Korxonalariga yangi xodimlarni jalb qilish uchun kompaniyalar Google va Apple’dagi singari sharoitlar hozirlashga, maoshlarni oshirishga yoki yoshi katta ishchilarni qayta o‘qitishga majbur bo‘lishmoqda, deb yozadi Wall Street Journal nashri. Bularning barchasi Osiyodagi arzon tovarlar ishlab chiqarish davri tarixga muhrlanishiga zamin yaratmoqda.
Muammo nimada?
Osiyo qit’asi o‘nlab yillar davomida jahondagi eng yirik «zavod sexi» sanalgan, bu yerda ishlab chiqarilgan arzon mahsulotlar butun dunyo bo‘ylab savdoga chiqarilgan. Endi esa Osiyo davlatlarida o‘z ishlab chiqarishiga ega bo‘lgan global korporatsiyalar tashvishga tushib qolishgan: osiyolik yoshlar fabrikalarda ishlashni istashmayapti. Yosh avlodni jalb qilish uchun kompaniyalar ko‘proq harakat qilishga majbur bo‘lishmoqda.
Instagram, TikTok va boshqa ijtimoiy tarmoqlarning tarbiyasini olgan osiyolik yosh mutaxassislar bir tomondan, fabrikalardagi og‘ir ish o‘rniga yengilroq mehnat bilan shug‘ullanishni istashmoqda. Ikkinchi tomondan, Osiyodagi demografik jarayonlar ham o‘z ta’sirini ko‘rsatmoqda: yosh oilalar farzand ko‘rishga shoshilmayapti, ota-onalari singari katta oila barpo etmoqchi emas, shu sababli yaqinlarini boqish uchun ularga katta maosh ham kerak emas. Ular barqaror maosh ketidan quvmasdan, ishini ham osongina o‘zgartira olishadi, erkin ish grafigi istashadi va fabrikalardagi qat’iy kun tartibini yoqtirishmaydi. Tobora rivojlanib borayotgan xizmat ko‘rsatish sohasi ularga o‘zlari istayotgan imkoniyatni taqdim etmoqda.
Natijada, masalan, Xitoyda paradoksal vaziyat kuzatilmoqda: fabrikalarda ishchi kuchi yetishmayapti, biroq shahar yoshlari o‘rtasida ishsizlik iyun oyida 21 foizni tashkil etgan.
Fabrikalar qanday yo‘l tutmoqda?
Yoshlarni jalb qilish uchun fabrikalar mehnat sharoitini yaxshilashga va maoshlarni oshirishga harakat qilmoqda, xodimlarga turli bonuslar taqdim etmoqda — oshxonalardagi ovqatlarni mazaliroq qilishdan tortib, xodimlarning farzandlari uchun bolalar bog‘chasi ochishgacha.
WSJ nashri yozishicha, masalan, Viyetnamdagi ayrim tikuv fabrikalari Google ofisidek jihozlangan — panoramali derazalar, qahvaxonalar xizmat ko‘rsatib turibdi, xodimlar uchun yoga va raqslar bilan tekinga shug‘ullanish imkoniyati, kompaniya hisobidan har oylik hordiq chiqarish korporativlari tashkillashtirilmoqda.
Amerikaning o‘yinchoqlar va stol o‘yinlari ishlab chiqaruvchi Hasbro kompaniyalari Viyetnam va Xitoydagi ish kuchi yetishmovchiligi xarajatlar oshishiga sabab bo‘lganini ma’lum qilgan. Barbi qo‘g‘irchoqlarini ishlab chiqaruvchi Mattel kompaniyasi ham Osiyodagi ishchi kuchi bilan bog‘liq xarajatlarga duchor bo‘lgan. Natijada har ikki kompaniya o‘z mahsulotlari narxini oshirishga majbur.
O‘z poyabzallarining katta qismini Osiyoda ishlab chiqaruvchi Nike kompaniyasi ishchi kuchiga bo‘lgan xarajatlar keskin oshgani munosabati bilan ishlab chiqarayotgan mahsulotlari narxi oshirilishini e’lon qildi.
Osiyoda ishlayotgan kompaniyalarning ayrimlari esa ishlab chiqarishni shaharlardan ishsizlik darajasi yuqori bo‘lgan uzoq qishloq hududlariga olib o‘tishmoqda. Bu xodimlarni yollash bilan bog‘liq muammoni hal qilgani bilan, boshqa muammoni keltirib chiqarmoqda: birinchisi, fabrikalar uzoqda joylashgani tufayli logistika bilan bog‘liq muammolar bo‘lsa, ikkinchisi, qishloq joylardagi personallarni o‘qitish bilan bog‘liq tashvishlar.
Tayvandagi mebel fabrikasi egasi WSJ’ga hikoya qilib berishicha, qishloq joyda joylashgan personalning bir qismi o‘qishni yaxshi bilmaydi, shu sababli vazifalar og‘zaki shakllantiriladi.
Yosh personal yetishmovchiligi tufayli kompaniyalar yoshi o‘tgan ishchilarni yollash va yangi texnologiyalarga o‘qitishga majbur bo‘lmoqda. Masalan, 2001 yilda Nike kompaniyasining 80 foiz xodimlari 22 yosh atrofidagi osiyoliklar bo‘lishgan. Hozir Nike’ning o‘rtacha statistik ishchisi Xitoyda — 40 yoshda, Viyetnamda — 31 yoshda.
Viyetnamning Maxport Limited kompaniyasi yoshlarni jalb qilish uchun ofisdagi sharoitni yaxshilashga qaror qilgan: endi fabrikalarda quyosh nuri ko‘proq tushib turadi va yashil zonalar ko‘paytirilgan. Yosh xodimlarga o‘z malakasini oshirib, xizmat pillapoyasida yuqorilash imkoniyati taqdim etilgan.
Malayziyadagi zavodlarda uniforma va dress-kodga talablar susaytirilgan, xodimlarga o‘zlariga yoqqan kiyimni kiyib yurishga ruxsat berilgan. Shuningdek, zavod xonalari qayta jihozlanib, ular qulay va yoqimli ko‘rinishga keltirilmoqda.
Endi nima bo‘ladi?
Osiyo fabrikalaridagi bunday o‘zgarishlar — Osiyoda ishlab chiqarilgan arzon mahsulotlarga ko‘nikkan g‘arb iste’molchilari uchun ham, bundan foyda ko‘rib kelgan global korporatsiyalar uchun ham yomon xabar, albatta. O‘ta arzon osiyocha ish kuchi davri nihoyalanganga o‘xshayapti, deb yozadi WSJ. Viyetnamdagi fabrikalarda ish haqi 2011 yildan buyon ikki barobar ko‘tarilgan (o‘sish sur’ati AQShdagidan uch barobar yuqori). Xitoyda korxonalardagi maoshlar 2012 yildan 2021 yilgacha 122 foizga oshgan.
Vaziyat iziga tushishidan umid yo‘q. Ilgari ishlab chiqaruvchilar eng arzon yo‘nalishlarni tanlay olishgan bo‘lsa, hozir bunaqasi ham qolmadi hisob: hattoki aholisi juda ko‘p bo‘lgan Hindistonda ham zavod rahbarlari yosh ishchilarni ushlab qolish tobora qiyin bo‘lib borayotganidan shikoyat qilishmoqda.