Internetda Apple sust sotuvlar tufayli iPhone SE liniyasidan voz kechgani haqida ko‘plab mish-mishlar tarqaldi, ammo hozir tobora ko‘proq manbalar shartli iPhone SE 4 ishlab chiqarilishi mumkinligini ta’kidlamoqda.
Taniqli Unknownz21 insayderining yozishicha, iPhone SE 4 tashqi ko‘rinishi hozirgi iPhone 14 asosida bo‘ladi, ya’ni «Home» tugmasi hamda ekran ustidagi va ostidagi keng ramkalar yo‘qoladi. Shuningdek, 4,7 dyuymli LCD displey o‘rnini 6,1 dyuymli OLED ekran egallaydi.
Shuningdek, arzon iPhone SE 4 hali chiqarilmagan iPhone 15 smartfonining asosiy funksiyalaridan biri – «ovozsiz» rejimni o‘rnatish tugmasi o‘rniga yangi «Action» tugmasini oladi. Unga xohishga qarab funksiya tayinlash mumkin bo‘ladi.
Insayder so‘zlariga ko‘ra, Lightning quvvatlantirish porti o‘rnini USB Type-C egallaydi. Hozircha hech bir iPhone modelida bunday port yo‘q – 15-model birinchi bo‘lishi kutilmoqda. Ammo asosiy kamera xuddi iPhone SE (2022) smartfonidagi kabi yagona bo‘lib qoladi.
Avvalroq, yangi iPhone SE 2025 yildan keyin chiqarilishi haqida xabar tarqaldi. Kechikish 5G modemini ishlab chiqarish cho‘zilib ketgani bilan izohlandi. Aynan mana shu model Apple kompaniyasining 5G modemlari uchun sinov maydoniga aylanadi.
Hozircha, eng so‘nggi iPhone SE (3) 2022 yil mart oyida chiqarilgan, shuning uchun u hozir nisbatan yangi. Demak, iPhone SE 3 yana kamida 3 yil davomida dolzarb bo‘lib qoladi.