Namangan shahrining Taxtako‘prik ko‘chasida yashovchi 80 yoshli Hasan-Husan Botirovlarni ko‘rgan inson borki, yuziga tabassum yugurishi aniq. Egizak nuroniylar bilan miriqib suhbat qurish, duolarini olishga ko‘pchilik oshiqadi. Ikki tomchi suvday bir-biriga o‘xshaydigan egizaklarni butun shahar taniydi. Yuzidan nur yog‘ilib turuvchi otaxonlar bilan suhbatlashgan insonning kayfiyati ko‘tariladi.
Hasan ota Botirov ko‘p yillar mahalla idorasida ishlagan. Husan ota esa tibbiyot sohasida o‘qib, hatto hozir ham mahallada feldsherlik bilan shug‘ullanadi.
“1944 yilda tug‘ilganmiz. Oilada 5 farzand – 3 o‘g‘il, 2 qiz edik. Hozirda ikki egizaklar qolganmiz. Rahmatli ota-onamiz iymon-e’tiqodli inson bo‘lishgan. Bizlarni halol mehnat bilan tarbiya qilishdi. Uyda qandolat mahsulotlari tayyorlab, bozorga olib borib sotib kelishardi.
Esimizda, qandfurushlikdan topgan pulga bazo‘r ro‘zg‘or tebratar edik. Hatto melisalar bozorda peshona teri bilan topgan pullarimizni olib qo‘yardi.
Bolalik davrimizda hayot kechirish nihoyatda og‘ir bo‘lgan. Oziq-ovqat tanqisligi kuzatilgan. O‘sha paytda onam rahmatli ikkimizni yelkasida ko‘targancha do‘kondan non olib kelar ekan.
Ota-onamiz vafot etgandan keyin Husanjon ukam bilan alohida yashay boshladik. Garchi Husanjon bilan uyimiz boshqa-boshqa bo‘lsa-da, biz doim birgamiz. Shu yoshga yetkazgani uchun Yaratganga shukr. Qanday ajoyib nurli, farishtali egizaklar ekan-a, deb ko‘rganlar havas qilishadi.
Ba’zan tobim qochib qolganida ukamning ham sog‘ligida muammo bo‘lganini aytishadi. Biz bir tan-u bir jonmiz. Egizaklarning qoni bir deyishadi. Bu gaplar bejiz aytilmagan.
Yaratgan 4 farzand bilan siyladi. Hozirda bir o‘g‘lim hayot xolos. Ukam Husanjon esa 8 farzandning otasi. Uning Ahmad va Muhammad ismli egizak farzandlari bor.
1960 yildan e’tiboran mahalla idorasida faoliyat olib bordim. Idorada 38 yil ishladim. Mahalla ahli bilan aka-ukadek ahil-inoq yashaganmiz”, – deydi Hasan ota Botirov.
“Fotima-Zuhra qidirganmiz. Lekin bizning yoshga mos egizaklar topilmagan...”
“Ba’zida so‘rashadi. Qaysi biringiz kattasi deb. Savollarga javoban bo‘ydan men kattaman, yoshdan ular katta deb javob beraman.
Biz ko‘pincha mahalladagi Nur oshxonasida ovqatlanamiz. So‘rida yonma-yon o‘tirganimizda atrofimizni o‘rab olishadi.
Hammalari tikilib qarashadi. Yoshlar duo olishadi. Haqlariga duo qilamiz. Bizga hamma havas qiladi.
Menda 6 o‘g‘il, 2 qiz farzandim bor. Egizak bo‘lganimiz uchun Yaratgan kenja farzandlarimni ham egizak yaratdi. Shukrki, hammalarini uyli-joyli qildik.
Birinchi bo‘lib men (Husan ota) 1970 yilda uylanganman. Chunki kelinlikka nomzod birinchi bo‘lib menga topilgan. Keyinroq akam Hasanjon uylandi. Kech uylanishining sababi unga mos qiz topilmagan. Avvaliga uylanish uchun Fotima-Zuhra egizaklarni qidirganmiz. Lekin bizning yoshga mos egizaklar hadeganda topilavermagan. Taqdir ekan, alohida to‘y qilishga to‘g‘ri kelgan.
1964 yilda feldsherlikka o‘qib, 1967 yilda o‘qishni tamomladim. 1970 yildan to shu kungacha feldsherlik qilaman. Odamlarga “ukol” qila boshlaganimga 53 yil bo‘ldi. Hozir ham feldsherlik qilaman. Ba’zan yarim kechalari ham tibbiy yordamga muhtoj bo‘lganlar chaqirib qolishadi.
Baxt bu eng avvalo xotirjamlik. Oila, bola-chaqa, farzandlarning o‘zi eng katta baxt. Ikki egazak ko‘chalarda hazil-huzil qilib kulishib yuramiz. Shuning o‘zi ham biz uchun ulkan baxt. Zamonamiz tinch, farovon, Yaratganga shukr.
Farzandlarim skuter olib berishdi. Zerikib qolsak, Hasan akam bilan shahar aylanamiz. Skuterda ko‘cha aylanganimizda ko‘pchilik havas bilan qarab, duo qilishimizni so‘rashadi. Qo‘llarimiz doim duoda”, – deydi Husan ota Botirov.
Sarvar Ziyoyev, Kun.uz
Montaj ustasi: Jahongir Aliboyev