«Shu ammamga shu pochcham»: Energetika vazirligi matbuot xizmati o‘z xatosini tan olmadi

Jamiyat 13:42 / 01.08.2023 20647

Kun.uz saytida «Energetika vazirligi matbuot xizmati nega hukumat qarori talabini bajarmayapti?» sarlavhasi ostida Energetika vazirligi o‘z rasmiy saytida va rasmiy Telegram-kanallarida davlat tilida yoritilayotgan xabar va ma’lumotlarda elektr energiyasi birliklarini xato yozayotgani haqida tanqidiy maqola e’lon qilingan edi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 10 yanvardagi «O‘zbekiston Respublikasida kattalik birliklarini qo‘llash to‘g‘risida»gi 21-sonli qarorida quvvat birligi xalqaro SI tizimiga muvofiq lotin alifbosida W shaklida ifodalanishi belgilab qo‘yilgan bo‘lsa-da, megavatt, gigavatt, kilovatt-soat kabi birliklarni Energetika vazirligi rus tilidagi GVt, MVt va kVt·soat ko‘rinishida yozib kelayotgani, bu hattoki lotin imlosida GVt, MVt va kVt·soat ko‘rinishida ifodalanayotgani aytilgan edi.

Energetika vazirligining xabari. Skrinshot: Energetika vazirligi rasmiy saytidan

Energetika vazirligi ushbu maqolaga raddiya e’lon qildi. Raddiya o‘ta noprofessional yozilgan, mutlaqo yopishmagan vajlar keltirilgan. Keling, birma-bir tahlil qilamiz.

1. Vazirlik Standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish bo‘yicha davlatlararo Kengash (ISC)ning «Kattalik birliklaridan foydalanishda Davlatlararo yagona qo‘llash tizimi» ya’ni «Davlatlararo standart»ga ko‘ra, elektr energiyasi birliklarini qo‘llash bo‘yicha norma tasdiqlangani va mamlakatimiz tomonidan imzolangani, shunga ko‘ra yozilayotganini iddao qiladi.

Energetika vazirligi matbuot xizmati o‘z vajlarini isbotlash uchun Rossiya Federatsiyasi saytiga havola bermoqda.

Lekin birinchidan, ushbu hujjat hukumatlararo hujjat hisoblanmaydi, idoralararo hujjat hisoblanadi. Uni O‘zbekiston tomonidan «O‘zdavstandart» agentligi imzolagan. Ushbu standart mavjud xalqaro SI birliklar tizimiga kiritilgan va kiritilmagan kattalik birliklarining xalqaro ko‘rinishi va rus tilidagi ko‘rinishini tasdiqlagan. Rus tilidagisi Rossiya Federatsiyasi uchun, albatta. Xususan, O‘zbekistonda rus tili hech qanday maqomga ega emas, bizda davlat tili faqat o‘zbek tili qilib belgilangan.

Ikkinchidan, bu hujjat O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarori bilan tasdiqlangan narsaning aynan o‘zi. Farqi — hukumat qarori bilan bu birliklarning rus tilidagi yozilishi lozim bo‘lgan ko‘rinishi O‘zbekiston uchun tasdiqlanmagan. Ya’ni bizda o‘zbek tilida ham kirill, ham lotin imlosida, hattoki rus tilidagi matnlarda ham birliklarning xalqaro ko‘rinishda yozilishi hukumat qarorida belgilangan. (Bu haqda jurnalist va filolog Orif Tolib o‘z Telegram kanalida ancha avval yozgan). Hukumatlararo emas, qandaydir idoralararo tasdiqlangan hujjatlar chetga chiqib turadi bunaqa payt.

«Unga binoan, birliklardan xalqaro formatda – «MW, MW·h, kW, kW·h» shaklida ham, xuddi shuningdek, «MVt, MVt·soat, kVt, kV, kVt·soat» shaklida ham foydalanishga ruxsat berilgan», deb yozilgan raddiyada o‘sha idoralararo hujjatga havola qilinib.

Idoralararo standartning qaysi joyida o‘zbekcha MVt·soat yoki kVt·soat ko‘rinishida yozish belgilangan ekan? Vt, kVt·chas bor. Ammo u rus tilidagi matnlar uchun! O‘zbek tilidagi matnlar uchun emas.

Energetika vazirligi matbuot xizmati o‘sha idoralararo standartdagi rus tili uchun yozilgan qoidani olib, uni o‘zbek tiliga tarjima qilib (kimdan ruxsat olishgani qorong‘i), hattoki lotin imlosiga olib kirmoqda va to‘g‘ri qilyapmiz, deb o‘ylamoqda.

2. Vazirlik O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 10 yanvardagi «O‘zbekiston Respublikasida kattalik birliklarini qo‘llash to‘g‘risida»gi 21-sonli qarorning 3-bandi ikkinchi xatboshisida «O‘zbekiston Respublikasida qo‘llashga ruxsat berilgan xalqaro birliklar tizimiga kiritilmagan kattalik birliklari faqat o‘lchamning son qiymatini xalqaro birliklar tizimining kattalik birliklarida ifodalashning imkoni bo‘lmaganda yoki maqsadga muvofiq bo‘lmagan hollarda qo‘llaniladi», deya belgilab qo‘yilganini iddao qiladi.

Energetika vazirligi matbuot xizmati talqiniga ko‘ra, hukumat o‘z qarori bilan birliklarni qo‘llash to‘g‘risida talab joriy etib, uning qaysidir bandida «amal qilmasalaring ham bo‘ladi», degan «ruxsat» qoldirib ketgan.

Ya’ni, ular Vazirlar Mahkamasi qaroriga qandaydir havola berilsa bas — bu bizning haqligimizni isbotlaydi, demoqchi bo‘lishgan.

Aslida, hukumat qarorining 3-band 2-xatboshisida nima deyilgan?

«O‘zbekiston Respublikasida qo‘llashga ruxsat berilgan xalqaro birliklar tizimiga kiritilmagan kattalik birliklari faqat o‘lchamning son qiymatini xalqaro birliklar tizimining kattalik birliklarida ifodalashning imkoni bo‘lmaganda yoki maqsadga muvofiq bo‘lmagan hollarda qo‘llaniladi».

Hukumat qarorida ham, Energetika vazirligi matbuot xizmati rahbari Hasan Toshxo‘jayev hukumat qarori matnidagi «kiritilmagan» degan so‘zni ko‘rib qolib, «demak nimadir kiritilmagan bo‘lsa, ishlatmaslikka ham ruxsat», deb mushohada qilyapti.

Bunday deyishga to‘liq asosim bor. Chunki jurnalistlar guruhida bu borada bahslashganimizda, u keyingi birliklar «Avval SI tizimiga kiritilsin, keyin o‘ylab ko‘ramiz», degan javobni bergan edi. Ya’ni, kWh shu holicha SI tizimiga kiritilganidan keyin uni kVt·soat emas kW·h deb yozamiz, demoqchi bo‘lgan.

Energetika vazirligi matbuot xizmati rahbari H.Toshxo‘jayevning jurnalistlar guruhidagi javobi.

Xalqaro birliklar tizimi — SIga kiritilgan va kiritilmagan kattalik birliklar bor. Masalan, quvvat birligi — W kiritilgan. Energiya sarfi hisoblovchi Kilovatt-soat — kWh SI birliklar tizimiga kiritilmagan.

Energiya sarfini SI birliklar tizimida ifodalashning imkoni bor, biroq maqsadga muvofiq emas: Bir h (soat davomida) 1000 W energiya sarflandi, deb. Shuni osongina 1 kWh deb yozish mumkin. Shunga hukumat qarori bilan ruxsat berilyapti. Ya’ni SI birliklar tizimiga kiritilmagan, ammo tasdiqlangan birliklardan foydalanishga.

Hukumat qarorida ham, Energetika vazirligi matbuot xizmati rahbari Hasan Toshxo‘jayev keltirgan idoralararo hujjatda ham SIga kiritilmagan, ammo ishlatishga tasdiqlangan kattalik birliklar jadvalda keltirilgan.

Undan-da qizig‘i, Hasan Toshxo‘jayevning mantig‘i bilan yondashilsa, SI birligiga KIRITILGAN quvvat birligi W (vatt)ni ham Vt deb yozmaslik kerak. Lekin ular yozyapti.

3. Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida «W» harfi yo‘qligi bois, matn kirill alifbosiga transliteratsiya qilinganida, elektr energiyasi quvvati birligi noto‘g‘ri ma’noda o‘zgarmoqda. Bu esa odamlarni chalg‘ityapti, deb iddao qiladi Hasan Toshxo‘jayev rahbarligidagi xizmat.

Bunisi endi hech bir kurakda turmaydigan bahona.

Birinchidan, nainki kirill alifbosida, O‘zbekistonda rus tilida, shuningdek, maktab darsliklari chop etilayotgan qoraqalpoq, tojik, turkman, qozoq va qirg‘iz tillarida ham W, kW·h deb ifodalanishi kerak. Bu hukumat qarorida o‘z aksini topgan va 2018 yildan buyon darsliklar shu holatda chop etib kelinmoqda.

Umumta’lim maktablarining 10-sinfi uchun fizika darsligi.

Foydalanmayotgan bitta Energetika vazirligi axir! Hammayoqda allaqachon xalqaro standartlarda ifoda qilinmoqda. Hattoki import qilinayotgan va yurtimizda ishlab chiqarilayotgan maishiy texnikalarda ham.

Maishiy texnikalardagi quvvat sarfi ifodasi.

4. Bugungi kunda qonunchilik hujjatlari ijrosini nazorat qilish va tartibga solishga mas’ul tashkilot bo‘lmish Adliya vazirligi resurslarida ham yuqoridagi o‘lchov birliklari «MVt, MVt·soat, kVt, kV, kVt·soat» shaklida qo‘llanmoqda.

Adliya vazirligidan ham so‘radik. Hukumatning 28.10.2021 yildagi 662-son qaroriga ko‘ra, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari loyiha ishlab chiqaruvchi tashkilotning «davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchisi» tomonidan lingvistik ekspertiza qilinishi kerak. Lingvistik ekspertiza jarayonida xatolar tuzatilishi lozim. Lex.uz’ga imzolangan hujjat kelgach, portalga boricha joylanadi, o‘zgartirish mumkin emas. Adliya vazirligiga tegishli «Huquqiy axborot» kanali ham hujjatda yozilgan ma’lumotni chiqaradi.

«Huquqiy axborot» Telegram kanalida e’lon qilingan qaror sharhi

Energetika sohasi bilan bog‘liq me’yoriy-huquqiy hujjatlarini Energetika vazirligi tayyorlaydi. Ya’ni, «Adliya vazirligi ham yozyapti-ku?» deb iddao qilinayotgan qonunchilik hujjatlaridagi «MVt, MVt·soat, kVt, kV, kVt·soat»lar Energetika vazirligidan kelgan.

Ko‘rdingizmi, xatoning boshida yana Energetika vazirligi turibdi. O‘zlari «ish»ni boshlab qo‘yib, uyalmasdan «boshqalar ham shunaqa yozyapti-ku?» deyish bu endi surbetlikdan boshqa narsa emas.

Menimcha, bu maqoladan so‘ng, ular ham buyog‘iga o‘tkazishmaydi bunday xato hujjatlarni.

5. Yuqorida ta’kidlangan «Davlatlararo standart»ga ko‘ra, ham «kW·h», ham «kVt·soat»dan foydalanish mumkin, deb muxtasar qilgan vazirlik axborot xizmati rahbari o‘z raddiyasini va vazirlik rasmiy kanalidan olingan postni transliteratsiya qilib, o‘lchov birligi mohiyatan o‘zgarib ketganiga ham ahamiyat bermaydigan ayrim saytlar hamda kanal yurituvchilarni «qovunchilar» deya nazarda tutilgan ekaniga oydinlik kiritgan.

E, bular oppoq ekan-u, ma’lumotlarni bulardan oladigan Adliya vazirligi, ayrim saytlar va telegram-kanallar aybdor.

Biror rasmiy hujjatda MVt yoki kVt·soat (rus tilida MVt va kVt·chas deb yozish — umuman boshqa masala) deb yozish mumkinligini keltira olmayotgan vazirlik «qovunchi» emaskan-da, Vazirlar Mahkamasi qaroriga ko‘ra yozilsa ulardan ko‘chirib bosib bir balolarni boshlab yuboruvchilar «qovunchi» ekan. Shuning uchun xato ko‘rinishda yozishda davom etaverish kerak ekan.

Birinchi maqoladagi asosiy «messej» ham shu edi o‘zi: Hukumat o‘z qarori bilan tasdiqlab qo‘ygan birliklar turib, Energetika vazirligi qarorni sabotaj qilib, rus tili uchun xos bo‘lgan birliklarni olib o‘zbek tiliga tiqishtirmoqda, bo‘lib ham lotin imlosidagi matnlarda, demoqchi bo‘lgan edim.

Endi men bu borada boshqa narsa deya olmayman.

Doimo diqqat markazida turadigan va shusiz ham e’tirozlar yetarli bo‘lgan vazirlikka eng mahmadona matbuot kotibi ishga o‘tibdi. Shunday bo‘lishi mantiqan to‘g‘ri ham-da. Bekorga xalqimiz «shu ammamga shu pochcham», demagan, axir.

P.S. Hukumatning 2018 yil 21-sonli qarori bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari — «O‘zagrotexsanoatholding» AJ boshqaruvi raisi N.Otajonov va «O‘zstandart» agentligi bosh direktori A.Karimov zimmasiga yuklangan.

Masalaga uzil-kesil oydinlik kiritish uchun «O‘zstandart» agentligidan rasmiy munosabat kutib qolamiz.

Shuhrat Shokirjonov, jurnalist.

Ko‘proq yangiliklar: