Iyul oylarida Erdo‘g‘an Rossiya-Ukraina o‘rtasida tutgan muvozanatini buzib, Ukraina manfaatlari uchun uchta katta qadam tashlagan edi. Turkiya prezidenti Ukraina NATOga qo‘shilishini so‘zsiz qo‘lladi; Shvetsiyani NATOga kirishi uchun o‘z vetosini olib, rozilik bildirdi; o‘tgan yil sentabrida esa urush oxiriga qadar Turkiyada qolishi kerak bo‘lgan «Azov» polki qo‘mondonlarini Ukrainaga qaytargandi.
Putin nazarida, Erdo‘g‘an “kelishuvlarni buzib, g‘arbga sotildi”. Keyingi yillarda shakllangan geosiyosiy tafakkurga ko‘ra, Putin va Erdo‘g‘anni birlashtiradigan muhim nuqta – ko‘pqutbli geosiyosiy e’tiqod edi. Ya’ni dunyo ko‘p qutbli bo‘lishi kerak, Vashingtonning muqobillari albatta bo‘lishi kerak, kollektiv g‘arbning global monopoliyasi barham topishi kerak...
Biroq, yaqinda bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozongan Erdo‘g‘an, iqtisodiy va boshqa manfaatlarni o‘ylab, Bryussel va Vashington tomon jiddiy yaqinlashdi. Bu Moskvani, tabiiyki, qattiq norozi qildi.
Lekin Turkiya diplomatiyasi Rossiya bilan ishlashda davom etmoqda. O‘tgan hafta Turkiya tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan Moskvada bo‘lib, rossiyalik hamkasbi Sergey Lavrov bilan muzokaralar olib bordi. Turkiya Rossiyani g‘alla kelishuviga qaytarmoqchi. Rossiya ham Turkiya va g‘arb davlatlariga o‘zining ba’zi shartlarini qo‘ygan.
Putin Turkiyaga kelishdan bosh tortar ekan, Erdo‘g‘anning o‘zi Sochiga borishga tayyor. Shu fonda, Ukraina o‘zining mudofaa vazirini almashtirmoqda. O‘zbekistonda tug‘ilib, Ukrainaga ko‘chib ketgan asli qrimtatar Rustam Umerov Zelenskiy tomonidan yangi mudofaa vaziri bo‘lish uchun nomzod sifatida ko‘rsatilgan.
Endi Ukraina parlamenti tasdiqlasa, Umerov mudofa vaziri bo‘ladi. Bu bilan, Ukraina qrimtatarlarga alohida e’tibor bermoqda. Bu ayniqsa Turkiyaga jiddiy ta’sir qilishi kerak. Chunki Turkiyada qrimtatarlarini Qrim turklari deyishadi.
Turkiy shaxs Ukraina mudofaa vaziri etib tayinlanishi, Turkiya, dunyo turkiylari, musulmon dunyosi tomonidan bu urushga munosabatni ma’lum darajada o‘zgartiradi. Bu eng avvalo Turkiyaga mujda hisoblanadi: “Rossiya bosqiniga qarshi turkiy/musulmon vazir boshiligida urush olib bormoqdamiz, bizni yanada kuchliroq qo‘llab-quvvatlang!” deyishmoqchidek.
Kamoliddin Rabbimov,
siyosiy tahlilchi