Ayriliq bo‘sag‘asidagi egizaklar

Jamiyat 11:22 / 01.09.2023 29786

Qiziltepalik Sherali Shodiyev 15 yildirki Rossiyada mehnat qilib, yilda bir uyiga keladi. Turmush o‘rtog‘i Mohidil Razzoqova esa xususiy va davlat shifoxonalarida hamshira bo‘lib ishlaydi.

Yoshligida oliy ma’lumotli bo‘lishni orzu qilgan ota sharoit va imkon yo‘qligi tufayli bu niyatiga erisha olmagan. Shu sababli farzandlarini ilmli qilish uning uchun asosiy maqsadiga aylangan.

O‘zi olisda bo‘lsa-da, farzandlari ta’lim-tarbiyasiga alohida e’tibor qaratgan Sherali Shodiyev maqsadiga yetishdi: qizlari Fotima va Zuhra ishonchini oqlab, davlat granti asosida o‘qishga qabul qilindi. Ularning bu natijasiga erishishida asosiy mas’uliyat oila bekasi Mohidil Razzoqovaga tushdi.Ham ikki joyda ishlab, ham farzandlar tarbiyasini to‘liq nazoratga olish ona uchun oson bo‘lmagan.

20 yildan beri Qiziltepa tumani ko‘p tarmoqli poliklinikasida hamda xususiy klinikada hamshira bo‘lib ishlayman. Turmush o‘rtog‘im 15 yildan beri Rossiyaga qatnaydi. 4 nafar farzandim bor. Turmush o‘rtog‘im chetda ekanligi sababli ularning tarbiyasidagi mas’uliyat ko‘pincha mening zimmamda bo‘ladi. Albatta, bu juda og‘ir va qiyin: ham ota, ham ona rolini bajaraman.

Farzandlarimni o‘zimdan uzoqlashtirmay, bo‘lar-bo‘lmas ko‘chaga chiqarib yubormasdan, hamma narsani o‘z holicha tushuntirib borishga harakat qilganman. To‘g‘ri, qiyinchiliklar ham bo‘lgan. Ularni yengib o‘tishda qizlarim ham yordam bergan. Ayniqsa egizak qizlarim ko‘nglimga qaraydi, tushunishadi. Maktabda ham o‘qituvchilaridan biror marta ular haqida negativ fikr eshitmaganman. Mana, ikkalasi ham o‘zlari tanlagan yo‘nalishda talaba bo‘ldi. Shukur, bugun ana shu mas’uliyatning, mehnatlarimizning samarasini ko‘ryapmiz.

Baribir ota-ona farzandining qiziqishlariga e’tibor qaratishi, o‘zining orzu-havasi uchun ularning kelajagini yo‘qqa chiqarmasligi kerak. Qizlarimning qiziqishlariga quloq tutganman, o‘z talabimni qo‘ymaganman.

Turmush o‘rtog‘im qizlarimning tarbiyasida ancha qattiqqo‘l. Olisda bo‘lsa ham, har kuni gaplashib, nazorat qilib turadi. Farzand tarbiyasida otaning roli muhim, albatta” deydi Mohidil Razzoqova.

Fotima va Zuhra bir-biriga ikki tomchi suvday o‘xshaydi. Ammo qiziqishlari har xil.

O‘zbekiston madaniyat va san’at institutiga davlat granti asosida o‘qishga qabul qilindim. Madaniyat sohasiga bo‘lgan qiziqishim shu yo‘nalishdan ketishga undadi.

Zuhra mening yarmim: doim birga yurganmiz, birga maktabga borganmiz, uy ishlarini birga bajarganmiz. Unga juda o‘rganib qolganman. Undan ayrilishim biroz ko‘nglimni xira qilyapti. Sababi, u Buxoroda, men Toshkent shahrida o‘qiymiz. Rosa sog‘insam kerak. Qiyofamiz juda o‘xshash bo‘lgani bilan fe’l-atvorimiz, qiziqishlarimiz biroz farqli. Shuning uchun tanlagan yo‘nalishlarimiz ham har xil bo‘lib qoldi.

Dadam bizni o‘qitish uchun vatandan tashqarida mehnat qilyapti. Yoshliklarida o‘zlarining o‘qishga sharoiti bo‘lmagan. Bizning ilmli bo‘lishimizni, oliygohlarda o‘qishimizni juda istagan. Dadamning mehrini, qo‘llab-quvvatlovini doim his qilib turaman”, deydi Fotima.

Zuhra esa ko‘proq insonlar bilan ishlashni yoqtiradi. Shu sababli, Buxoro davlat pedagogika institutiga o‘qishga kirgan.

Men esa psixologiyaga qiziqaman. Insonlarning ruhiyati bilan ishlash doim qiziqarli tuyulgan men uchun. Shuning uchun kelajagimni mazkur sohada ko‘rdim.

Hozirgi kunda insonlar ruhiyatida o‘zgarishlar ancha kuchli: kichik bir muammo tufayli ham odamlar, ayniqsa ayollar tushkunlikka tushib qoladi. Ijtimoiy tarmoqlarda ruhiy holati barqaror bo‘lmagan xotin-qizlarimiz o‘ziga va atrofdagi yaqinlari, hatto bolalariga qanchalik zarar yetkazayotgani haqidagi voqealarga ko‘p guvoh bo‘lyapmiz. Bu kabi holatlar jamiyatga ham salbiy ta’sirini o‘tkazishi mumkin. Ularni mana shu tushkunlikdan olib chiqish, hayotga bo‘lgan qiziqishlarini oshirishni maqsad qilganman.

Dadam chet elda. Onamning yolg‘iz o‘ziga oson bo‘lmaganligini tushunaman. O‘qishga tayyorgarlik jarayonida uy ishlariga ulgurmay qolgan vaqtlarimiz ko‘p bo‘lgan. Onam hatto shunday vaziyatlarda ham o‘zi ikki joyda ishlagan holda bizni qo‘llab-quvvatlabkelgan. Yagona maqsadim ota-onamning ishonchini oqlash, biz uchun qilgan, qilayotgan mehnatlarini qadrlashdir”, deydi Zuhra.

Fotima va Zuhraning ta’lim-tarbiyasida buvisi Muhabbat Razzoqovaning ham roli katta. O‘qituvchilikdan nafaqaga chiqqan buvi har paytdan maktabga borib, nabiralarining fanlardan o‘zlashtirishini nazorat qilib turgan.

Sanoqli kunlardan so‘ng Fotima poytaxtga, Zuhra esa Buxoro shahriga yo‘l oladi. 18 yil birga, qo‘l ushlashib ulg‘aygan egizaklar bu ayriliq sog‘inchli bo‘lsa-da, ilm olish yo‘lidagi harakatlarini davom ettirishlarini, oliy ta’limning keyingi bosqichlarida ham o‘qish niyatlari borligini bildirishdi.

Ruslan Saburov,
Kun.uz

Ko‘proq yangiliklar: