Diydor g‘animat: buxorolik askarning 38 yildan beri qidirayotgan quroldosh gruzin do‘sti topildi

Jamiyat 09:22 / 27.08.2023 72618

Buxorolik Hosil Nosirov 1983–1985 yillarda Gurjistonning Tetri-Tskaro shahrida harbiy xizmat o‘taydi. O‘sha davrlarda xizmatdoshi Marlen Kexvishvili bilan qalin do‘st tutinadi. Xizmat tugab, askarlar o‘z yurtlariga qaytishganidan so‘ng aloqalar uzilib qoladi. Do‘stlar bir-birini izlaydi-topolmaydi. Kun.uz muxbiri Tbilisiga safari davomida 38 yil oldin yo‘qolgan Marlen Kexvishvilini topishga muyassar bo‘ldi. Ikki do‘st nihoyat diydorlashdi.

Tbilisiga kelgan kunimiz surishtiruvni nimadan boshlashni bilmasdik. Qo‘limizda Hosil Nosirovning 1985 yilda do‘sti Marlen bilan yozishgan xati ustida yozilgan – “Tbilisi shahri, 3-massiv, 13-ko‘cha, 5-uy” manzili bor edi xolos. Lekin bu ma’lumot yetarli emasdi. Chunki xatda faqat raqamlar bo‘lib, hech bo‘lmasa ko‘cha yoki massiv nomi ham yo‘q edi. Bu esa ishni ancha qiyinlashtirishi tayin.

Boshlanishiga imkonimiz an’anaviy klassik usul – onlayn xaritadan foydalanishga yetadi. Xarita ham qiynalib-qiynalib tahminiy bir manzilni chiqarib berdi. Ha, mayli, ko‘rsatilgan mahallaga yetib olaylik-chi, qolgani bir gap bo‘lar. Balki qahramonimizni bir deganda shu manzildan topib olarmiz.

Telefonimiz ko‘rsatgan mahallaga yetib keldik. Shu yerliklardan surishtirsak, 13-ko‘cha, 5-uy bu mahallada ham bo‘lishi mumkin. Lekin “3-massiv” nomli hudud umuman boshqa yerda ekan. Bizga shu ko‘chadan o‘tuvchi yo‘nalishli mikrobusga chiqib, o‘sha 3-massivga borishimizni maslahat berishdi. Shu bilan yo‘nalishimiz o‘zgarib ketib, marshrut mashinasi bilan o‘sha 3-massivga qarab ketdik.

Hududga yetib kelganimizda u mahallalar allaqachon 3-massiv emas, “3-korpus” deb atalishi, eski mahallalar o‘rnida ko‘p qavatli uylar qurilib ketganini ko‘rdik. Shu yerlik yoshi kattalardan so‘rasak, ular na biz ko‘rsatgan manzilni, na Marlen Kexvishvilini tanishadi. Qo‘limizdagi ma’lumotlar hammaga begona. Bizga yordam berishga astoydil harakat qilishsa-da, lekin 30 yillar oldin raqamlangan ko‘cha va uylarni eslay olishmadi.

Bu urinishimiz ham besamar ketdi. Yo‘nalishli mikrobusga o‘tirib, ortga qaytarkanmiz, xaritada ko‘rsatilgan mahalladagi manzilga yetmasdan, 3-massivga ketib qolganimiz esga tushib, shu 13-ko‘cha va 5-uyni ham ko‘rib o‘tish uchun marshrutdan tushib qoldik. Shu uyni topib borib, darvozasini ham taqillatdik. Ammo afsuski, biz qidirgan inson bu yerda ham yashamasligi, hatto hech qachon yashamaganini aytishdi. Demak, bu yer ham biz qidirgan uy emas...

Kun oxirlab qoldi. Biz borgan ikki joy ham biz qidirgan nuqtalar bo‘lib chiqmadi. Aslida qahramonimiz Marlen Kexvishvilini bizgacha ham rosa qidirishgan. Turli idoralarga murojaatlar bo‘lgan. Ammo hech qanday natija, yangilik bo‘lmagan.

2-kun. Erta tongdan mehmonxonamizga eng yaqin bo‘lgan pochta byurosini topib borib, u yerdagi xodimlarga qo‘limizdagi 1985 yildagi xat ustida yozilgan manzilni ko‘rsatdik. Ular avvaliga yordam berisha olmasliklarini, bir yilda qancha manzillar o‘zgarib ketishi, 38 yil bu – kichkina muddat emasligini aytishdi.

Keyin esa berilishi kerak bo‘lmagan ma’lumot bo‘lsa-da, Marlen Kexvishvili ism-sharifli inson nomiga pochta xizmati ko‘rsatilgan-ko‘rsatilmaganini tekshirib ko‘rishdi. Ne omadki, xuddi shu ism-sharifdagi fuqaro nomiga 1986 yilda pochta xizmati ko‘rsatilgan ekan. Manzil esa Varketili-3, 2-korpus, 26-uy. Pochta xodimlari faqat shu yordamni bera olishlarini aytishdi. Biz esa oyog‘imizni qo‘lga olib, yo‘lga tushdik.

Bu safar manzilimiz aniqroq, qadamlarimiz dadilroq. Ammo uch savol bizni qiynaydi:

1.    Bu uydagi Marlen Kexvishvili haqiqatan ham biz qidirgan Marlenmi yoki shu ism-sharifdagi boshqa odammi?

2.    Agar o‘zi bo‘lsa, u hozir ham 38 yil oldingi shu xonadonda yashaydimi?

3.    U hozir ham hayotmi?

O‘zi aslida Tbilisiga sayohatni maqsad qilib, aviasales.uzʼdan chiptalarni arzongina sotib olib, biryo‘la shu ilovaning o‘zidan mehmonxonalarni ham topib, band qilib, 5 foizli keshbekka ham ega bo‘lganmiz. Dam olish qolgan edi xolos.

 

Lekin mana, 2 kundirki, hamyurtimizning Gurjistondagi do‘stini qidirish bilan mashg‘ulmiz. Shahar kezganimiz ham, sayohatimiz ham shu bo‘lyapti. Uni shu kuni topishimiz shart edi! Chunki kechga borib, boshqa shaharga ketishimiz kerak.

Bizga berilgan uyga yetib keldik. 12 qavatli uydan qahramonimiz Marlenni qanday topamiz, deb turgan ham edikki, qarshimizdan chiqqan gruzin amaki jonimizga oro kirdi. Kexvishvilini tanishini aytib, unga qo‘ng‘iroq qildi.

 

Eng so‘nggi daqiqalarda biz Kexvishlini topdik va uning telefon raqami hamda uy manzilini o‘zbekistonlik do‘stiga yubordik.

U ham ko‘p kuttirmasdan, do‘sti topilganidan mamnun bo‘lib, darhol Tbilisiga yetib keldi. Shuning bilan 38 yillar oldin uzilgan do‘stlik rishtalari qayta tiklandi.

Sardorbek Usmoniy
Gurjiston, Tbilisi

Ko‘proq yangiliklar: