Ozarboyjonliklar nega balkonlarni yaxshi ko‘rishadi?

Jahon 10:06 / 20.08.2023 26685

Balkondan turib shahar tomosha qilishning o‘ziga yarasha gashti bor. Buni ozarboyjonliklar, ayniqsa, yaxshi bilishadi. Shu ham mavzu bo‘libdimi, deyishingiz mumkin. Ammo dasturni oxirigacha tomosha qilsangiz, fikringiz mutlaqo o‘zgaradi. Chunki Boku balkonlarining o‘z madaniyati va tarixi bor.

Ozarboyjon poytaxti Boku ko‘chalarini kezarkansiz, G‘arb va Sharq arxitekturalari madaniyati uyg‘unligining guvohiga aylanasiz. Shahar binolari turli asrlarda bunyod etilgan bo‘lsa-da, me’moriy yechimlarda o‘ziga xos umumiylik bor.

Bu umumiylik binolardagi bir-birini takrorlamaydigan, san’at darajasida quriladigan balkonlarda ham o‘z ifodasini topadi. Qayerga qaramang, oddiy temir panjaralisidan tortib, murakkab me’moriy uslublarga ega peshayvonlarni uchratasiz.

Bokuliklarning ko‘p qavatli uy xarid qilishdagi qat’iy talablaridan biri ham bu xonadonlarda balkonlarning bo‘lishidir. Albatta, ular oshxonani balkonga chiqarib, yana bitta xona sonini oshirish haqida o‘ylamaydi. Balkon balkonligicha qolishi kerak.

To‘g‘ri, ba’zi uylarda ular o‘rab olinib, xona qilinganini ham uchratish mumkin. Hatto, bir balkonni ikkiga bo‘lib, yarmini o‘z holicha, qolgan yarmi xonaga aylantirilgan holatlar ham bor. Lekin juda kam.

Ozarboyjonliklar tarixan bunday peshayvonlarni uydan chiqmasdan turib, qarama-qarshi uyda yashovchi qo‘shnilar bilan suhbat qurib o‘tirish, xayol surish, choy ichish yoki shaxmat, nardaga o‘xshagan o‘yinlar o‘ynab hordiq chiqarish uchun eng qulay joy sifatida ko‘rib kelishgan.

Ozarboyjon tilida ularni “shushaband”, ya’ni “oyna bilan o‘ralgan” ma’nosini beruvchi “oynaband”, o‘ralmagan balkonlarni esa shunchaki “shusha”, ya’ni “oyna” deb atashadi. 3-4 asr ilgari qurilgan ko‘p qavatli uylarda ham oynabandlarga alohida urg‘u berilgan.

Shu o‘rinda ma’lumot uchun aytish kerakki, Ozarboyjon – O‘zbekistondan viza talab qilmaydigan eng arzon yo‘l xarajatli dengiz mamlakati. Bu yerga kelish xarajatlaringizni oldindan hisoblab chiqishingiz mumkin. Masalan, aviasales.uz sayti yoki ilovasiga kirsangiz, Toshkent-Boku-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha aviaparvozlar, aniqrog‘i borish-qaytish narxi 2 million 800 ming so‘m va undan arzonroqqacha ham tushishi mumkin. Shuningdek, shu ilovaning o‘zida shahardagi mehmonxonalarni cho‘ntagingizga qarab ham tanlayverasiz va eng muhimi, har bir sizga ko‘rsatilgan mehmonxona xizmati evaziga 5 foizli keshbekka ham ega bo‘lasiz. Hoziroq o‘zingizga mos keladigan sayohat xomcho‘tini qilib ko‘rishingiz mumkin.

Yana Boku balkonlariga qaytsak. Shahar bo‘ylab kezarkansiz, juda ko‘p oynabandlarni uzum toklari bezab turganiga guvoh bo‘lasiz. Ba’zilarida esa uzumlar qiyg‘os tugib yotganini ham ko‘rasiz. Bu toklar yerga ekilib, qavatdan qavatga oshirib yuboriladi va peshayvonlarga o‘ziga xos go‘zallik, tabiiylik baxsh etadi.

Zamonaviy qurilayotgan uylarning ham balkonsizlarini uchratmaysiz. Tarixan o‘zgarmay kelayotgan bu me’moriy odat ozarboyjonliklar qurilish madaniyatining ajralmas bir qismiga aylangan. Hamda umumiy kartinada barcha shushabandlar shaharga san’at darajasida yaxlit bir viqor va salobat berib turibdi. Boku balkonsevarligi bilan ham boshqa shaharlarga o‘xshamaydi. Ozarboyjonga kelsangiz, albatta, poytaxt ko‘chalari bo‘ylab sayr qiling va balkonlar go‘zalligidan zavq oling!

Sardorbek Usmoniy
Ozarboyjon, Boku

Ko‘proq yangiliklar: