdoshim bilan ham xuddi shu holat yuz berdi. Biz ularning gapini ma’qullashga majburmiz. Rostdan ham to‘g‘ri gapirgani uchun emas, sessiyadan yiqilmasligimiz uchun. Hech kim kontraktga qo‘shimcha yana kredit to‘lashni xohlamaydi-da, — deydi iqtisodiyot va servis instituti talabasi.

«Odam o‘zining komfort zonasidan chiqa olishi kerak»

Farangiz Gulimboyeva — Samarqand davlat chet tillari instituti 3-bosqich talabasi. Xorazm viloyati Yangibozor tumanidan.

— Biz yashaydigan hududda aksariyat ota-onalar farzandining o‘qishiga e’tibor qaratadi. Mening ham ota-onam 11-sinfdan boshlab viloyat markazida o‘qishga tayyorlanishimga ruxsat bergan. Abituriyentlik davrimda deyarli qiyinchiliklar bo‘lmagan, lekin o‘qishga kira olarmikinman degan savolni har kuni o‘zimga berardim. Shu sabab ko‘p stressga ham tushganman. Yakunda baribir oliygoh talabasi bo‘lish baxtiga erishdim. Hozirda xorijiy til va adabiyoti: ingliz tili yo‘nalishida o‘qiyapman, — dedi Farangiz Gulimboyeva.

«Samarqandga birinchi kelgan kunim o‘zimni Marsga tushib qolganday his qilganman».

— Boshqa shahar, boshqacha muhit, yangi kursdoshlar. Albatta, bularga o‘rganishga biroz vaqt ketgan. Lekin hozir hammasi joyida. Turar joy, transport bilan bog‘liq muammolar deyarli yo‘q. Agar menda o‘qish uchun Xorazm, Samarqand yoki Toshkent shaharlaridan birida imkoniyat bo‘lganda ham Samarqand shahrini tanlagan bo‘lardim. Chunki Samarqand yashash va o‘qish uchun Toshkentga nisbatan qulayroq. Xorazm esa o‘zim tug‘ilib-o‘sgan makon. Inson o‘z komfort zonasidan chiqishi va yangi tajribalar qilib ko‘rishi kerak. Shundagina dunyoqarash kengayadi, odamda o‘ziga bo‘lgan ishonch ortadi. Samarqand menga shunday imkoniyatni taqdim etdi, — deydi talaba qiz.

Samarqand davlat chet tillari instituti 3-bosqich talabasi Farangiz Gulimboyeva bilan suhbat jarayonidan.

«Institutimizda o‘qish uchun sharoitlar yetarli»

— Ustozlarimizning bilimi va dars o‘tish metodikasi ham meni qoniqtiradi. O‘ylashimcha, talabalar o‘qishga kirgandan so‘ng o‘zlari dangasa bo‘lib qoladi. O‘zim ham ilk semestrda yangi yilgacha dam olganman.

Chunki abituriyentlik davridagi og‘ir mehnat miyani charchatadi va ma’lum muddatli tanaffusni talab etadi. Afsuski, ayrim talabalar bu tanaffus muddatini yodidan chiqarib qo‘yadi va uzoq davr mobaynida maqsadsiz vaqt o‘tkazadi. Talabalik inson shaxsiy rivojlanishi uchun eng yaxshi va qulay payt. Butun hayotingiz davomida sizga kerak bo‘ladigan bilimlarning asosiy qismini ayni shu davrda olasiz. Kelajakda erishishingiz kerak bo‘lgan maqsadlaringiz va ularga eltadigan yo‘lni ham talabalikdagi harakatlaringiz belgilab beradi, — deydi Farangiz.

«Men uchun 24–25 yosh turmush qurish uchun normal yosh»

— Men yashaydigan hududda ham shunday. Lekin Samarqanddagi ba’zi turmush qurayotgan qizlar yoshi men uchun syurpriz bo‘ldi. O‘ylashimcha, 18 yosh oila qurish uchun juda erta. Qiz bola o‘qishi, dunyoqarashini shakllantirishi kerak. Chunki yoshlarda bu jarayon asosan oliygohda o‘qish asnosida yuz beradi. O‘qimagan qiz oilasida o‘z o‘rniga ega bo‘lmaydi. Kattalar chizib bergan chiziqdan nari chiqa olmaydi. Shu bois Xorazmda o‘qigan va o‘qimagan qizlar orasida ba’zi farqlar bor. Masalan, o‘qigan qizning qalin puli o‘qimagan qiznikidan 10–15 million so‘m ko‘proq bo‘ladi. Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin. Har qanday holatda ham o‘qigan qizlar pallasi og‘irroq tosh bosaveradi. Shuning uchun ota-onalar o‘qish borasida qizlariga cheklov qo‘ymasligi kerak.

Mening ota-onam o‘zlari o‘qigani, dunyoqarashi yaxshiligi, tushungani uchun menga hech qanday cheklov qo‘ymagan. Doim fikrlarimni qo‘llab-quvvatlaydi. Shu sababdan men ham oldimga katta maqsadlar qo‘ya olaman. O‘ylashimcha, insonning yaqinlari qo‘llab tursa farzandlar har qanday ishni bajara oladi. Aksincha, qolipga solingan farzand o‘sha qolipdan chiqishga harakat qiladi va qanaqadir xatoga yo‘l qo‘yishi mumkin. Bu esa uning kelajagiga yomon ta’sir qiladi. Shunday ekan, ota-ona qo‘llab-quvvatlashi farzand uchun juda-juda zarur va bu holat har bir oilada bo‘lishini xohlardim, — deydi chet tillar instituti talabasi Farangiz Gulimboyeva.

Shehroz Jalg‘ashev tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: