Toyota Corolla Cross, Cadillac Escalade IQ va Zeekr 001 FR – hafta texnodayjesti

Fan-texnika 18:44 / 12.08.2023 72156

iPhone 15 Pro 2 TB xotiraga ega bo‘lishi mumkin

Apple kompaniyasi birinchilardan bo‘lib 2 terabayt ichki xotiraga ega smartfonni sotuvga chiqarmoqchi. Sentyabrda taqdimoti kutilayotgan iPhone 15 Pro va 15 Pro Max smartfonlarining maksimal konfiguratsiyasi 2 TB xotiraga ega bo‘ladi, deb xabar bermoqda insayderlar. Elatib o‘tamiz, iPhone 14 Pro va 14 Pro Max smartfonlari 1 terabayt ichki xotiraga ega edi.

iPhone 15 Pro va 15 Pro Max eng kichik 256 GB xotira bilan ta’minlanadi, bazaviy iPhone 15 va 15 Plus’da eng kam xotira 128 GB bo‘ladi.

Toyota Corolla Cross

Toyota kompaniyasi Xitoyda gibrid krossover – Toyota Corolla Cross’ni taqdim etdi. Bungacha ushbu modelning faqat benzinda harakatlanadigan versiyasi ishlab chiqarilar edi.

Foto: autohome.com.cn

Corolla Cross 2 litr hajmli benzinda harakatlanadigan dvigatel bilan jihozlangan, o‘z navbatida u elektromotor bilan hamkorlikda ishlaydi. Dvigatellar jami 195 ot kuchini beradi. Krossover 100 km masofaga 4,56 litr benzin sarf qilishi qayd etilgan.

Mashinaning uzunligi 4460 mm, eni 1825 mm, bo‘yi 1620 mmni, g‘ildiraklar bazasi esa 2640 mmni tashkil qiladi. Yukxona sig‘imi esa 427 litrni tashkil etadi.

Foto: autohome.com.cn

Avtomobil xaridorlarga 6 xil komplektatsiyada taqdim qilinadi. Bazaviy versiya uchun 19,5 ming dollar narx belgilangan. Top komplektatsiya uchun 25,9 ming dollar to‘lash kerak bo‘ladi.

Foto: autohome.com.cn

Top versiya teridan ishlov berilgan salon, 10,25 dyuymli mediatizimni boshqarish displeyi bilan ta’minlangan. Shuningdek, Apple CarPlay va Huawei HiCar kabi interfeyslarni qo‘llab-quvvatlaydi. Bundan tashqari, unda T-Pilot va Toyota Connect kabi qulayliklar ham joriy etilgan.

Gmail’da avtomatik tarjima xizmati

Gmail elektron pochtaning o‘zida amalga oshiriladigan tarjima xizmatini ishga tushiradi. Shu paytgacha foydalanuvchilar elektron pochtaga yuborilgan matnlarni nusxalashi va Google Translate'ga joylashtirishi kerak edi.

Yangi tizimning ishlash jarayoni oddiy, Gmail avtomatik ravishda elektron pochta tilini aniqlaydi va imkon qadar sifatli tarjimani taklif qiladi. Hozirda ilova Gmail'ning ish stoli versiyasida mavjud bo‘lgan 100 ta tilda ishlashga moslashtirilgan.

Zeekr 001 FR

Geely kompaniyasi Zeekr 001 FR elektromobilini taqdim qildi. Modelning intereri yangilangan dizaynda, tashqi ko‘rinishi ham biroz o‘zgargan. Biroq avtomobil standart liftbek Zeekr 001’ning umumiy dizaynini o‘zida saqlab qolgan. 

Foto: Zeekr

Old bamper o‘zgarishlarga uchragan. Qizil spoylerdan foydalanilgan. Kompaniya ushbu modeli orqali Tesla’ning Model S Plaid’iga raqobatchi bo‘lishni ko‘zlagan.

Zeekr 001 FR yangi dasturiy ta’minot bilan ta’minlangan. Biroq hozircha elektromobilning boshqa xususiyatlari, imkoniyatlari ma’lum qilinmadi. Standart Zeekr 001 554 ot kuchiga ega dvigatel bilan harakatlanadi. 

Kompaniya, shuningdek, 001 FR — modelning maxsus versiyasi ekanligini ta’kidlab, narxi 138 700 dollardan boshlanishini e’lon qildi. Ceriyali ishlab chiqarilish qachondan boshlanishi hozircha noma’lum.

Foto: Zeekr

Eslatib o‘tamiz, yaqinda Yevropada narxi 55 940 yevrodan boshlanadigan Zeekr 001 uchun sotuvlar ochilgandi. Uni seriyali ishlab chiqarish ham boshlangan. 

Instagram’da begona xabarlarni cheklash

Instagram platformasi begonalardan keladigan xabarlarga cheklovlar o‘rnatadi. Bundan keyin kuzatuvchi bo‘lmaganlar cheksiz xabarlar, rasm yoki videolar yubora olmaydi, faqat bittagina xabar jo‘nata oladi. Yozishmalarni davom ettirish esa ikkinchi tomon suhbatga taklifni qabul qilgandan keyingina mumkin bo‘ladi.

Ta’kidlashicha, ushbu yangi cheklovlar bilan foydalanuvchi o‘zi kuzatmaydigan boshqa foydalanuvchidan keraksiz suratlar yoki videolarni qabul qilmaydi va begonalarning ularga qayta-qayta xabar yuborishini cheklab qo‘ya oladi. Yangi funksiya ayollar uchun ko‘proq foydali bo‘lishi kutilmoqda.

Cadillac Escalade IQ

Cadillac Escalade IQ yo‘ltanlamasi taqdim etildi. U to‘la quvvat bilan 724 km masofa bosib o‘tadi. Elektroyo‘ltanlamas dvigatellari jami 761 ot kuchini berishga qodir, 100 km tezlikka chiqishi uchun esa 5 soniya kifoya qiladi.

Foto: Cadillac
Foto: Cadillac
Foto: Cadillac

Sotuvlar boshlanishi 2024 yilga mo‘ljallangan, avtomobil narxi 130 ming dollardan boshlanadi.

Virgin Galactic dastlabki sayyohlarni kosmos chekkasiga olib chiqdi

Milliarder Richard Brenson asos solgan Virgin Galactic kosmik kompaniyasi sayyohlardan iborat birinchi ekipajini koinot chekkasiga muvaffaqiyatli yetkazdi va ularni Yerga qaytardi.

Foto: Virgin Galactic/AP/picture alliance

SpaceShipTwo (VSS Unity) boshqariladigan kosmik kemasi Nyu-Meksikodagi «Amerika» kosmodromidan havoga ko‘tarilgan WhiteKnightTwo egizak korpusli kuchaytiruvchi samolyotdan uchirildi. Kosmoletning tashuvchidan chiqarilishi 15 km balandlikda amalga oshirildi, shundan so‘ng u taxminan 88 km balandlikka ko‘tarildi, bu yerda vaznsizlik boshlanadi. Parvoz davomiyligi 45 daqiqani tashkil qildi. 

Bortda olti kishi - Virgin Galactic bosh astronavtlar yo‘riqchisi Bet Mozes, qo‘mondon Si Jyey Starkou, uchuvchi Kelli Latimer va uch sayyoh - Parkinson kasalligidan aziyat chekkan 80 yoshli sobiq britaniyalik sportchi Jon Gudvin, Keysha Shaxaff va uning qizi Anasteysha Mayyers bo‘lgan. So‘nggi ikkisi Antigua va Barbudadan bo‘lib, xayriya lotereyasida uchish huquqini qo‘lga kiritgan. 

Ko‘proq yangiliklar: