Kompaniya rasmiy saytida e’lon qilingan bayonotda smartfonni yostiq ostiga yoki krovat yonida qo‘yish va ayniqsa bunday holatda quvvatlashdan saqlanish tavsiya qilingan. Shuningdek, qurilmani imkon qadar havo aylanadigan xonada, g‘ilofini olib qo‘ygan holda quvvatlash ma’qulligi ta’kidlangan.
Xabarda aytilishicha, bunday choralarga amal qilmaslik telefon qizib ketishiga, tok urishiga va boshqa salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. «iPhone'ga ehtiyotkorlik bilan muomalada bo‘ling. Qurilma metall, plastik va shishadan yasalgan, ichida sezgir elektron komponentlar bor. Qurilma va uning akkumulyatori tushib ketsa, ezilsa yoki suyuqlik tushsa, zararlanishi mumkin. Agar akkumulyator zararlanganini sezsangiz, iPhone'ni ishlatmay turing, bu qurilma haddan tashqari qizib ketishiga olib keladi», deyiladi kompaniya bayonotida.
Shuningdek, kompaniya iPhone buzilgan taqdirda faqat mutaxassisga va imkon qadar Apple servisga murojaat qilishni so‘ragan.