“Ruandaning tabiati va havosi uchun yevropaliklar ko‘chib kelyapti” – Afrikada yashayotgan o‘zbek tadbirkori bilan suhbat

Jamiyat 20:53 / 02.08.2023 54262

Sharqiy Afrikada joylashgan Ruandada harorat hozir +20...+30 daraja, qalin o‘rmonlar bilan o‘ralgan, odamlar tinimsiz daraxt ekadi, biror joyida chiqindi ko‘rmaysiz, desak ishonasizmi? Bu ta’rifni 2 yildan beri Ruandada yashayotgan o‘zbek tadbirkori Baxtiyor Egamberdiyev aytyapti.

Ruanda haqida ilk taassurotlar

Sharqiy Afrika kengliklarida doimiy yomg‘irlar, toza havo, bepoyon o‘rmonlar va yovvoyi tabiat bag‘rida 13 million ruandalik yashaydi. Ruanda Sharqiy Afrikada joylashgan tabiati betakror davlat. U Afrika haqidagi tasavvurlaringizni 180 gradusga o‘zgartirib yuboradi. Buni biz emas, Ruandada 2 yildan beri yashab kelayotgan o‘zbek tadbirkori Baxtiyor Egamberdiyev aytmoqda. Asli xorazmlik bo‘lgan Egamberdiyev o‘qish va ishlash maqsadida oldin Germaniya, keyin Xitoy, Turkiyaga ketib, hozir Ruandada yashayapti. U gaz plitalari va oshxona texnikalarini yig‘ish va sotish bilan shug‘ullanadi. Tadbirkor Afrikaga kelish haqida hech qachon o‘ylamagani, Ruandani esa faqat xaritadan bilishini aytadi.

Menga ish taklif qilgan sherigim dunyoda Ruandachalik toza davlat yo‘q deganda oshirib yubordi, deb o‘ylagandim, lekin kelib gapi to‘g‘riligiga amin bo‘ldim. Kelganimdan keyin birinchi navbatda bu yerning ob-havosi yoqqan. Chunki biz oilaviy allergiyadan qiynalardik. Kelganimizdan keyin esa allergiya bezovta qilmay qoldi. Bu davlat menga yoqib qoldi", – deydi Egamberdiyev.

Byurokratiya yo‘q, tadbirkorlik qilish himoyalangan

2 yildan oshiq vaqt davomida Ruanda haqida ko‘plab ijobiy tasavvurlarga ega bo‘lgan qahramonimizning hikoya qilishicha, bu yerda tadbirkorlik qilish himoyalangan, biznes qilish juda oson. Afrikaning hech bir joyida Ruandachalik xavfsiz davlat yo‘q. Bu yerda korrupsiya kam, buyurokratiya yo‘q. Tizimlar to‘liq onlaynga o‘tgan, hech kim u hujjatni olib kel, bu hujjating qani deb boshingizni og‘ritmaydi. Hamma qoidaga amal qiladi, shoshadigan odamni ko‘rmaysiz. Oziq-ovqat va mashinalar narxi O‘zbekistondagidan ancha arzon. Uy-joy narxlari esa katta farq qilmaydi. O‘qituvchi va shifokorlar daromadi ham balandroq.

Ruandani o‘zgartirgan genotsid

Oldin Germaniya, keyin Belgiya mustamlakasi bo‘lgan bu davlat 1962 yilda mustaqillikka erishgan. Lekin Ruandaning bugungi qiyofasi shakllanishi 1994 yilgi fuqarolar urushiga bog‘liq. O‘sha yili 7 aprelda qariyb 100 kun davom etgan fuqarolar urushi boshlanadi.

Urush mamlakatdagi asosiy 2 etnik guruh tutsi va hutular o‘rtasida bo‘lib o‘tadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, genotsidda hutu jangarilari 600 mingdan ortiq tutsini vahshiylarcha o‘ldirib yuborgan. Bu voqea tarixga Ruanda genotsidi nomi bilan kirgan. Hozir ruandaliklar u kun haqida eslashni istashmaydi. 1996 yildan keyin Ruandada qayta qurish boshlangan. Mamlakatdagi muhim sohalarda tutsilar ulushi ko‘proq. Ruanda rahbari ham tutsilardan.

Baxtiyor Egamberdiyevning aytishicha, shu genotsiddan keyin shahar tubdan o‘zgargan. O‘sha paytda rivojlanish dasturi bo‘yicha Toni Bler, Bil Klinton kabi taniqli siyosatchilar maslahatsi sifatida qatnashgan. Ruandaga davlat va jamiyat rivojlanishida kompleks bir tizim olib kirilgan.

“Hamma sohada chet el, asosan Angliya sistemasi o‘rnatilgan. Natijada mamlakat juda qisqa vaqt ichida rivojlangan. Odamlar qanday qilib bunday tarbiyalanganiga o‘zim ham qoyil qolaman. Odamlar bir-biri bilan konfliktga borishni istamaydi, baqir-chaqir qilmaydi. Agar ko‘chada 2 kishi urishib turgan bo‘lsa, sababi yoki aybdorni aniqlab o‘tirmay ikkalasini ham qamab qo‘yishadi”, – deydi u.

“Odamlar tinimsiz daraxt ekadi”

Egamberdiyev 2 yil davomida ko‘chaga biror kishi chiqindi tashlaganini ko‘rmaganini, sellofan paket ishlatish umuman mumkin emasligi va uning o‘rnida hamma qog‘oz paket ishlatishini aytadi.

Ruandada “umuganda day” — tozalik kuni degan tadbiri bor. Bu kun oyida 2 marta bo‘ladi. O‘sha kuni tush 13:00gacha hech qayer ishlamaydi, butun davlat bo‘ylab tozalik qilinadi. Hamma uyining atrofini tozalaydi, hatto bu tadbirga prezident va uning oilasi ham qatnashadi. Oyida bir marta esa daraxt ekish kuni bo‘ladi. Odamlar oilaviy chiqib daraxt ekadi. Shunday toza tabiati va havosi uchun ham hozir bu yerga ko‘chib kelayotgan, uy olayotgan yevropaliklar ko‘paygan”, – deydi tadbirkor.

Ma’lumot uchun, Ruandada daraxt juda qadrlanadi. Uni kesishga jinoyat sifatida qaraladi. Bitta daraxtni kesganlik uchun jarima 1000 dollardan boshlanadi. Ayrim daraxtlarni kesganga 5000 dollargacha jarima solinadi.

Ruanda so‘zi “ming tepalik” degan ma’noni beradi, hamma joy tog‘ va o‘rmondan iborat. Odamlar tinimsiz daraxt ekadi. Tekis joy yo‘q. Kislorod juda ko‘p. Yilda 2-2,5 oy yomg‘irsiz mavsum bor. Qolgan oylar har kun yomg‘ir yog‘ib turadi.

Shuning uchun kelganimdan keyin, 10-15 kun shok bo‘lib yurganman. Shaxsan o‘zim bu yerlar Yevropa davlatlari mustamlakasi bo‘lgani uchun bu yerni dunyoning boshqa davlatlaridan yashirib kelgan deb o‘ylayman. Shuning uchun biz Afrika davlatlari haqida unchalik ko‘p ma’lumotga ega emasmiz”, – deydi Egamberdiyev.

Haqiqiy sayohatlar makoni

Ruandaliklar asosan qishloq xo‘jaligidan foyda ko‘radi. Mamlakat daromadining asosini choy va banan, mango, ananas kabi tropik mevalar tashkil qiladi. Bundan tashqari, turizm ham Ruanda iqtisodiyotining muhim qismi sanaladi. Turistlar safarilar, savannalar, junglilarni ko‘rish va qabila bo‘lib yashaydigan odamlar manzillariga borish uchun tur qilishadi.

Akagera milliy bog‘i
Akagera milliy bog‘i

Bu yerda Kivi degan ko‘l bor. Uning atrofida katta turistik zona tashkil qilingan. Shuni ko‘rish uchun ham qo‘shni davlatlardan odamlar keladi. U yerga borsangiz, xuddi Yevropaga borgandek bo‘lasiz, tozaligi, xizmatlari Yevropa darajasida”, – deb tushuntiradi u.

Afrika davlatlari so‘zini eshitganda qabila bo‘lib yashaydigan odamlari bor davlatlar degan tasavvur ham uyg‘onadi. Egamberdiyevning aytishicha, bunday tasavvur to‘g‘ri emas. Ruandada odamlar bugungi zamonaviy dunyo odamlaridek yashaydi.

Faqat bir joyda vulqon bor va o‘shaning atrofida liliputlar qabilasi saqlanib qolgan. Bu kichkina qabila davlat tomonidan himoya qilinadi. Vulqon atrofida yomg‘ir o‘rmonlari bor. U yerda har kun yomg‘ir yog‘adi. Yurgan vaqtingiz ham bulutlar orasida yurasiz. Qabila ham o‘sha joyda deyishadi. Qabila a’zolari ham shaharga tushib, odamlarga qo‘shilishni xohlashmaydi”, – deydi Egamberdiyev.

O‘zbekistondan Ruandaga sayohatga borish qanchaga tushadi?

O‘zbekistondan Ruandaga reys yo‘q. Shuning uchun o‘zbekistonliklar Istanbul, Misr, Dubay, Qatar orqali Ruandaga borishlari mumkin. Mehmonxonalar 30 dollardan boshlanib, 1,5 ming dollargacha yetadi. Egamberdiyevning aytishicha, 30-40 dollarlisi ham o‘rmon ichida sharoiti juda yaxshi. Shunday qilib, 10 kunlik sayohatga o‘rtacha 300 dollar, yeb-ichishga 200 dollar atrofida pul sarflash mumkin. 30-40 dollarga mashina ijaraga olsangiz, biletdan tashqari taxminan 1000 dollarga sayohat qilib kelsangiz bo‘ladi. Lekin bu yerda eng mashhur turistik joy gorillalar makoni bo‘lib, sayyohlar asosan uni ko‘rish uchun kelishadi. Narxi – 1,5 ming dollar. Bundan tashqari, Akegara deb nomlangan milliy bog‘i bor. U yerda safar qilib, zebra, antilopa, jirafa va yirtqich hayvonlarni o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rishingiz mumkin. Bular qimmat turmaydi. Bemalol cho‘ntagingiz ko‘taradi.

"Agar omadingiz kelsa, ov qilish jarayonini ham kuzata olasiz", – deb qo‘shimcha qiladi Egamberdiyev.

Gorillalar vatani 

Gorillalar Kongo Uganda va Ruanda chegarasida yashaydi. Lekin ularni ko‘rish uchun eng xavfsiz va sifatli turlarni faqat va faqat Ruandadan topish mumkin. Gorillalar lageriga turistlarni maxsus o‘qitilgan gidlar olib boradi. Va hududga kirishdan oldin sayyohga gorilla bilan qanday munosabat qilish va qilmaslik o‘rgatiladi. Chunki ular qafas bilan o‘ralmagan, lager hududida ochiqlikda yuradi.

Gorillalar yashaydigan jungligacha piyoda borishga to‘g‘ri keladi va bu yarim kun vaqtni oladi. Xullas, qoidalarga amal qilsangiz, gorillalar sizga hujum qilishidan xavotir olmasangiz bo‘ladi.

Non yeyilmaydi, sabzavotlar alohida pishiriladi

Turistlar ko‘p keladigan joy bo‘lgani uchun Ruandaga borganlar ovqatdan qiynalmaydi. Musulmonlar uchun ham alohida menyular bor. Tadbirkor ruandaliklar yeydigan meva-sabzavot, ovqatlar haqida ham gapirib berdi. Aytishicha, Ruandada non umuman iste’mol qilinmaydi. Chunki mamlakat aksar qismi tog‘ bo‘lgani uchun bug‘doy yetishtirilmaydi.

Ularni nonga o‘rgatib qo‘ydik. Hozir sekin-sekin pishirishyapti. Mahalliy aholida ovqatlarni biznikiga o‘xshab sabzavot va turli mahsulotlarni aralashtirib pishirish madaniyati yo‘q. Masalan, guruch, loviya yoki boshqa dukkaklilarni ham alohida qaynatib olib kelishadi. Asosiy ovqati esa guruch va go‘sht. Go‘sht narxi so‘mda 50 mingga to‘g‘ri keladi”, – deydi u.

“Bemorlar dori-ukol bilan davolanmaydi”

Baxtiyor Egamberdiyevdan Ruandada qaysi kasb egalariga talab ko‘pligi, tibbiyot va ta’lim O‘zbekistondagidan qanchalik farq qilishi haqida ham so‘radik. Olgan ma’lumotlarimiz ko‘p o‘zbekistonliklarning hayratiga sabab bo‘lmasdan qolmasa kerak.

Uning aytishicha, yoshlarning deyarli hammasi ingliz tilini biladi. Aholi orasida qaysi soha bo‘lmasin diplomlilarning mavqeyi va oyligi baland. Diplomli bo‘lish kelajakni kafolatlashday gap.

Oxirgi 10 yillardan beri hamma o‘qishga harakat qiladi deyishadi. O‘zim bolalarim o‘qiydigan maktab o‘qituvchisi necha pul olishi bilan qiziqdim. Hech qanaqa sertifikat va toifasi bo‘lmagan oddiy o‘qituvchi 600 dollar olarkan. Bank xodimlari maoshi esa 2000 dollar atrofida. Muhandis va arxitektorlar ham shunaqa qiymatda oylik oladi”, – dedi tadbirkor.

U Ruandada tibbiyot darajasi haqida ham gapirib berarkan, davolash usullari O‘zbekistondagidan farq qilishini aytadi. Dorixonadan istalgan dorini olish imkonsiz, hammasi shifokor yo‘riqnomasi asosida beriladi. 

Ukol qilish eng oxirgi chora. O‘zi odamlar kam kasal bo‘ladi. Semiz odamning o‘zi yo‘q. Choy kam ichiladi, lekin turli damlamalar ko‘p ichib yuriladi. Shu ham ularni sog‘lom tutsa kerak. Sug‘urta sistemasi juda rivojlangan. 90 foizgacha davolanishingizni sug‘urta qoplab beradi. Biroq sug‘urta qimmat. Masalan, oilaviy 5 kishiga 800 dollar atrofida sug‘urta qildirdik”, – deydi Baxtiyor Egamberdiyev.

Baxtiyor Egamberdiyevning hikoyasi ko‘pchilikning Afrika haqidagi tasavvurini o‘zgartirgan bo‘lsa kerak. Ruanda ko‘zdan panada asralgan davlat bo‘lgani uchun u haqida ko‘pchilik bilmaydi. Toza havo, daraxtlar va chinakam yovvoyi tabiat shaydosi bo‘lsangiz, sayohat rejasi ro‘yxatingizga hech ikkilanmay Ruandani ham kiritib qo‘ysangiz bo‘laveradi. 

Zuhra Abduhalimova, jurnalist
Tasvirchi – Mirvohid Mirrahimov
Montaj ustasi – Muhiddin Qurbonov

Ko‘proq yangiliklar: