«Birinchi ishimga 10 ming so‘m olgandim» – kopiraytingdan yaxshigina daromad topayotgan «dekret»dagi o‘qituvchi

O‘zbekiston 17:30 / 11.09.2023 41594

Tug‘uruq ta’tili – ayollar hayotidagi eng muhim va mas’uliyatli, anchayin mashaqqatli davr hisoblanadi. Doimiy jamiyat orasida bo‘lgan inson bu paytda bola parvarishi uchun jamiyatdan uziladi. Asli kasbi o‘qituvchi bo‘lgan, turli loyihalarda faol bo‘lgan E’zozxon Ismatova birinchi farzandi uchun olgan tug‘uruq ta’tilida kopiraytingni o‘rganib, shu sohada faoliyat boshladi. Hozir uyda o‘tirib, ham ikki bola parvarishi bilan band bo‘lib, ham masofadan ishlab, ko‘pchilik havas qiladigan miqdorda daromad topadi. 

«Birinchi daromadimni 3-sinfda topganman»

O‘qituvchilar sulolasidanman. Bobolarim, buvim, ammalarim, tog‘alarim, xolalarim, yangalarim ham o‘qituvchi. Dadam, onam ham shu kasb egasi bo‘lganlaridan xonadonimizda o‘zgacha muhit hukm surardi. Hammaning savodi Alifbedan chiqsa, meniki 4-5 yosh orasida buvim doim o‘qib boradigan «Bekajon» gazetasidan chiqqan. Shu-shu hikoya, maqola o‘qishga mehrim uyg‘ongan.

Hatto bog‘cha paytidan buvim adabiy tilda gapirishimga ahamiyat bergan. Bobom esa shaxsiy kutubxonalaridan o‘qishim uchun kitoblar tanlab berardi. Esimda, sinfdoshlarimga ular hali «Sariq devni minib»ni bo‘lak-bo‘lak qilib o‘qib yurgan bir paytda Erkin A’zamning «Bayramdan boshqa kunlar» asari asosida ochiq dars o‘tib berganman.

Ha, qonimda borligi uchun dars berishga qiziqardim. Sinfdoshlarim va parallel sinflarga ustozlardan 1 soatdan so‘rab, dars o‘tib yurardim. Shuningdek, yozishgayam muhabbatim baland edi. Matematika-ku, doim hamrohim bo‘lgan. 

Lekin bilasizmi, shuncha qiziqishlarim ichida tadbirkorlikka ham joy bor edi. Birinchi daromadimni 3-sinfga o‘tganimda qilganman. Matematika, ona tili kitoblaridagi qoidalarni kompyuterda terib, kitobcha shaklida chiqarib, qoida daftar qilib sotganman. Daftarga jild chiqarib pullaganman. Referatlar, ijodiy ishlar... Kichik sinfligimdan boshlab o‘z jamg‘armam bo‘lgan. Biroq bunga meni hech kim majbur qilmagan. Aksincha, ota-onam qo‘llab-quvvatlagan, xohishlarim «qanotini qayirishmagan». Chunki o‘qishim a’lo darajada edi-da.

Litseyda aniq fanlar yo‘nalishida o‘qishni boshladim. «Bankda ishlayman!» deb niyat qilardim... Ammo 1-kursligimda kuchli ruhiy travma oldim-u, matematikadan qiynala boshladim. Miyam to‘xtab qolganday, hech nimani o‘ylagim kelmasdi.

Keyin Navoiy davlat pedagogika institutining ingliz tili va adabiyoti yo‘nalishiga grant asosida qabul qilindim. OTM menga shaxsiy rivojlanish uchun katta eshiklar ochdi. Tanlovlar, sammitlar, anjumanlar, simpoziumlar... Va shu qatorda yana o‘sha qadrdon mashg‘ulotlarim ham qolib ketmadi. Institutda o‘qirkanman, hamma ishim rejali, tartibli edi — repetitorlik qilardim, tarjima bilan shug‘ullanardim, buyurtmaga ovoz yozardim, kompyuterdan hujjatlar, har xil kreativ kalendarlar chiqarib, «tikib» sotardim, Telegramʼda guruh ochib, yuritib, buyurtma olib, savdo qilardim. 2016-2017 yillar edi chamamda, birinchi marta qo‘limga maoshim uchun dollar olganman. 

Yangi hayotning boshlanishi

2-kursni yakunlab unashtirildim. 3-kursni tugatib esa turmushga chiqdim. 4-kursda o‘qish bilan barobar maktabda ish boshladim. Orada karantin boshlandi, ketidan farzandli bo‘ldim. Ana endi chinakamiga depressiyaga tushib qoldim... Shuncha ish bilan band bo‘lib yurgan inson tindim-qoldim... O‘zimni xuddi jamiyatdan uzilib qolganday, farzandimdan boshqa hech kimga kerak emasday his qildim. Aslida bu barcha onalarda kuzatiladigan holat ekan. Lekin men buni bilmaganman.

Shu davrda yaqin dugonam bilan bilan maslahatlashib, SMM kursida o‘qishga qaror qildim. Oxirgi stipendiyam tushgandi, o‘sha pulga yana biroz qo‘shib, SMM bo‘yicha o‘qidim. Bunda menga qaynonam va katta qaynonam yordam berdi. Dars vaqtlari bolamga qarab turishdi. Hatto ovqatimni yonimgacha olib kirib berishdi. 

Kursni yakunlagach kopirayting sohasida ketishga qat’iy ahd qildim! Bir necha oydan keyin esa birinchi buyurtmamni oldim. Hayratlanarli summaga — 10 ming so‘mga!

Bu summa shashtimni pasaytirmadi. Aksincha, chaqalog‘imga qaynona buvijonimning qarashayotgani qo‘l kelib, bir necha joyga baravar ishga kirib oldim. Professional jamoalarda ish boshladim. Odatda, ular bilan reja asosida ishlardik. Men bir haftalik yo bir oylik rejani oldindan olar, loyihani o‘rganib chiqardim. Tushgacha bir ishxonamni, tushda bolamni uxlatib yana bir ishxonamni, tushdan keyin uchinchi ishxonamni, uxlashdan oldin to‘rtinchi ishxonamning rejasini oldindan bajarib, matnlarini yozib qo‘yardim. Beshinchi ishxonamning buyurtmalarini esa imkon qadar oy boshida yozib tugatar edim.

Hammasiga ulgurish, barcha ishxonamning maoshlarini birlashtirib, yaxshigina summaga aylantirish menga zavq berardi. Depressiyani esa allaqachon unutgandim.

Mana, hozir 4 yilga yaqin vaqt o‘tgan bo‘lsa, jismoniy mehnatim anchagina kamaygan, qiymatim, qadrim oshib, maoshim ham yaxshigina ko‘tarilgan.

Vazifalarim, bajarishim kerak bo‘lgan yumushlarni ahamiyat darajasiga qarab rejalashtiraman. Masalan, hozir birlamchi qilishim kerak bo‘lgan ish nima? Qaysi birini sal keyinroq bajarsam bo‘ladi? Shunga qarab ketma-ketlikni shakllantiraman.

Hammasiga qanday ulguraman?

Mening yana bir katta yutug‘im — qaynona buvim. Dekretdaligimda nafaqat kopirayting bilan band bo‘ldim, balki magistraturani ham tugatdim. Shartnoma pulini kopiraytingdan keladigan daromadim orqali bemalol o‘zim to‘ladim deb faxrlanib ayta olaman. Bu orada yana bir farzandli bo‘ldim. Mana shu paytda menga eng katta yordamni buvim berdi. Ishlaganimda bolalarimni sayr qildirgan, o‘qishga ketganimda o‘zlari sut berib, uxlatgan, band bo‘lganimda kichkintoylarimga g‘amxo‘rlik qilgan ular bo‘ladi. Asosiysi, charchagan kezlarimda «eplaysiz, kuchingiz yetadi» deb ruhlantirib turganlar.

Boshida bolalarimga yetarlicha e’tibor qarata olmayapman, deb o‘ylaganman. Lekin keyinchalik hammasini tartibga solib olganman. Reja bilan ishlashni o‘rganganman. Qaytanga, kasbim barakali kelib, katta qizimni turmush o‘rtog‘im bilan birgalikda shahardagi eng yaxshi bog‘chaga joylashtirdik. Ikki nafar bo‘lishgach, yanayam mas’uliyatni his qilib, ularga barcha kerakli sharoitlarni yaratishga harakat qildik, qilyapmiz.

Tartib bilan ishlasangiz, bolaga ham vaqt ajratasiz, ro‘zg‘orga ham ulgurasiz. Kichkintoylaringizga ham depressiyada qovrilayotgan, asabiy, ro‘zg‘ordan boshi chiqmaydigan, nuqul «nima ovqat qilay?» deydigan onadan ko‘ra kayfiyati joyida bo‘lgan, asabi tinch ona kerak.

«Dekret»ni qanday o‘tkazish kerak?

Odatda, biz tug‘uruq ta’tili nima ekanini tushunmaymiz. Faqat bola va ro‘zg‘or bilan band bo‘lib qolamiz. Keyin siqilganimizda apil-tapil nimadir bilan band bo‘lishga intilamiz. Farzand tug‘ilgach bizni kutadigan ruhiy, jismoniy o‘zgarishlar haqida esa zig‘ircha ham tasavvurimiz bo‘lmaydi!

Aksariyat hollarda fikr-u xayolimiz avvalgi hayotimizga qaytishda bo‘ladi. Bola ham katta bo‘laversa, bizam odatdagi hayotda yashayversak... E yo‘q. Men shunga amin bo‘ldimki, manaman degan ayol ham tug‘uruqdan so‘ng depressiyaga tushadi. Bu tabiiy. «Dekret» — jamiyatdan nisbatan uzilib qolish ham bunga ta’sir ko‘rsatadi. 

Bunday paytda kerakli mutaxassislardan maslahat olib, atrofda shu holatdan muvaffaqiyatli o‘tgan ayollar tajribasini o‘rganib, hissiyotga berilmay, aql bilan mulohaza qilsak, hammasi osonlashadi. Biz ayollar esa hissiyotga juda beriluvchanmiz.

Men bularni oldin bilmaganman. Katta qizimni dunyoga keltirgach, depressiyadan 8 oy aziyat chekkanman. Ikkinchi qizim tug‘ilganda 3 oyga ham bormay bu holatdan chiqib ketdim. 

Boshqa «dekret»dagi ayollar ham kopirayting bilan shug‘ullansa bo‘ladimi?

Imloviy savodxonlik — kopirayterda bo‘lishi shart bo‘lgan jihat. Undan so‘ng so‘zni yaxshi ko‘rish kerak. Chunki biz kopirayter sifatida marketing sohasida faoliyat yuritamiz. So‘zlarimiz, uning ma’nosi, mazmun-mohiyati orqali kimnidir nimadir xarid qilishga undaymiz, harakatni amalga oshirishga chaqiramiz. Buni shunchaki ko‘ngilga kelgan gaplarni yozish bilan, qalbi xohlaganini qog‘ozga to‘kish bilan ifodalab bo‘lmaydi. Shuning uchun sohaga kirayotganda bularni o‘rganishga tayyor bo‘lish kerak. Fe’lni keng qo‘yish, so‘rab o‘rganishdan orlanmaslik zarur. 

«Yana 2 yil «dekret»daman»

Davlat ishiga qaytish hozircha oxirgi rejamda desa ham bo‘ladi. Hozir uchinchi «dekret» arafasidaman. Kichkina farzandimni dunyoga keltirgach, yana 2 yilcha «uyda o‘tirish» niyatim bor. Bu degani shaxsiy rivojlanish ustida ishlashga yana 2 yil erkli vaqtim bor. 

Kopiraytingdan dars ham o‘taman. Shu kunga qadar 400 dan ortiq kishini o‘qitganman. Hozir esa sohadan kattaroq daromad qilish mumkin bo‘lgan yo‘nalishlar, instrumentlar haqida kurs dasturini ishlab chiqyapman. 

Bir shiorim bor: har qanday qobiliyat daromad keltirishi kerak!

Jamiyatimizda ayollar hissiy tomondan siqilmasin, o‘rtanmasin. Depressiyani yomonlik emas, ijobiy transportatsiya deb qabul qilsin. «Tizim» unga ta’kidlayotgan «nosozlik»ni anglab, ustida ishlasin. Moliyaviy erkin bo‘lsin. Hatto turmush o‘rtog‘i keragidan ortiq ta’minlab qo‘ygan ayolning ham har doim, har doim, har doim suyangan puli, zaxirasi bo‘lsin. 

Zilola G‘aybullayeva suhbatlashdi

Ko‘proq yangiliklar: