O‘zbekiston kompaniyasi Turkiyadagi ko‘rgazmada antidron tizimlarini namoyish etdi

Jamiyat 17:26 / 03.08.2023 31430

Istanbul shahridagi “Tuyap” ko‘rgazmalar markazida 2023 yilning 25-28 iyul kunlari IDEF-2023 16-Xalqaro mudofaa va xavfsizlik sanoati ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur ko‘rgazmada 55 mamlakatdan 1461 xorijiy kompaniya va 81 xorijiy mamlakatdan 189 rasmiy delegatsiya ishtirok etdi. Jumladan, tadbirda xalqaro e’tiborga ega bo‘lgan Germaniyaning “Rohde & Schwarz”, Fransiyaning “Airbus” va “MBDA”, Turkiyaning “Aselsan”, “Roketsan” va “Nurol Makina” kompaniyalari, Pokiston, Xitoy, BAA, Misr va boshqa davlatlar mudofaa sanoati kompaniyalari o‘z mahsulotlarini namoyish etishdi.

Ushbu nufuzli kompaniyalar qatorida mamlakatimizda uchuvchisiz uchish apparatlariga qarshi statsionar va portativ tizimlar ishlab chiqarayotgan “Electronic Autonomous Solutions” kompaniyasi IDEF-2023 ko‘rgazmasida eksponent sifatida ishtirok etdi hamda antidron tizimlarni jahon miqyosida namoyish etishga muvaffaq bo‘ldi.

Tadbir doirasida “Electronic Autonomous Solutions” kompaniyasining vakillari Turkiya, Ispaniya, Italiya, Polsha, Xitoy, Bangladesh, Misr, Marokash, Moldaviya, Ozarboyjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va boshqa davlatlar kompaniyalari va rasmiy delegatsiyalari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi hamda antidron tizimlarni yetkazib berish sohasida hamkorlik o‘rnatish bo‘yicha bir qator kelishuvlarga erishdi.

Shu bilan birga, ko‘rgazmada rasmiy delegatsiya sifatida ishtirok etayotgan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar, Mudofaa vazirliklari, Milliy gvardiya va Bosh konsullik vakillari “Electronic Autonomous Solutions” kompaniyasining stendiga tashrif buyurdi va kompaniyani faoliyatini yuqori baholashdi.

Ma’lumot uchun, IDEF ko‘rgazmasi Turkiya prezidenti tashabbusi bilan Mudofaa vazirligi, Mudofaa sanoati raisligi va Qurolli kuchlar jamg‘armasi tomonidan tashkil etiladi. Ko‘rgazma qurol va xavfsizlik texnologiyalari bo‘yicha eng nufuzli xalqaro ko‘rgazmalardan biri bo‘lib, bugunga qadar 15 marotaba o‘tkazilgan.

Qurol-aslaha, elektron himoya vositalari, ballistik tizimlar, radar qurilmalari, telekommunikatsion tizimlar, optik elektronika, o‘q-dorilar, harbiy texnika, yer, suv va havodagi himoya tizimlari, muhandislik inshootlari, maxsus jihozlar IDEF ko‘rgazmasining asosiy profillari hisoblanadi.

Ta’kidlash joizki, joriy yilning 20-24 fevral kunlari Birlashgan Arab Amirliklari Abu-Dabi shahrining ADNEC Milliy ko‘rgazmalar markazida o‘tkazilgan IDEX-2023 ko‘rgazmasida “Electronic Autonomous Solutions” MChJ O‘zbekistonning mudofaa sanoati korxonalari qatorida ishtirok etgan edi.

Ko‘proq yangiliklar: