Yangilangan kengash tarkibiga turli bank, korxona va tashkilotlar rahbarlari, shuningdek, ko‘plab biznes vakillari kiritildi.
Savdo-sanoat palatasining ma’lum qilishicha, kengash tarkibi 20 nafar biznes vakili, 2 nafar bank raisi, tashkilotlarning 6 nafar rahbari va turli korxonalarning 2 nafar xodimidan tashkil topgan.
Jamoatchilik kengashining yangi tarkibi kuchaygan hamda a’zolar soni 22 kishidan 30 nafargacha oshirilgan. Yangi tarkibning yana bir yutug‘i sifatida unga turli sohaning tajribali biznesmenlari qamrab olinganini ko‘rsatish mumkin – ro‘yxatdan mehmonxona tizimidan tortib, qurilish materiallari ishlab chiqaradigan korxona rahbarlarigacha o‘rin olgan.
Kengash tarkibiga qo‘shilgan tadbirkorlar orasida tadbirkor va jamoatchilik faoli sifatida tanilgan Hasan Mamasaidov, Zafar Hoshimov, Anna Dobrix, Jamshid Ismatullayev, Yuliy Yusupov kabi ijtimoiy faol insonlarga ega kengash tarkibi Prezident bilan yelkama-yelka tura oladi va soha rivojiga munosib hissa qo‘shadi.
Endilikda yangilangan kengash ish strukturasi o‘zgarishi, davlat idoralar bilan aloqa qilganida tadbirkorlar manfaatini birinchi o‘ringa qo‘yishi aniq.
Kengashning asosiy maqsadi – tadbirkorlik faoliyatiga aralashuvlarni qisqartirish, sohadagi tartib-taomillarni soddalashtirishdan iborat.
Jamoatchilik kengashining asosiy vazifalari etib esa quyidagilar belgilangan:
- tadbirkorlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga daxl qiluvchi eng muhim masalalar yuzasidan jamoatchilik fikrini tizimli monitoring qilish va har tomonlama tahlil qilish, ijtimoiy so‘rovlar o‘tkazadi;
- tadbirkorlikni rivojlantirishga to‘siq va g‘ov bo‘layotgan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqadi hamda vakolatli davlat organlariga taqdim etadi;
- shuningdek, tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini tadbirkorlarga yetkazish, ularning huquqiy madaniyatini oshirish va iqtisodiy ko‘nikmalarini shakllantirishga ko‘maklashadi.
Eslatib o‘tamiz, Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha jamoat kengashi davlat rahbarining 2022 yilda tadbirkorlar bilan bo‘lib o‘tgan ochiq muloqotida bildirgan taklifidan so‘ng tashkil qilingan edi.