Sport | 12:59 / 20.08.2023
25201
16 daqiqa o‘qiladi

Bellinghem - «Real»ning yangi qahramoni, Mbappe Parijga yordam bera olmadi. Kun o‘yinlari

Shanba oqshomida Yevropa futbolida ro‘y bergan asosiy voqealar.

Angliya: Klopp va hakam

«Liverpul» — «Bornmut» 3:1
Gollar: Dias (28), Saloh (36), Jota (62) — Semeno (3). 
Liverpul – Alisson, Aleksander-Arnold (Gomes, 76), van Deyk, Konate, Roberson, Soboslai, Mak Allister, Saloh (Tsimikas, 86), Jota (Elliott, 76), Dias (Nunyyes, 86), Gakpo (Endo, 63).
Bornmut – Neto, Aarons, Senesi (Traore, 84), Zabarniy, Kerkez, Kristi (Mur, 63), Rotuell (Kelli, 76), Billing, Entoni (Klyuyvert, 63), Solanke, Semeno (Bruks, 76).
Ogohlantirishlar: Alisson (9), Semeno (16), Entoni (26), Neto (35).
Chetlatish: Mak Allister (58).

«Enfild»dagi o‘yin ko‘rsatdiki, klubga ishqibozlikdan ham muhim narsalar bor. 26-daqiqada qizillar jamoasi muxlislari «Everton» uchun yangi stadion qurilishi vaqtida halok bo‘lgan «irislar» jamoasi muxlisi xotirasiga qarsak chalishdi. Yurgen Klopp va uning futbolchilari esa stadion devori ostiga guldasta qo‘yishdi.

O‘yin esa mezbonlar tezkor gol o‘tkazib yuborishi bilan boshlandi, unga ko‘p o‘tmay Dias qaychi uslubidagi zarbasi bilan javob qaytardi. Kolumbiyalik futbolchi — «Liverpul»ning Klopp boshqaruvi davrida uy o‘yinlarida urgan 300-goli muallifiga aylandi. Bo‘lim davomida esa Saloh avvaliga penaltini aniq ijro eta olmadi, ammo darvozabondan qaytgan to‘pga birinchi bo‘lib yetib keldi. Ikkinchi bo‘limda esa shu kuni maydonda eng faol bo‘lgan Diogu Jota ham o‘z golini urdi, ammo bu gol urilgan vaqtga kelib mezbonlar bir kishi kam bo‘lib qolishgandi.

Mak Allisterning chetlatilishi esa muhokamalar markazida turibdi. Gap shundaki, VAR funksiyasini shu kuni Pol Tirni bajardi. Ushbu arbitrning «Liverpul» va Klopp bilan mojaro tarixi bor. Shunday ekan, qizillar argentinalik havbekning jazolanishi borasida bahslashishi mumkin.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

«Tottenhem» — «Manchester Yunayted» 2:0
Gollar:
Sarr (49), Martines (83, avtogol).
Tottenhem – Vikario, Porro (Emerson, 88), Romero, van de Ven, Udoji (Devis, 70), Meddison, Bissuma, Kulusevski (Solomon, 88), Sarr (Hyoyberg, 76), Son, Risharlison (Perishich, 70).
Manchester Yunayted – Onana, Uan-Bissaka (Dalot, 66), Varan, Martines, Shou, Kazemiro, Fernandesh, Maunt (Pellistri, 85), Antoni (Eriksen, 66), Garnacho (Sancho, 66), Reshford (Marsiyal, 85).
Ogohlantirishlar: Uan-Bissaka (33), Antoni (38), Fernandesh (39), Udoji (63).

Harri Keyn ketganidan keyin «Tottenhem»ning imkoniyatlariga qanday yondashishni bilib bo‘lmayapti. Masalan, «Nyukasl» «katta oltilik»dan siqib chiqargan jamoa sifatida. Umuman olganda, o‘yinning dastlabki qismi bu tezisni tasdiqlaydigandek ko‘rindi. «MYu» yaqqol ustunlikka erishdi, qator vaziyatlar yaratdi, ammo baribir Vikario darvozasini ishg‘ol eta olmadi. «Shporlar» esa o‘z o‘yinini bosqichma-bosqich kuchaytirib bordi, tanaffus arafasida gol urish uchun qulay imkoniyatga ega bo‘ldi va tanaffusdan qaytiboq o‘z maqsadiga erishdi. O‘yin oxiriga borib esa «qizil iblislar» butkul taslim etildi.

E’tiborli tomoni — mezbonlar safida gollarni tayanch havbeki Sarr hamda va markaziy himoyachi Devis urishdi, garchi protokolda gol Martines nomiga avtogol sifatida yozilgan bo‘lsa ham. O‘tgan turda «Brentford»ga qarshi o‘yinda (2:2) himoyachilar Romero va Emerson gol urishgandi.

Ikkinchi bo‘limda mehmonlar ham Vikarioning devorini buzib o‘tish uchun urinishdi, Antonining zarbasi vaqtida ustun yordamga keldi. Lekin londonliklar ko‘plab vaziyatlarda raqibning markaziy hududidan osonlik bilan o‘tib ketishdi. Hozircha Erik ten Hag jamoasi umuman o‘tgan mavsumdagi raqobatbardosh jamoani eslatmayapti. Murabbiyda arbitrlarga ham savollar borligi aniq, to‘p Romeroning qo‘liga tekkaniga e’tibor qaratilmadi.

«Manchester Siti» — «Nyukasl» 1:0
Gol:
Alvares (31).
Manchester Siti – Ederson, Uoker, Diash, Akanji, Gvardiol, Kovachich, Grilish, Rodri, Foden, Holand, Alvares.
Nyukasl – Poup, Tripper, Sher, Botman, Bern, Gimaraes, Tonali (Anderson, 67), Almiron (Livramento, 86), Joelinton (Longstaff, 57), Gordon (Barns, 56), Isak (Uilson, 66).
Ogohlantirishlar: Gordon (24), Tonali (34), Alvares (46), Joelinton (54), Barns (58), Gimaraes (71).

Turning markaziy o‘yinida «Manchester Siti» «Nyukasl»ni mag‘lub etib, «Etihad»dagi g‘alabali seriyasini 17 o‘yinga yetkazib qo‘ydi. O‘yin davomida yettita vaziyat yaratgan Fodenning hal qiluvchi pasidan keyin esa Alvares darvozaning yuqori burchagini aniq nishonga oldi.

O‘yinning ayrim pallalarida «qarg‘alar» chempionlarni hisob uchun o‘ynash va himoyalanishga ham majbur qila olishdi, ammo bundan hech qanday naf chiqmadi. Eddi Hau hamon Xosep Gvardiolaga qarshi chora topa olmayapti, u ushbu mutaxassis jamoasiga qarshi qatorasiga yettinchi o‘yinni yutqazdi - umumiy to‘plar nisbati 2:21. Mehmonlarga stadiondagi muhit ham bosim ko‘rsatgani tayin, chunki o‘yin oldidan «shaharliklar» o‘tgan mavsumdagi barcha sovrinlarini - jumladan Chempionlar ligasidagi g‘alaba uchun olingan «quloqli» kubokni ham namoyish etishdi. E’tiborli jihati, Gvardiola o‘yin oxiriga qadar biror futbolchisini almashtirmadi.

Ispaniya: «Real» muxlislari yangi qahramonini olqishlamoqda

«Almeriya» — «Real» 1:3
Gollar:
Arribas (3) — Bellinghem (19, 60), Vinisius (73).
Almeriya – Luish Mashimianu, Pubil (Poso, 69), Edgar Gonsales, Chumi, Akeme, Robertone (Melero, 70), Baba, Arribas (Puchmal, 90+2), Embarba, Ramazoni (Kone, 61), Suares (Lazaro, 90+2). 
Real – Lunin, Karvahal, Alaba, Ryudiger, Garsiya, Kroos (Kamavinga, 72), Valverde (Vaskes, 90), Tchuameni, Bellinghem (Xoselu, 81), Vinisius (Dias, 90), Rodrigo (Modrich, 72).
Ogohlantirish: Chumi (59).

«Real» debyutdayoq o‘z tarbiyalanuvchisi Arribasadan gol o‘tkazib yubordi, ammo maydonda Bellinghem borligida bu hech narsani anglatmaydi. Angliyalik — madridliklarning mavsum startidagi asosiy harakatlantiruvchi kuchi bo‘lmoqda. U birinchi turda ham gol urgandi, hozir esa seriyani ajoyib davom ettirdi — tanaffusgacha hisobni tenglashtiruvchi golni urdi, ikkinchi bo‘limda esa Kroosning uzatmasini boshi bilan darvozaga yo‘llab, «Almeriya»ni taslim qildi. Nemis futbolchisi uchun bu la ligadagi 63-golli pas bo‘ldi (ikkinchi bo‘lim boshida u gol ham urgandi, ammo unga to‘p yetib kelishidan oldin hujumda fol qayd etilib, bu gol bekor qilindi), u bu ko‘rsatkich bo‘yicha Grizmann bilan tenglashib oldi.

Bellinghem esa Vinisius Juniorning chiroyli goliga hammualliflik qildi, braziliyalik hujumchi to‘pga ikkinchi teginishda to‘pni darvozabon ustidan oshirib tashladi va golni Jud uslubida nishonladi.

Hozircha Karlo Anchelotti jamoasida Kurtua va Eder Militaoning yo‘qligi deyarli sezilmayapti, «Real»ning hozircha eng yorqin o‘yinchisi esa oqshomni futbolkasini  yosh muxlisga topshirish bilan yakunladi, o‘yindan keyin politsiya xodimlari ham u bilan birga suratga tushishni iltimos qilishdi.

«Real Sosedad» — «Selta» 1:1
Gollar:
Barrenechea (22) — Mingesa (90+4).
Real Sosedad – Remiro, Traore (Sola, 78), Le Norman, Subeldiya, Munyos, Mendes, Subimendi, Turriyentes (Pacheko, 78), Kubo (Cho, 78), Barrenechea (Oyarsabal, 64), Fernandes (Sodiq, 64).
Selta – Vilyar, Mingesa, Starfelt, Nunyyes, Sanches (Servi, 84), De La Torre (Dotor, 84), Beltran, Sotelo (Aydu, 46), Aspas (Svedberg, 90), Larsen (Rodriges, 84), Bamba.
Ogohlantirishlar: Subimendi (40), Aspas (51), Le Norman (69).

O‘tgan mavsum yakunlariga ko‘ra to‘rtinchi o‘rinni egallab, YeChLga yo‘llanma olgan «Real Sosedad» yangi mavsumni ko‘ngildagidek boshlay olmadi. «Selta» bilan o‘yin ssenariysi — birinchi turda «Jirona»ga qarshi kechgan o‘yinning (1:1) takrori bo‘ldi. Yana birinchi bo‘lim juda yaxshi o‘tkazildi, to‘liq ustunlikka erishildi va gol urildi. Va yana o‘yin oxirida gol o‘tkazib yuborildi. Raqib qo‘shimcha vaqtda javob goli urishi — va bu rikoshet orqali bo‘lishi — odatda omadsizlikka yo‘yiladi. Faqat bu holatda ochkolar boy berilishi — o‘yin mantig‘idan kelib chiqdi. Basklar so‘nggi daqiqalarda o‘z jarima maydoniga qamalib oldi, ular oldinroq gol o‘tkazib yubormagani — darvozabon Aleks Remironing seyvlari evaziga bo‘ldi. 

Italiya: «Napoli» Xvichasiz ham uddaladi

Frozinone — Napoli 1:3
Gollar:
Harrui (7, penalti) — Politano (24), Osimhen (42, 79). 
Napoli – Meret, Di Lorenso, Jyezus, Rrahmani, Olivera (Mariu Ruy, 76), Lobotka (Estigor, 90), Zelinski, Kayuste (Zambo-Angissa, 46), Politano (Elmaz, 77), Raspadori, Osimhen (Simeone, 81).
Ogohlantirishlar: Oyono (12), Lobotka (13), Kayuste (27), Olivera (39), Matssitelli (45), Jyelli (83).

Rudi Garsiya «Napoli»dagi debyutini V seriya g‘olibi maydonidagi irodali g‘alaba bilan boshladi, buni salomatligida muammo paydo bo‘lgan Kvaratsxeliyasiz uddalash talab etildi. Amm Xvichasiz ham neapolitanliklarning saviyasi bunday raqibni yengish uchun yetarli darajada edi, hisob 1:1 ekanida darvozani ishg‘ol etgan Raspadorining goli bekor qilinishi esa — shunchaki kutilmagan yoqimsizlik bo‘ldi. Osimhen bo‘lim oxirida baribir o‘z gollari hisobini ochdi, bu gol VAR ishtirokida tasdiqlandi. O‘yin oxirlariga borib u 2023 yilda urgan gollari soni bo‘yicha top-5 ga kirib (u va Keynning bu davrdagi gollari soni 18 tani tashkil etmoqda). Nigeriyalik futbolchi uchun dubl — odatiy holat bo‘lsa, unga assistentlik qilgan himoyachi Di Lorenso esa faoliyatida ilk bor A seriya o‘yinlarida bir o‘yinda ikki pasga muallif bo‘ldi.

Inter — Monsa 2:0
Gollar:
Martines (8, 76). 
Inter – Zommer, Dumfris (Kuadrado, 67), Darmian (Bissek, 84), de Vrey, Bastoni, Dimarko (Karlos Augusto, 67), Mxitaryan, Chalxono‘g‘li, Barella, Tyuram (Arnautovich, 67), Martines (Frattezi, 80).
Ogohlantirishlar: Martines (32), Kaldirola (41).

Amaldagi chempion ortidan «Inter» ham g‘alabaga erishdi, ushbu jamoa skudetto uchun asosiy da’vogar sifatida ko‘rilmoqda. Milanliklar safida, tabiiyki, Lautaro Martines o‘zini ko‘rsatdi. Birinchi golda argentinalik futbolchiga Dumfris assistentlik qildi. Ikkinchisida — Mxitaryan boshlab bergan hujum davomida — Arnautovich uni bo‘sh qolgan burchak qarshisiga chiqardi. Neradzurrilar Jyeko bilan xayrlashdi, ammo hujum chizig‘ini 34 yoshli avstriyalik bilan mustahkamlagan.

Germaniya: Dortmundning qiyin g‘alabasi

Borussiya D — Kyoln 1:0
Gol:
Malen (88).
Borussiya D – Kobel, Ryuerson (Azar, 84), Hummels, Zyule, Bensebayni (Volf, 84), Roys (Adeyyemi, 70), Zabitser, Jan (Nmecha, 59), Brandt, Malen, Aller (Mukoko, 59).
Kyoln – Shvebe, Shmits, Shabo, Hyubers, Pakyarada, Karstensen (Kilian, 90), Kayns (Olesen, 66), Lyubichich, Martel, Zelke (Adamyan, 52), Valdshmidt (Finkgrafe, 66).
Ogohlantirish: Malen (90+1).

«Bavariya» juma kuni mavsumni Bremenda 4:0 hisobida g‘alaba qozonish bilan boshlagandi, o‘tgan mavsum oxirida alamli tarzda titulni boy berib qo‘ygan «Borussiya» esa muxlislarining hafsalasini pir qildi. Dortmundliklar g‘alaba tugul, durangga ham loyiq o‘yin ko‘rsatmadi. «Asalarilar»ning nursiz o‘yini hayron qoldirdi, agar mehmonlar o‘z vaziyatlarini ko‘kka sovurmaganida mezbonlar uchun barchasi qayg‘uli tus olgan bo‘lardi. Kobel Adamyanning bir necha metrdan yo‘llagan zarbasini darvoza chizig‘i ustida oyoqlari bilan qaytargan holda tur seyvini ijro etdi. Dortmundliklarga gol urishda ham omad yordam berib yubordi. Malenning zarbasi u qadar o‘xshamagandi, ammo zarbadan keyin to‘p shunday trayektoriyada harakatlandiki, «Kyoln» darvozaboni unga yeta olmasdi. Ushbu niderlandiyalik bundesliganing 2023 yildagi eng samarador futbolchisi bo‘lib oldi (9 gol va 4 uzatma).

Fransiya: gegemon hamon g‘alabasiz

Tuluza — PSJ 1:1
Gollar: Abuhilol (87, penalti) — Mbappe (62, penalti). 
Tuluza – Rest, Desler (Bangre, 90), Nikolaysen, Kosta, Diarra, Suaso, Serro, Kasseres (Shmidt, 71), Abuhilol (Kamansi, 90), Dallinga (Begraui, 71), Magri (Janro, 57).
PSJ – Donnarumma, Hakimi, Markinos, Shkrinyar, Ernandes (Danilu Pereyra, 78), Fabian Ruis (Dembele, 51), Ugarte, Zair-Emeri, Vitinya (Soler, 78), Li Kan In (Mbappe, 51), Gonsalu Ramush.
Ogohlantirishlar: Li Kan In (45), Ugarte (81), Donnarumma (86).

Kun voqesi, tabiiyki, «PSJ» safiga Mbappening qaytishi bo‘ldi. «Oqpadar o‘g‘il» boshlang‘ich tarkibdan joy olmadi va o‘yinni zaxira o‘rindig‘ida boshladi. U bu yerdan turib jamoasining golsiz uchinchi bo‘limiga guvoh bo‘ldi va Luis Enrikeda ikkinchi bo‘limda uni maydonga tushirishdan boshqa yo‘l yo‘q edi. Kechirilgan futbolchi 51-daqiqada maydonda paydo bo‘ldi, 62-daqiqada esa Kilian penaltini ishonch bilan ijro etib, hisobni ochdi. Agar o‘yin oxirida Hakimi jarima maydoni ichida raqibga nisbatan ehtiyotsizlik qilmaganida, barchasi chiroyli yakun topgan bo‘lardi. Ammo mezbonlar ham 11 metrli jarima zarbasini aniq ijro etdi — va Parij yana g‘alabadan quruq qoldi. Fransuzlar gegemonida qayta qurish juda imillab kechmoqda. Jamoa o‘n yil ichida ilk bor mavsumni ketma-ket durang bilan boshladi.

Kun statistikasi

  • «MYu» Londondagi so‘nggi 10 o‘yinidan faqat bittasida g‘olib bo‘lgan (+1=3-6). «Qizil iblislar» poytaxtda qatorasiga 12-o‘yinda gol o‘tkazib yuborishdi.
  • Chvanchara Menhengladbahning «Borussiya» klubi tarkibida debyutida bittadan gol urgan 2-futbolchiga aylandi. Bunday holat birinchi bor 1967 yilda sodir bo‘lgan, o‘shanda bu vazifani Peter Mayyer uddalagandi.
  • PSV forvardi Lyuk de Yong Niderlandiya chempionatida bu asrda 150 ta gol urgan ikkinchi futbolchiga aylandi, bunday natijaga avvalroq faqat Huntelar erishgandi.
  • «Osasuna» forvardi Avila la liga o‘yinlarida 4-bor maydondan chetlatildi. So‘nggi besh yilda top-5 ligalarda undan ko‘proq qizil kartochka olgan hujum chizig‘i vakili — Fekir bo‘lib turibdi. Shuningdek, Neymar va Amuma ham to‘rt martadan qizil olgan.

Mavzuga oid