Arzon sayohat: Gurjistondan Turkiyaga 7 ming so‘m evaziga yetib olish bo‘yicha tavsiya

Jahon 18:43 / 11.09.2023 16245

Gurjistonga sayohat qiluvchi yurtdoshlarimiz soni yildan yilga oshib boryapti. U yerdagi qulay iqlim, dengiz, tabiat va unchalik qimmat bo‘lmagan narxlar va bu davlatning Turkiya bilan chegaradosh ekanligi – ayni muddao. “Arzon sayohat” ruknimiz orqali qanday qilib bir samolyot chiptasi bilan ikki davlatga arzon safar qilish mumkinligi haqidagi tavsiyalar bilan bo‘lishamiz.

Agar Batumiga kelib qolsangiz, albatta, Turkiyaga ham safar qiling. Buning uchun, avvalo, aviasales.uz sayti yoki ilovasi orqali Tbilisi, yo bo‘lmasa Batumiga Toshkentdan to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslarga chipta sotib olasiz. Biryo‘la shu ilovaning o‘zidan cho‘ntakbop mehmonxonalarni band qilib, evaziga 5 foizli keshbekni ham qo‘lga kiritasiz. Qolganini esa biz sizga tushuntiramiz.

Batumida dam olib zerikkanda shahardan har 5-6 daqiqa interval bilan Sarpi chegara punktiga qatnovchi marshrutlarga chiqasiz. 20 kmcha uzoqlikdagi Turkiya chegarasiga 1,5 lari, ya’ni taxminan, 7000 so‘m evaziga Qora dengiz yoqalab yetib olasiz.

Cho‘ntagingizdagi larini liraga aylantirib olish uchun chegarada sizga o‘nlab valuta ayirboshlash shoxobchalari xizmat ko‘rsatadi. Undan so‘ng dengizni tomosha qila-qila o‘tkazuv punktida yo‘l olasiz.

Aytishlaricha, Batumi aholisi ham hatto bozorlik qilib kelish uchun Turkiyaga o‘tib-qaytib turishar ekan. Ikki davlat ham turizmga ixtisoslashgani bois chegara punktidan o‘tuvchilarning pasportlariga ortiqcha ovoragarchilik va savollarsiz muhr qo‘yib berishadi.

Yarim soat o‘tar-o‘tmas chegara terminali orqali Turkiyaga o‘tib oldik. Endi qayerga borishni o‘zingiz tanlayverasiz: 117 kmdagi Rize viloyatigami, 194 km uzoqlikdagi Trabzongami yoki 1250 chaqirimda joylashgan Istanbulgami – chegaradan qatnovchi avtobuslar xizmatingizga shay.

Biz uzoq bo‘lsa-da, Istanbulni tanladik. Avtobusda 35 AQSh dollari evaziga 22 soatlik yo‘lchilik. Chegaradan Turkiya poytaxtigacha bo‘lgan yo‘lni Qora dengiz bo‘ylab yurib o‘tasiz. Ham hamyonbop xizmatlar, ham go‘zal manzaralar.

Arzon sayohatlarimizga sherik bo‘ling. O‘ylaymizki, maslahatlarimiz sizlar uchun foydali bo‘ldi. Fikrlaringiz uchun izohlarimiz ochiq. Safaringiz bexatar bo‘lsin! 

Sardorbek Usmoniy
Gruziya-Turkiya

Ko‘proq yangiliklar: