Pasport va avtoraqamni uyga yetkazib berish xizmati yo‘lga qo‘yiladi

Jamiyat 23:03 / 04.08.2023 14421

«Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish, shuningdek, avtomototransport vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va davlat raqami belgilarini berish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida»gi hukumat qarori qabul qilindi. 

Unga ko‘ra, davlat xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha quyidagi 2 ta ma’muriy reglament tasdiqlandi: 

1. O‘zbekiston fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning yashash joyiga borib, migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish 

Ushbu xizmat qo‘shimcha to‘lov asosida (xizmat ko‘rsatilishi uchun to‘lov oldindan to‘langan holda) ko‘rsatiladi. 

Ammo aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifasiga xizmat 10 ish kuni mobaynida murojaat etuvchining yashash joyiga borib, qo‘shimcha to‘lov undirilmagan holda ko‘rsatiladi. 

Aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifasiga quyidagilar kiradi:

– o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz keksalar va yolg‘iz yashovchi keksalar;

– I va II guruh, nogironligi bo‘lgan shaxslar, nogironligi bo‘lgan bolalar;

– muomalaga layoqatsiz va muomala layoqati cheklangan fuqarolar;

– ijtimoiy ahamiyatga ega kasalliklarga chalingan shaxslar;

– yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar;

– ijtimoiy xizmatlarga muhtoj deb topilgan shaxslar. 

Aholining boshqa toifasiga xizmat qo‘shimcha to‘lov asosida (xizmat ko‘rsatilishi uchun to‘lov oldindan to‘langan holda) ko‘rsatiladi. 

2. Fuqarolarning yashash joyiga borib, avtomototransport vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqami belgilarini berish 

Reglamentga ko‘ra, transportni ro‘yxatga olish bo‘yicha sayyor davlat xizmatlari qo‘shimcha to‘lov asosida 1, 3 yoki 5 kunda ko‘rsatiladi (to‘lov xizmat ko‘rsatilishidan oldin amalga oshiriladi). 

Bunda xizmat ko‘rsatganlik uchun qo‘shimcha to‘lov miqdorlari quyidagicha:

- 1 kunda ko‘rsatilganda – BHM 4 baravari;

- 3 kunda ko‘rsatilganda – BHM 3 baravari;

- 5 kunda ko‘rsatilganda – BHM 2 baravari. 

Xizmat ko‘rsatish masofasi 10 kilometrdan oshganda, har bir kilometr uchun qo‘shimcha BHM 5 foizi miqdorida to‘lanadi. 

Ushbu sayyor davlat xizmatlari 2023 yil 1 dekabrdan yo‘lga qo‘yiladi. 

Sayyor davlat xizmatidan foydalanishni istovchilar Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasining rasmiy veb-sayti, «Call-markaz», mobil ilovasi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali murojaat etadi. 

Murojaat etuvchilar so‘ragan kunda sayyor davlat xizmatlarini ko‘rsatish imkoniyati mavjud bo‘lmasa, bu haqda ular ogohlantiriladi va boshqa kunni tanlash taklif etilishi mumkin. 

Ko‘proq yangiliklar: