“Uxlasam ham miyamga g‘oyalar kelaveradi” – maxsus bilimsiz uskunalar yasaydigan buxorolik usta hikoyasi

Jamiyat 11:30 / 10.09.2023 38306

Maktabni bitirib, paxta zavodida ishchi bo‘lgan Hakim O‘rinov maxsus bilimga ega emas, lekin qishloqlarda odamlarning og‘irini yengil qiladigan – o‘rikning danagini ayiradigan, gilam yuvadigan, don mahsulotlarini yorma qiladigan qurilmalarni yasaydi. Uning ukasi ilmiy izlanuvchi, aka-ukalar birgalikda danak chaqadigan uskuna ustida ishlayapti.

Hakim O‘rinov Buxoro viloyati, Shofirkon tumani, Hovlipoyon qishlog‘ida yashaydi, “eski bozor”dan materiallar sotib olib, turli uskunalar yasaydi. Ular qishloqdagi kundalik yumushlarni bajarishda qo‘l keladi. Qizig‘i, qahramonimiz bunday narsalarni maxsus bilimlarsiz yasab keladi.

“Maktabni bitirib, 1994 yil paxta tozalash zavodiga ishga kirganman. 14 yildan beri ikkinchi guruh nogironiman. Qandli diabet bilan og‘riganman. Miyamda ko‘p g‘oyalar bor, ular "fleshka"larga sig‘masa ham kerak. Ammo imkoniyatlarim cheklangan, mablag‘ yetmaydi.

Hakim O‘rinov

Birinchi marta suv chiqaradigan nasos yasaganman, undan keyin paxta tozalaydigan uskuna. 8 metr chuqurlikdan suv olib chiqadigan nasoslarim ham bor. Kimga nasos kerak bo‘lsa, mendan so‘rab keladi, qo‘limdan kelgancha xalqqa yordam beraman”, – deydi Hakimjon O‘rinov.

U meva va sabzavotlarning sharbatini siqib chiqaradigan apparat ham yasagan.

“Motordan boshqa hamma narsa qo‘lda yasalgan, bundan faxrlanaman. Hamma narsaning sharbatini chiqarib, urug‘i va po‘chog‘ini ajratadi. Bunday uskuna bizga Xitoydan keladi, men o‘zim yasaganman. 10 minutda 15 kilogramm mahsulotni qayta ishlaydi”.

Hakim akaning yana bir uskunasi briket ishlab chiqaradi. Uning aralashtirgichlari qo‘lda tayyorlangan. Toshko‘mir qumini briket qilib chiqaradi – qotirib, presslab beradi.

“Ayrim uskunalar ustida yillab ishlayman. Masalan, shlakoblok apparatimni yasashga 6 oy sarfladim. Don mahsulotlarini yorma qilib beradigan uskunam ham bor, makkajo‘xori kabi mahsulotlarni ezib beradi. Blender, gilam yuvadigan moslama ham yasaganman. Buning uchun tayyor cho‘tkalardan foydalanganman”.

Qahramonimiz moslamalar uchun kerakli materiallarni eski bozordan sotib oladi.

“Kunim ishsiz o‘tmaydi, o‘zimni o‘zim band qilganman. Anchasini sotganman zaruriyat bo‘lganda; masalan, suv nasoslarini, o‘rikni danagidan ajratadigan moslamani ham sotganman. 8,5-9 metrdan suv tortadigan moslamani Rossiya motoriga nasos o‘rnatib tayyorlaganman”.

o‘rikni danagidan ajratadigan moslama

Uning turmush o‘rtog‘i Muhabbat Yarasheva qishloq vrachlik punktida ishlaydi. Ular turmush mashaqqatlarida bir-biriga suyanadi. Muhabbat opa Hakim akaning ishlariga yordam beradi, qo‘llab-quvvatlaydi.

“Orzularim xo‘jayinim bilan farzandlarimizning rohatini ko‘rib, huzur va halovatda yashash. Turmush o‘rtog‘im uzoq yillardan beri kasal bo‘lsalar ham turli uskunalar yasaydi. Shular bilan odamlarga foyda tegsa deyman. Ko‘p narsa yasay oladilar, ammo mablag‘ masalasi muammo. Stanogi bo‘lishini orzu qiladi, agar shu bo‘lsa, ko‘p narsa yasayman deydilar”, – deydi Muhabbat Yarasheva. 

Ularning 4 qizi bor: Maftuna, Manora, Gulchiroy va O‘g‘iloy.

“Baxtliman, 4 nafar qizim bor. Qizlarim o‘g‘ildan ham yaxshi qaraydi, har 6 oyda davolanaman. O‘zim davolanishni cho‘zib yursam ham, eng kichkina qizim majburlab shifoxonaga yotqizadi. O‘g‘ildan ham yaxshi qaraydi. Kichik qizim O‘g‘iloy – talaba. Sambo bo‘yicha O‘zbekiston chempioni. Yutuqlari,medallari bor. O‘g‘lim yo‘qligidan afsuslanmayman, o‘g‘ildan ham yaxshiroq qizlarim bor”, – deydi Hakim aka.

Oilaning asosiy daromadi nafaqa pullari va Muhabbat opaning oyligidan. Hakim aka esa odamlarning elektropayvand ishlarini qilib pul topib turadi.

“Shu xalq bor ekan, och qolmaymiz. Muhimi qiyin bosqichlar ortda qoldi, 4 qizni ulg‘aytirib, uyli-joyli qilish… Men kasalga chalinganimda ayolim yugurdi. Qizlarimiz kontrakt bilan o‘qigan paytlar bo‘ldi, 2 nafar qizim kontrakt bilan birdaniga o‘qidi, ko‘p qiynaldik va endi yaxshi kunlarga yetib keldik”, – deydi qahramonimiz.

Hakim O‘rinovning ukasi Sherali O‘rinov texnika universitetida o‘qituvchi. Aka-uka birga yangi stanok yasayapti.

“U danakni chaqadigan uskuna bo‘ladi. Men o‘zim yasagan uskunalarning chizmasini chiza olmayman, men aytib turaman, o‘zi chizdi. Uning chizmalari Toshkentgacha bordi. Danak chaqadigan yangi ixtiro bo‘ladi.

To‘g‘risini aytsam, uxlasam ham kechasi miyam ishlab turadi. Faqat yangilik qilgim keladi, nimadirlar yaratgim keladi. Faqat g‘oya kelaveradi. O‘zbekistonda bo‘lmagan boshqacha turdagi suv nasosi g‘oyasi bor, endi yasayman. Fermerlarga juda qulay bo‘ladi”, – deydi Hakim aka. 

Hamma narsam yetarli, sog‘lig‘im bor, shuning o‘zi yetadi, deydi qahramonimiz. Hakim aka ayoli bilan birga Makkaga borishni orzu qiladi.

Madina Ochilova tayyorladi.
Montajchi – Abdusalim Abduvohidov

Ko‘proq yangiliklar: