Eksportchi tadbirkorlarga yagona soliq va foyda solig‘idan imtiyoz berilgan. Bundan tashqari ularga QQS ham qaytarib beriladi. Tadbirkorlarga tovar va xizmatlar eksport qilishda qanday yengilliklar berilgani haqida Investitsiyalar, savdo va sanoat vazirligi mas’uli Zafar Turdiyev gapirib berdi.
Valutaning bir qismini davlatga sotish majburiyati bekor qilindi
Mahsulot eksport qilinganda eksport qilingan mahsulot uchun valuta tushumlari kelib tushadi. Bu mablag‘ bevosita tadbirkor ixtiyorida bo‘ladi. Avvallari tadbirkor kelib tushgan valutaning bir qismini davlatga sotishga majbur edi, mana shu amaliyot bekor qilindi. Bundan tashqari, eksport qilinayotgan mahsulotning to‘liq to‘lovini amalga oshirish belgilangandi. To‘lov yuz foiz kelib tushgandan keyin eksport qilishga ruxsat berilgan. 2017 yildan bu tartib bekor qilindi. Endi kelib tushgan mablag‘ tadbirkorning ixtiyorida bo‘ladi. Tadbirkorda tovar va xizmatlarni yetkazib bergandan keyin 180 kun, ya’ni 6 oy bo‘ladi. Bu muddat mahsulot chiqib ketgan kundan hisoblanadi. Bunday tartib mahsulotlarning raqobatbardoshligini ham oshiradi.
Uchinchi davlatlarga eksport imkoniyati
Bundan tashqari, bugungi kunda biror bir tovarni sotib olib uni O‘zbekiston hududiga kiritmasdan turib ham boshqa davlatga sotish, ya’ni eksport qilish mumkin. Masalan, Qozog‘istondan biror tovar olib Xitoyga sotsa bo‘ladi. Oldin bunga ruxsat berilmagan. Hozirgiday elektron platformada amalga oshirish imkoni ham yo‘q edi.
Soliqlardan imtiyozlar
Eksportchi korxonalar eksportga chiqayotgan mahsulotlar uchun yagona soliq va foyda solig‘idan ozod etildi. Deylik, bir korxona ishlab chiqarayotgan mahsulotining 30 foizini eksport qilsa, o‘sha 30 foiz mahsulot uchun foyda va yagona soliqdan ozod etiladi.
Eksportchi korxonalar uchun yana bir soliq imtiyozi bor. Ular qo‘shilgan qiymat solig‘ini (QQS) qaytarib olish imkoniga ega.
Eksportyorlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash
Eksportchi korxonalarni moliyaviy va tashkiliy qo‘llab-quvvatlash maqsadida Eksportni rag‘batlantirish agentligi ham tashkil etilgan. Agentlik tomonidan bunday korxonalarga bir qator moliyaviy yordamlar ko‘rsatiladi. Misol uchun transport xarajatlarining 50 foizgacha bo‘lgan qismi agentlik tomonidan qoplab beriladi. Bundan tashqari, xalqaro standart sertifikatlari joriy etilganda, ularning to‘lovlari ham agentlik tomonidan qoplanadi. Xalqaro ko‘rgazmalar, yarmarkalarda tadbirkorlar ishtirokini ta’minlashda ham xarajatlarning ma’lum bir qismi agentlik tomonidan to‘lab beriladi.
Agentlik huzurida Eksportni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etilgan bo‘lib, bu jamg‘arma tomonidan bir yil muddatda eksportchi korxonalar aylanma mablag‘i uchun imtiyozli kreditlar ajratiladi. Mazkur amaliyot so‘nggi yillarda o‘z ijobiy samarasini berdi. Chunki eksportchi korxonalarda ko‘p duch keladigan muammo — aylanma mablag‘ yetishmasligi. Shu nuqtai nazardan bunday kreditlar eksportchi korxonalarga ijobiy ta’sir ko‘rsatyapti.
Davlatimiz rahbarining tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida «Yangi O‘zbekiston — raqobatbardosh mahsulotlar yurti» dasturi doirasida 200 ta eksportchi korxonalarni tanlab, ularga qo‘shimcha imkoniyat va yengilliklar berish belgilangan edi. Mazkur qaror doirasida 200 ta korxona saralanib ularga qo‘shimcha imkoniyat va yengilliklar berilyapti.
Yaqinda o‘tkazilgan tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda esa mazkur dastur doirasida bunday korxonalar soni 500 ta yetkazilishi belgilandi. Bundan tashqari, xorijiy brendlarni jalb qilgan korxonalarga grant mablag‘lari ajratish va transport xarajatlarini kompensatsiya qilish uchun qo‘shimcha mablag‘lar yo‘naltirish bo‘yicha ham bir qator takliflar ilgari surildi.