Kontraktni sun’iy ushlab turish ta’lim sifatini tushiradimi? Mutaxassislar bilan suhbat

Jamiyat 15:06 / 12.09.2023 54395

O‘zbekistonda bu yil ham talabalarning to‘lov-kontraktlari miqdori oshirilmaydigan bo‘ldi. Kun.uz bu tendensiyadan xavotir bildirayotgan va OTMlarning davlatdan mustaqilligini oshirishga chaqirayotgan jamoatchilik faollari – iqtisodchi Otabek Bakirov va huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev bilan suhbatlashib, bu boradagi mulohazalarini kengroq bayon etishni so‘radi.

— To‘lov-kontrakt miqdorlari oxirgi marta qachon oshirilgan edi?

Xushnudbek Xudoyberdiyev: 2005 yillardan bu yog‘ini bir tahlil qilsak, kontrakt narxlari tartibsiz o‘zgargan, aynan bir qonun-qoidasi yo‘q. 2007 yilda Yuridik universitetda kontrakt birdaniga 2 barobar oshirilganini yaxshi eslayman. 2019 yilda kontraktlar ilk marta eng kam oylik ish haqiga bog‘landi, shunga mutanosib tarzda oshiriladi, deyildi. Va o‘sha yili kontraktlar 18 foizga oshirildi, ammo ish haqi 10 foizga oshgan edi va ko‘pchilik shu miqdorni kutgandi. Rosa to‘polon bo‘lgandi. 2020 yilda o‘zgarmadi, darslar onlayn bo‘lgani uchun chegirma ham qilindi. 2021 yilda esa 10 foizga oshdi va vaksina olganlarga 10 foiz chegirma ham berishdi. Shundan keyin miqdor oshgani yo‘q.

2019 yilda pedagogika yo‘nalishlarida kontrakt 5 mln 900 ming atrofida bo‘lgan bo‘lsa, hozirda 6 mln 400 mingdan ziyodroq. Farq –500 ming so‘m atrofida.

— Otabek aka, siz har qanday sohada narxlarni sun’iy tushirib turish salbiy oqibatlarga olib kelishini aytib kelasiz. Kontrakt narxlarining ushlab turilishi ham shunday oqibatlar keltirib chiqaradimi? Va bular qanday oqibatlar bo‘lishi mumkin?

Otabek Bakirov

Otabek Bakirov: Narxlar sun’iy ushlab turilishi deyishdan oldin aniqlik kiritib o‘tish kerak. Men oliy ta’limda ko‘rsatiladigan xizmatlarni davlat tomonidan tartibga solinishi kerak bo‘lgan xizmatlar qatoriga qo‘shmayman. Oliy ta’limga to‘liq bozor qonuniyatlarida ishlashi mumkin bo‘lgan bozor segmenti deb qaralishi kerak. Oliy ta’limni rivojlantirish strategiyasida ham davlat OTMlariga moliyaviy erkinlik berilishi ko‘zda tutilgan edi. Shuning uchun ham OTM kontraktini davlat tartibga solmasligi kerak deb bilaman. Ammo oxirgi 20-22 yilda shakllangan konsensusga ko‘ra, oliy ta’lim yuqori darajada davlat tomonidan tartibga solinyapti.

Bozordagi narxlar, talab va takliflarga qaralmasdan, uzoq vaqt narx ushlab turilishi o‘sha sohada salbiy holatlarni keltirib chiqaradi. Bu faqat oliy ta’lim bilan bog‘liqmas, barcha sohada shunday. Deylik, jamoat transporti narxi uzoq vaqt ushlab turilsa, sifat pastlaydi yoki shaharda umuman jamoat transporti qolmaydi.

Oliy ta’limdagi asosiy xarajatlardan biri – ish haqi. O‘qituvchi-professorlar, xodimlarni moddiy ta’minlash muammoli bo‘lib qoladi. Moliyaviy erkinlik berilganlarida ham shunday bo‘ladi. Oliy ta’limda ikkinchi ko‘zga ko‘rinmaydigan muammolarga duch kelamiz. Universitetlar faqat kadr yetishtirmaydi, ularda ilmiy izlanishlar, yangiliklar bo‘lishi kerak. E’tibor bersak, ilm bilan shug‘ullanishni istagan yoshlar O‘zbekiston universitetlarida qolishni ma’qul ko‘rmayapti, chet elga ketishyapti. Shu turishda ketadigan bo‘lsak, universitetlarning ilmiy markaz sifatidagi qiyofasi yo‘qoladi. Shuning uchun masalaga atroflicha qarash kerak, bugungi kun masalasini emas, kelajakni ham ko‘rish kerak.

Talabalar uchun kontrakt oshmagani yaxshi va ular haq. Lekin tarozining ikkinchi pallasida moddiy masalalar, ilm-fan kelajagi ham bor. Davlat OTMlarining moliyaviy ahvoli haqida ochiq ma’lumotlarga ega bo‘lganimizda, yanada aniqroq fikrlar ayta olgan bo‘lardik.

Xushnudbek Xudoyberdiyev

Xushnudbek Xudoyberdiyev: Bir narsa ko‘pchilikni chalg‘itadi. Ya’ni yil yakunlarida OTMning qancha foyda, qancha zarar bilan chiqqani aytiladi. Foydaga chiqqanlarida katta summa ko‘rsatiladi, bular asosan super kontraktlar hisobiga bo‘lyapti. Bozor talab qilayotgan moddiy imkoniyat superkontraktchilar hisobidan qoplanyapti. Xo‘p, OTMda shuncha joy bor ekan, o‘qita olar ekan, nega o‘shalarni arzonroq, lekin bozor talabidagi narxda o‘qitmayapti? Bunaqa narx ushlab turish ortidan butunlay noto‘g‘ri yo‘lga kirib ketdik. OTMning xarajati va foydasi uchma-uch bo‘lib qolyapti, foyda yo‘q. Davlatdan pul so‘ralsa, qancha sarflayapsan, deydi, 10 so‘m desa, talabadan 6 so‘m olyapsan, qolgan 4 so‘mni beraman, deydi. Foyda yo‘q, bunda qanday rivojlanadi? Biz havas qiladigan, andoza olishga urinayotgan top universitetlar ham foyda evaziga rivojlangan.

Yana bir narsa. G‘arbdagi universitetlarning asosiy daromadi kontraktdan emas, ilmdan bo‘ladi. Ilmdan foyda ko‘radigan darajaga chiqish uchun esa sarmoya kiritish kerak, bizning muammo ayni shu yerda. Bizning universitetlarda mablag‘ yo‘q, natijada ular bir nuqtadan siljimayapti. Rivojlangan universitetlar talaba kontraktiga qarab qolmagan. Superkontraktlarga qaram bo‘lib qoldik, ular bo‘lmasa, pul ham yo‘q.

Otabek Bakirov: Noto‘g‘ri rag‘bat va noto‘g‘ri signallar mavjud. Universitetlar yuqori ko‘rsatkichli talabalar uchun emas, pastroq natijali talabalar uchun raqobat qilyapti, chunki ular ko‘proq daromad keltiradi. O‘qishga kirish oson, bitirish qiyin bo‘lsin, degan prinsip ilgari surilyapti, lekin OTM superkontraktlarga qaram bo‘lib boryapti. Bu esa oliy ta’limga investitsiyani kamaytiradi.

Bizda 1 mln 200 ming talabani qamrab olgan katta oliy ta’lim bozori bor. Bu tarzda sun’iy narxni ushlab turish investorlar uchun noto‘g‘ri signal bo‘ladi.

Davlat OTMdagi professor-o‘qituvchilar xususiy sektorga o‘ta boshlaydi. Nosog‘lom raqobat yuzaga keladi. Rivojlanish tizimini izdan chiqarib yubordi bu.

— Tibbiyot oliygohlarida superkontraktni yo‘qotish kerakligi aytib kelinadi. Lekin ularda shu mablag‘ga qaramlik borligini aytgansiz. Shu haqida ham gaplashsak.

Otabek Bakirov: Cifatga ta’sir qilishi tibbiyot oliygohlarida yaqqol ko‘rinib qolyapti. Lekin bu barcha sohalarga taalluqli. Oliy ta’lim vazirligi 3 yildan beri bu narsa bekor qilinadi, vaqtinchalik, faqat OTM moddiy-texnik bazasini yaxshilash uchun, deydi. Sog‘liqni saqlash vazirligi ham ko‘p takrorladi, lekin bu xohishlar amaliyotga ko‘chmayapti. Chunki o‘zimizni o‘zimiz garovga olib, qopqonga tushirib qo‘yganmiz. Shu tarzda ishlar ketaversa, bu qopqondan yaqin orada chiqib bo‘lmaydi.

— Narxlarning sun’iy ushlab turilishi eng avvalo professor-o‘qituvchilar maoshi, rag‘batlantirilishiga ta’sir ko‘rsatishi aytilyapti. Davlat OTMlarida kontrakt va o‘qituvchilar maoshi o‘rtasida qandya bog‘liqlik bor?

Xushnudbek Xudoyberdiyev: OTMning xarajatlari va daromadi bor, asosiy xarajat – oylik maoshlar. Ayniqsa, yaxshi professor-o‘qituvchilarni ushlab turish qiyin, shuning uchun ko‘p haq to‘lanadi ularga. 30 mln so‘mgacha maosh oladigan professorlar bor. Oxirgi yillarda xususiy universitetlar raqobat qila boshladi. Shaxsan o‘zim taniydigan eng yaxshi professor-o‘qituvchilar xususiy universitetlarga o‘tib ketgan. Ilm bilan shug‘ullanishga imkoniyat bor, byurokratiya yo‘q.

Eng katta xarajat oylik maoshlar bo‘lib, eng katta daromad kontraktlardan bo‘lgandan keyin, albatta, bir-biriga bog‘liq. Kontraktlardan tushgan mablag‘ oylik maoshga yo‘naltiriladi. Talabalar 4 yildan beri bir xil summa to‘layaptimi, o‘qituvchining ham oyligi oshmaydi. Inflatsiya, narx-navo masalasi bor. Talaba uchun yaxshi, lekin o‘qituvchiga yomon.

— Otabek aka, tarmoqdagi sahifangizda yana bir argumentni ilgari surgansiz, ya’ni kontrakt oshmagani uchun stipendiyalar ham oshmayapti. Natijada, talabalar oladigan stipendiya minimal iste’mol xarajatlaridan ham past bo‘lib qoldi. Shu fikrlarni aniqroq tushuntirsangiz.

— Adashmasam, oxirgi marta 2021 yilda stipendiyalar oshdi. Stipendiyali kontrakt misolida oladigan bo‘lsak, o‘qituvchilar oyligidan keyingi o‘rindagi xarajat stipendiyalar bo‘ladi. Stipendiya oshishi oliy ta’limdagi xarajatlarni oshiradi, bu esa kontraktlarni oshiradi, ular bir-biriga uzviy bog‘liq. 2023 yilda minimal iste’mol xarajatlari 568 ming deb e’lon qilingan bo‘lsa, talabalar stipendiyasi 518 ming so‘m atrofida va minimal iste’mol xarajatlaridan kam bo‘lib qolyapti. Qilingan noto‘g‘ri harakatlarimiz natijasida talabalarimizni ham kambag‘allar safiga qo‘shib qo‘ydik. Talaba faqat stipendiya hisobiga yashamaydi-ku, degan argument – juda zaif argument. Agar biz kambag‘allikka qarshi siyosatimizni uzviy davom ettirmoqchi bo‘lsak, uning ichida talabalar stipendiyasi ham turishi kerak.

Universitetlarning moliyaviy mustaqilligi kamayib borishi, mustaqil tijoriy qarorlar qabul qilmaslik yo‘lidan yurishi ularni davlat organlariga qaram qilib boradi. Davlat organlari uchun esa ta’lim sifatidan ko‘ra nazorat va shakl ahamiyatliroq. Bu esa o‘z-o‘zidan forma, davomat kabilarni yuqori darajaga ko‘taradi. OTM qaysidir davlat idorasiga qaram bo‘lsa, o‘sha idoraning aralashuvi bo‘laveradi.

  • To‘liq intervyuni Kun.uz'ning YouTube sahifasida (yuqoridagi video) tomosha qiling.

Madina Ochilova suhbatlashdi.
Operator – Mirvohid Mirrahimov
Montajchi – Abduqodir To‘lqinov

Ko‘proq yangiliklar: