«Mungli ko‘zlar» – qing‘ir ishlar uchun «badal» bo‘lgan bolalar fojiasi

Jamiyat 12:59 / 30.08.2023 14711

Nega aynan bola? Bolalarning ko‘zi o‘zgachami? Ha, o‘zgacha. Bola ko‘ziga beg‘uborlik, betashvishlik yarashadi. Lekin Xudoyberdi To‘xtaboyevning «Mungli ko‘zlar» asari qahramonlarining ko‘zlarida esa butun olam tashvishlarini ko‘ramiz.

To‘g‘ri yo‘l tomon bormoqchi bo‘lgan, ammo oqibatda oilasi parokandaligiga sababchi bo‘lganidan azobdagi Akbar, jigarlaridan birin-ketin ajrayotgan, nimadir qilishga urinayotgan-u, ammo uddasidan chiqolmayotgan jabrdiyda Zafar, yoshligiga, g‘o‘rligiga borib qurbon bo‘lgan Zufar, hali onaning etagidan ajramagan, ajraganda esa ayriliqqa chidolmagan qizaloq Nigora — bular ham bola edi, beg‘ubor edi. Bularning ko‘zlari hamisha porlab turardi. Bu porlash bir kechada so‘ndi. So‘nishiga sabab bo‘lgan omillar: boylikka ruju qo‘yish, oddiy turmushdan chekinish. 

Syujyet:

Asar bosh qahramon Zafar tilidan hikoya qilingan bo‘lib, u ota-onasi bilan faxrlanib yurar, ularga o‘xshashni juda istardi. Oilaning to‘ng‘ich farzandi Akbar esa nogiron bo‘lsa-da, ularning bu ishlari uzoqqa bormasligini bilardi. Qaysarlik qilib ovqat yemas, oyisi olib bergan kiyimlarni ham kiymasdi. Akbar qalbi butun bola edi. Chunki u to‘g‘riso‘zlikni, halollikni muallimi Atoullo Isayevichdan o‘rgangan, kitoblarga cheksiz mehr qo‘ygandi. Akbarning kitobga qiziqishini ko‘rib, ota-onasi ustidan kular, kitob odamni jinni qilishini ta’kidlardi.

Akbar oilasidagi muhitni umuman qabul qilolmasdi. Chunki ustozi Akbarga halol mehnat qilish gashtini ko‘rsatib bergandi. Qizig‘i, Akbar ham, Zafar ham ota-onalarini birdek yaxshi ko‘rardi. Faqat Akbar otasining poraxo‘r, onasining esa chayqovchi ekanini sira ham hazm qilolmasdi. Akbar bir kun kelib bu ishlarning oqibati fojiali bo‘lishidan qo‘rqib yashaydi. Oqibatda o‘zi ham yaxshi anglamagan holda, ya’ni ularni xavfdan ogohlantirish maqsadida ota-onasining ustidan yuqoriga yozib yuboradi. Akbar oilasiga yomonlikni zig‘ircha bo‘lsa ham ravo ko‘rmasdi. U shunchaki o‘z haqiqatini anglatmoqchi edi. Ammo fojia ustiga fojia yuz berdi. Onasi vafot etdi, otasi esa uzoq muddatga ozodlikdan mahrum qilindi… 

Keskin o‘zgarishlar bolalar ruhiyatiga jiddiy zarba berdi. Ayniqsa, Akbar ko‘p qiynalardi, o‘zini aybdor kabi his qilardi. Uning yagona istagi oila muhitini o‘zgartirish, ota-onasini halol yashashga majbur etish edi. Ammo hammasi boshqa o‘zanga burilib ketdi. Bolalar ruhi cho‘kdi. Nigora og‘ir xastalikka yo‘liqdi. Zufar esa kibrga berilib, xatosi tufayli fojiali halok bo‘ldi. 

To‘g‘ri, Zafarga ham bu voqealar ta’sir qildi. Ammo u o‘zgara boshladi. U garchand boy bo‘lishmasa ham Atoullo muallim xonadonida xotirjamlikni, bir muddat ammasinikida yashaganida u yerda halol mehnat qilish gashtini ko‘rdi. Uni nohaq bo‘lsa-da bir muddat axloq tuzatish koloniyasiga yuborishdi. U koloniyada achchiq qismat egalarining taqdirini ko‘rdi, xulosalar chiqardi, hunarli bo‘ldi. Fikrlari butunlay o‘zgarib, endi oldingi Zafardan farq qilishni boshladi. 

Shunday esa-da, ota-onasining xotiralari uni tinch qo‘ymasdi. Oilasining barbod bo‘lishida, o‘zining nazdida «hissa qo‘shgan» ikki yirik boyning uyiga o‘t qo‘ydi. Bu qilmishini tan olib, o‘z oyoqlari bilan mahkamaga bordi. Ammo uni ruhiyati zo‘riqqanlikda, aniqrog‘i, jinnilikda ayblashdi. Zafar ruhiy kasallar shifoxonasida og‘ir holatlarni boshidan kechirdi. 

Bu voqealar atrofida akasi Akbar o‘zini-o‘zi yoqib yubordi. Zafar hamma narsani: dang‘illama uyi, ota-onasi, o‘smirlik davri, akasi Akbarni, ukasi Zufarni yo‘qotdi. Ko‘plab «do‘stim» deganlarining xiyonatiga uchradi, aksincha, dushman deb yurgan Atoullo muallimdan ko‘p marhamat ko‘rdi, ammasining mehribonchiligini ko‘rib yonida suyanadigan tog‘i borligidan mamnun edi. Asar so‘ngida shunday iqrorga keldi: «…Bu yerdan eson-omon chiqsam, sen orzu qilgandek, halol yashayman, eshityapsanmi, akajon, halol yashayman! Bu gapni men senga, mana, yig‘lab aytyapman. Haromxo‘rlikka qarshi kurashaman, ehtimol, orzum ushalib, prokuror bo‘larman. Lekin kurashaman, qattiq kurashaman...»

Tahlil:

Xudoyberdi To‘xtaboyev bu asari orqali bola ruhini parvarishlab, go‘zal ishlov berish ham, uni tanazzulga olib borish ham ijtimoiy muhitdan ekanligiga ishora qiladi. Asarni o‘qirkansiz boylarning ham hayoti orzu qilar darajada emasligiga, jinoyatchilarning zanjiri uzundan uzunligi, bir-biriga uzviy bog‘langanligiga, bu zanjir faqat boylikdan iboratligiga amin bo‘lib borasiz. 

Asarda Akbar obrazi bekorga majruh qilib ko‘rsatilmagan. Yozuvchi bu holat bilan «aslida bu bola emas, boylik ketidan quvgan, kitob odamni jinni qiladi degan, pul uchun bir-birining ko‘zini cho‘qigan shu quzg‘unlar majruh» demoqchi bo‘lgan. Asarda Atoulla Isayevich, Akbar, Chig‘noq singari bir necha yorqin, ijobiy obrazlar uchraydi. Nega ularning soni kam? Chunki o‘g‘rilarning atrofida o‘g‘rilar, to‘g‘rilarning atrofida to‘g‘rilar ko‘p bo‘ladi.

Karimovlarning xonadoni qaysi turkumga mansub ekani kitobxonga ayon. Akbar ham shu oilaning a’zosi. Nega u ham Zafar singari ota-onasining yo‘lidan yurmadi degan savolga ham mutolaa davomida allaqachon javob topilgani tayin. Buning asosiy sababi kitoblar edi. Ha, o‘sha «miyani aynitib, jinni qiladigan» kitoblar. Akbarning qalb ko‘zini ochgan, oq-qorani tanitgan, vijdonini uyg‘otgan ham o‘sha kitoblar edi. Bunda muallimning ham hissasi katta, albatta. Asar bilan tanishib borarkansiz poraxo‘rlar, chayqovchilar, qalloblar ko‘p ekanligi, faqat ko‘zimizga ko‘rinmasligini bilib olasiz. Ilgari bir-ikki ko‘zingiz tushganda «guruch kurmaksiz bo‘lmas ekan-da» degan bo‘lsangiz, asardagi qahramonlarni o‘qib «guruchdan kurmak ko‘p ekan-ku!» deysiz.

Xudoyberdi To‘xtaboyevning bolalar yozuvchisi ekanligi ma’lum. Shu sababdan ham ushbu asarda bola psixologiyasini so‘z orqali rasmdek chizib bergan. Avvalo, asar bola tilidan hikoya qilinganligi, bola soddalarcha tasvirlab berayotgan xatti-harakatlar aslida fojia ekanligi kitobxonni o‘ziga jalb qiladi.

Bola hech qachon ota-onasidan nafratlanmaydi. Nafratlanolmaydi. Akbar ota-onasidanmas, ular qilayotgan jinoyatlardan nafratlanardi. Bir kuni oilasi mana shunday parokanda bo‘lishidan qo‘rqardi. O‘zi sabab bo‘lib qolish esa yetti uxlab tushiga kirmagandir.

Qush inida ko‘rganini qiladi. Zafar ham ota-onasining «kasbi» ning mohir ustasi bo‘lishi mumkin edi. Ammo bu yo‘ldan qaytishi uchun anchagina «badal» sarf etildi. Qancha ko‘rgiliklar boshdan kechirishiga to‘g‘ri keldi. Ammo oxiri anglab yetgani tillolardan qadrliroq bo‘lgan to‘g‘rilik edi. Insonni yanchib tashlash mumkin, biroq yengib bo‘lmaydimi degani shu bo‘lsa kerak. Zafar yengilmadi, u zafar qozondi…

Gulasal Qodirova, kitobxon

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: