Sog‘lom shaharlar velosipedlar bilan quriladi – O‘zbekiston aholisi mobillashadimi?

Jamiyat 16:55 / 12.08.2023 25361

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) Kun.uz'ga velosipeddan foydalanish, uning foydali jihatlari, bu borada dunyo tajribasi va O‘zbekistondagi holat haqidagi tahlillarini, mavjud muammolarni bartaraf etish uchun tavsiyalarini taqdim etdi.

Salomatlik, ekologiya va iqtisodiyot uchun foydali qurilma

Birinchidan, velosipedlar, shubhasiz, salomatlik uchun foydali transport vositasi. Uni haydash – yurak-qon tomir tizimini mashq qildirib, suyak va mushaklarni mustahkamlaydi, ortiqcha vazn, diabet va boshqa surunkali kasalliklar xavfini kamaytiradi. Har kuni ishga velosipedda boradigan kishilarda saraton kasalligiga chalinish xavfi 45 foizga, yurak-qon tomir kasalliklari xavfi esa 46 foizga kamayishi aniqlangan.

Ikkinchidan, atrof-muhitga zaharli gaz chiqarmagani sababli bu qurilmalar ekologiya uchun ham foydalidir. 2022 yilda shaxsiy avtomobillar global neft iste’molining 25 foizdan ortig‘ini va ulardan chiquvchi zararli gazlar global karbonat angidrid (CO2) emissiyasining taxminan 10 foizini tashkil etgan. Velosipedlardan foydalanish avtomobillardan ajraluvchi gazlarni kamaytirish orqali atrof-muhit ifloslanishining oldini oladi.

Niderlandiyaliklar velosipedda kuniga o‘rtacha 2,6 km harakatlanadi. Agar mazkur odat butun dunyo bo‘ylab tatbiq qilinganda edi, atmosferaga yillik karbon dioksidi ajralmasi 686 mln tonnaga kamayardi. Bu hajm ko‘pgina mamlakatlar, jumladan, Buyuk Britaniya, Kanada, Saudiya Arabistoni va Avstraliyaning umumiy CO2 emissiyasidan ortiqdir.

Uchinchidan, velosipedlar iqtisodiy jihatdan ham odamlarga manfaat keltiradi. Gap shundaki, velosiped bilan qilinadigan sayohatlarning ortishi, avtomobildan foydalanish darajasini qisqartiradi. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, velosipeddan foydalanish ulushini 6 foizga oshirish yillik global iqlim o‘zgarishini yumshatish uchun yo‘naltiriladigan mablag‘larni taxminan 1,2 mlrd AQSh dollariga tejaydi. Havo sifatining yaxshilanishi sog‘liqni saqlash xarajatlarini ham kamaytirib, kasallik tufayli ish kunlari yo‘qotilishining oldini oladi. Bundan tashqari, qisqa masofada harakatlanganda ancha vaqt tejaladi. Sababi tig‘iz soatlarda velosipedda manzilga yetib borish uchun sarflanadigan vaqt avtomobilda sarflanadigan vaqtdan 2-3 baravar ko‘p bo‘lishi mumkin.

Velosipeddan foydalanishda to‘siq bo‘luvchi omillar

Tadqiqotlarga ko‘ra, dunyoda velosipeddan foydalanishga to‘siq bo‘luvchi bir qancha omil ham mavjud bo‘lib, ularni 3 ta asosiy guruhga ajratish mumkin.

1.Velosipedga bo‘lgan munosabat va uning foydali jihatlaridan bexabarlik mamlakatda velosipedlarning yuqori ulushiga erishish yo‘lidagi eng katta to‘siqlardan biri hisoblanadi.

Jamiyatda velosipedlar haqida bir nechta salbiy qarashlar mavjud:

  • Velosiped bu mashina olishga qurbi yetmaydigan kambag‘allar uchun;
  • Ayollar uchun mos transport vositasi emas;
  • Yosh bolalilar (onalar) uchun ham mos emas. Chunki bolalarni bu transport turida bog‘chaga olib borish qulay emas.

Qolaversa, jamiyatning velosipeddan foydalanishi salomatlik va atrof-muhit uchun qanchalik foydali ekanini bilmasligi ham aytilmoqda.

2.Rivojlanmagan infratuzilma velosipedda harakatlanish uchun to‘siqlarni keltirib chiqaradi. Bu esa odamlarda bu ekologik toza va sog‘lom transport turidan foydalanish istagini kamaytiradi. Bularga misol tariqasida:

  • Velosiped yo‘laklarining yo‘qligi;
  • Yo‘llarning yomon holatda ekani;
  • Veloturargohlarning yetishmasligini keltirish mumkin.

Shuningdek, MHTI avtomobil chorrahadan o‘ngga burilayotgan vaqtda to‘g‘riga harakatlanayotgan velosipedchilar uchun to‘qnashuv xavfi tug‘ilishini ham qayd etgan. Bu velosipedchilar bilan bog‘liq eng ko‘p uchraydigan noxush hodisa.

3. Shaharsozlik siyosatini qo‘llab-quvvatlash masalasi ham bor. Ya’ni davlat yoki mahalliy hokimiyat organlari velosport infratuzilmasini rivojlantirishga yetarlicha e’tibor bermasa, veloyo‘laklar, avtoturargohlar va boshqa tegishli obektlarni qurish, ularni saqlash uchun mablag‘ va resurslar ajratmasa, bu qurilmadan foydalanish darajasi pastligicha qolaveradi.

Ish beruvchilarning velosipedda ishga qatnovchi xodimlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida minimal sharoitlar yaratishi ham ahamiyatli. Bunda velosipeddan foydalangandan so‘ng yengil dush qabul qilish va kiyim almashtirishga ehtiyoj tug‘iladi, buning uchun esa ishxonalarda maxsus joylar tashkil qilinishi muhim. Hozirgi vaqtda ishlovchilarning binosida bunday minimal talablarga javob beruvchi joylarning yo‘qligi, ayniqsa issiq yoki yomg‘irli havoda velosipeddan foydalanishga to‘sqinlik qiladi.

Xorij davlatlarining velosiped bo‘yicha milliy maqsadlari

Velosipedning muhim afzalliklarini anglagan holda, ko‘pgina davlatlar velosiped transportini rivojlantirish uchun umummilliy maqsadlarni belgilab olgan.

2021 yilning may oyida “Velosipedlashtirish” Panevropa rejasi qabul qilingan. Bosh rejaning asosiy maqsadi – “2030 yilga qadar butun mintaqada velosipedchilar sonini ikki baravar oshirishdek umumiy maqsadga hissa qo‘shish uchun har bir mamlakatda velosipedchilar sonini sezilarli darajada oshirish”. Rejaga ko‘ra, 2030 yilgacha barcha davlatlar velotransport milliy siyosatini ishlab chiqishi va amalga oshirishi kerak.

Shunga muvofiq, Yevropa Ittifoqiga a’zo bir qator davlatlar o‘z milliy maqsadini belgilab olgan. Masalan, Fransiya 2024 yilgacha velosipedlashtirish darajasini uch baravar, ya’ni 3 foizdan 9 foizgacha oshirishni mo‘ljallamoqda.

Bolgariya, Xorvatiya, Ruminiya va Serbiya kabi mamlakatlar "Dunay velosipedda harakatlanish rejasi"ning hamkorlari bo‘lib, transmilliy "Dunay velotransport strategiyasi" asosida velosiped siyosatini ishlab chiqqan.

Angliya 2025 yilga borib, 2013 yildagiga nisbatan velosiped sayohatlari sonini ikki baravar oshirishni ko‘zda tutmoqda.

O‘zbekistonda velosiped bilan bog‘liq vaziyat qanday?

Dunyo mamlakatlarida jami aholining aynan velosiped orqali ishga qatnash darajasi foizlarda olib qaraganda yomon natijani ko‘rsatmagan. O‘rganishlarga ko‘ra, global miqyosda bu ko‘rsatkich o‘rtacha 12 foizni tashkil qiladi. Bular orasida eng ko‘p raqamlar quyidagicha qayd etilgan:  

  • Niderlandiya 30 foiz;
  • Hindiston    22 foiz;
  • Xitoy            22 foiz;
  • Shvetsiya         20 foiz;
  • Kolumbiya      17 foiz;
  • Polsha           17 foiz va boshqalar.

Mavzuni o‘rganish jarayonida MHTI Kun.uz bilan hamkorlikda kichik so‘rovnomalar ham o‘tkazdi. Dastlabki so‘rov natijalariga ko‘ra, 102,1 ming nafar odamning atigi 7 foizigina ishga qatnashda velosipeddan transport vositasi sifatida foydalanishini ma’lum qilgan. Qolgan 51 foizi avtomobilda (ularning 36 foizi shaxsiy avtomobilda), 26 foizi jamoat transportida va 16 foizi piyoda qatnashi aniqlangan.

“Agar qulay infratuzilma bo‘lsa, ishga qatnashda velosipeddan foydalangan bo‘larmidingiz?” deya berilgan ikkinchi so‘rovda esa 97 ming kishining 74 foizi “ha” deya javob bergan. Ya’ni respondentlarning yarmidan ko‘pi velosipeddan foydalanmayotganining asosiy sababi sifatida shahardagi noqulay infratuzilmaga ishora qilgan. Qolgan 26 foizi esa rad etish uchun turli sabablarni ko‘rsatgan. Masalan, masofaning uzoqligi (12 foiz), uyalish (4 foiz), noqulaylik (4 foiz), sog‘lik bilan bog‘liq muammolar (2 foiz) va boshqa sabablarni (4 foiz) belgilagan.

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar institutining o‘rganishlariga ko‘ra, poytaxtda velosipedda harakatlanishga to‘sqinlik qiluvchi bir qator infratuzilmaviy kamchiliklar mavjud:

  • Velosipedchilar beton, ariqlar, chakana savdo rastalari kabi to‘siqlarga duch keladi va avtomobillarning veloyo‘laklardan avtoturargoh sifatida foydalanishi bilan bog‘liq holatlar ko‘p kuzatiladi;
  • Piyodalar veloyo‘laklarga chiqib, velosipedchilarning harakatlanishiga to‘sqinlik qiladi;
  • Ba’zi ko‘chalardagi velosiped yo‘laklarining kengligi 1 metr bo‘lib, xalqaro standartlarga javob bermaydi;
  • Velosiped yo‘laklari tarqoq va bir-biri bilan bog‘lanmangan. Buning oqibatida velosipedchilar yo‘lning qatnov qismi bo‘ylab harakatlanishga majbur bo‘lmoqda.

2022 yilda O‘zbekistonda 9 ming 902 ta YTH rasman qayd etilgan bo‘lib, ulardan 1 ming 136 tasi (11,5 foizi) velosipedchilar ishtirokida sodir bo‘lgan. 342 ta (3,5 foizi) holatda velosiped yo‘laklarining yo‘qligi avtohalokatga sabab bo‘lgan.

Bunga qo‘shimcha ravishda, infratuzilma bilan bog‘liq bo‘lmagan bir qator boshqa omillar borligi ham aniqlangan:

1.Mamlakatda velosipedlarga past ijtimoiy mavqega ega kishilarning transport vositasi sifatida qarash mavjud. Bu esa o‘z navbatida velosipedlardan foydalanishga nisbatan salbiy munosabat shakllanishiga olib keladi. Aytish joizki, bu borada O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi fuqarolarni sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish va velosipeddan foydalanishga undash maqsadida har juma kuni “Avtomobilsiz kun” tashabbusini taklif qilgan. 

2. Mintaqa iqlimi ekstremal hisoblanib, yoz oylarida harorat juda ko‘tarilib ketishi mumkin. Bu velosipedchilar uchun noqulaylik tug‘dirishi va velosipedlardan uzoq vaqt davomida foydalanishni cheklashi mumkin.

3. O‘zbekistonda ko‘pchilik velosipeddan transport vositasi sifatida foydalanishning foydali jihatlari, ya’ni velosipedlarning salomatlik va atrof-muhit uchun ijobiy ta’siri borasida to‘liq ma’lumotga ega emas.

Institutning bu boradagi tavsiyalari

Velosipedning yanada kengroq va ommaviy transport turiga aylanishi uchun xavfsiz va qulay infratuzilma, jumladan, to‘xtash joylari va ta’mirlash stansiyalarini qurish zarur. Bu velosipeddan foydalanishni yanada qulay va jozibali qilishga yordam beradi. Jahon tajribasi shuni ko‘rsatadiki, agar shahar aholisiga qulay, xavfsiz velosiped infratuzilmasi taklif qilinsa, odamlarning 5-10 foizi velosipeddan foydalanishga o‘tish uchun tayyor.

Yana bir tadqiqotga ko‘ra, velosipedni kundalik transport vositasi sifatida targ‘ib qilish orqali uning ommalashishiga erishish mumkin. Velosipedning afzalliklari haqida xabardorlikni oshirishga qaratilgan keng qamrovli marketing kampaniyasi bilan velosipeddan foydalanish madaniyatini shakllantirish taklif etiladi.

Velosipedlardan foydalanishni targ‘ib qilish yo‘lidagi muhim qadam bu – shahar va sayyohlik hududlarida velosipedlarni ijaraga berish tizimi (veloshering)ni rivojlantirishdir. Bu o‘z velosipediga ega bo‘lmagan odamlarga undan foydalanib ko‘rish imkonini beradi. Shuningdek, velotransportga ijobiy munosabatni shakllantiradigan va bu turdagi faoliyatga ko‘proq odamlarni jalb qiladigan velosiped jamiyatlarini, poygalar va sayohat tadbirlarini tashkil qilish taklif etiladi.

Yangi Toshkent qurilayotgan vaqtda mazkur mavzu o‘ta ahamiyatli hisoblanadi. Velosiped yo‘laklarini yangi shahar rejasiga kiritish ekologik barqarorlikka, aholi salomatligi va farovonligiga, shuningdek, iqtisodiy rivojlanish va hayot sifatini yaxshilashga hissa qo‘shadigan muhim jihatdir.

Abdusattor Abdumo‘minov, MHTI yetakchi ilmiy xodimi,

Dilshoda Shomirzayeva, Kun.uz muxbiri tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: