«Hindiston Oy bo‘ylab sayr qildi!» deya o‘z quvonchlarini bo‘lishgan mamlakatning ISRO (Indian Space Research Organisation — Hindiston kosmik tadqiqotlar tashkiloti) kosmik agentligi xodimlari.
23 avgust kuni Hindiston oyga yumshoq qo‘nishni amalga oshirgan to‘rtinchi davlatga aylangandi (AQSh, SSSR va Xitoydan keyin).
Shu bilan birga, missiyaning qiymati Amerikadagi analoglaridan bir necha baravar kam.
Hind ilm-fanining yutug‘i, ayniqsa, Roskosmosning xuddi shunday urinishi fonida ishonchli ko‘rinadi. 20 avgust kuni rossiyaliklar yarim asr oldingi muvaffaqiyatlarini takrorlashga harakat qilgandi.
Biroq, ularning urinishi muvaffaqiyatsiz yakunlandi. Modulning Oy yuzasiga tushish bosqichida «Luna-25» bilan aloqa uzildi va qurilma yo‘qolib qoldi.
Hindiston modulining qo‘nishi «Oy sun’iy yo‘ldoshi» — Oy orbitasida uchib yurgan «Chandrayan-2» ko‘magida amalga oshirildi.
Shu hisobdan, qurilma bilan aloqa ancha barqaror edi va uni Oy yuzasiga oxirgi teginishdan oldin to‘g‘rilash mumkin edi.
«Chandrayan» — Hindiston Oy dasturining umumiy nomi bo‘lib, u sanskrit tilida «oy kemasi» degan ma’noni anglatadi.
Oy roverining laqabi bo‘lmish «Prag’yan» esa «bilim» yoki «donolik» ma’nolarini beradi.
Oyga qo‘ngan apparat nomi — «Vikram»ni «jasorat» deb tarjima qilish mumkin. Qurilma Hindistonda ISRO kosmik agentligining asoschisi deb hisoblanuvchi hind olimi Vikram Sarabxay nomi bilan atalgan.
Hindiston Oy roverining vazni atigi 26 kilogramm.
U yo‘lda uchragan krater va toshlardan ehtiyotkorlik bilan qochib, Oy yuzasida bir necha kun sayohat qilishi kerak bo‘ladi.
Qurilmada ikkita ilmiy uskuna bor va ularning vazifasi Oy yuzasidagi tuproqni tahlil qilish.
Ushbu tahlil yordamida olimlar regolitda qanday minerallar mavjudligini yaxshiroq tushunishga va tuproqning kimyoviy tarkibini o‘rganishga harakat qiladi.
Qo‘nish vaqtida bo‘lganidek, qurilma bilan aloqa «Chandrayaan-2» orbital apparati orqali amalga oshiriladi.
ISRO matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Oy roveri sekundiga taxminan 1 sm tezlikda harakatlanadi.
Qurilma o‘zidan «avtograf»li chiziqlar qoldiradi: roverning barcha oltita g‘ildiragiga ISRO logotipi va emblemasi bosilgan.
«Prag’yan» nima bilan shug‘ullanadi?
Qo‘nish Oy kunining boshlanishiga to‘g‘ri kelishi uchun maxsus hisoblab chiqilgan — Oyda kun ikki hafta davom etadi. Shunday qilib, qo‘nish moduli va rover o‘z batareyalarini 14 kun quyosh nuri yordamida quvvatlashi mumkin.
Tun tushishi bilan ularning quvvat tugaydi va ishlashdan to‘xtaydi. Ularni keyingi kun kelgach qayta zaryadlash mumkin yoki yo‘qligi hozircha aniq emas.
Olimlar Oyda noyob va muhim minerallarni topishga umid qilmoqda, ammo «Chandrayan-3»ning asosiy maqsadlaridan biri — suv topishdir.
Muz doimo soyada bo‘ladigan janubiy qutb mintaqasidagi ulkan kraterlarda saqlanib qolishi mumkin degan versiya mavjud.
Kelajakda suv faqatgina oy infratuzilmasini qo‘llab-quvvatlashi mumkin bo‘lib qolmaydi. Elektroliz yordamida uni raketa dvigatellariga yonilg‘i quyish uchun mos bo‘lgan sof kislorod va vodorodga parchalash mumkin.
Shu ma’noda, Marsga va boshqa uzoq yo‘nalishlarga yo‘l olgan kosmik kemalarni Oyda yonilg‘i bilan to‘ldirish rejalashtirilmoqda.