«Jaziramadagi odamlar» – «cho‘lquvarlar» hayoti tasvirlangan asar

Jamiyat 12:25 / 30.07.2023 11224

Bir paytlar yurtimizda cho‘lli hududlarga aholining bir qismi ko‘chirilib, ekin-tikin ekish, paxta yetishtirish, umuman, cho‘lni obod qilishga jalb etilgandi. Ammo bu loyiha bora-bora o‘zini oqlay olmadi. Ma’lum muddat samara bergandek bo‘ldi-yu, keyin barcha chora-tadbir chippakka chiqdi.

Chunki tabiat qonuniyatiga insoniyat tomonidan dahl qilinayotgandi. O‘z qonuniyatini majburiy tarzda o‘zgartirishga uringan bashariyatga qarshi tabiat isyon ko‘tardi. Bu isyonni sho‘rlashish, hosil bermaslik orqali namoyon qila boshlagandi. 

Ëzuvchi Luqmon Bo‘rixonning «Jaziramadagi odamlar» asarida tabiat qonuni bilan birgalikda insoniyat qonuniyati ham taqqoslangan holatda ko‘rsatib beriladi.

Syujyet:

Asarda 41-shirkat aholisi bo‘lmish cho‘lquvarlarning gohi sururli, gohi alamli, jo‘shqin voqea-hodisalarga to‘la hayoti aks etadi. Ko‘kalamzor qishloqlaridan cho‘lni obod qilish maqsadida kelgan qishloq odamlarining cho‘lga moslashishi og‘ir kechadi. 

Asar Samad ismli yigitcha tilidan hikoya qilinadi. Bola atrofidagi ko‘plab insonlarning xarakteri va yashash tarzlarini kinoyalar orqali ochib berishga urinadi. Asarda yumor, piching, kinoya yetakchilik qiladi.

Kitobxon 41-shirkat odamlarini umumiy tarzda sodda, go‘l, zamondan biroz ortda degan tushunchalarga borishi mumkin. Ammo ularning o‘ziga yarasha ayyorligini, quvligini, riyokorliklarini hikoyachining kinoyalaridan anglab olishimiz mumkin.

Samadning yon qo‘shnisi bo‘lmish O‘roqvoy shaharda o‘qirdi va u kutilmaganda Lolaxon ismli shaharlik qizni bir kun ichida to‘y qilib olib keladi. Samad bolalik muhabbati bilan Lolaxonga bog‘lanib qoladi va unda ayolga nisbatan beg‘ubor sevgi paydo bo‘ladi.

Lolaxon va O‘roq bitta farzandli bo‘lgach O‘roqvoyni harbiy xizmatga chaqirtirishadi. Afsuski, ko‘p o‘tmay uning jasadi temir sandiqda keladi. Qisqa muddat ichida qishloq aholisi O‘roqni qahramon hisoblab haykalini o‘rnatishadi va Lolaxonni uning bevasi sifatida sadoqat timsoliga aylantirishadi. 

Bid’at va xurofotlarga mukkasidan ketgan odamlar endi kimning to‘yi bo‘lsa, kelin va kuyov O‘roqvoyning haykali poyiga gul qo‘yib, haykal yonida turgan Lolaxonni tavof qilish odatini o‘ylab topishadi. 

O‘roqning ukasi Ashur asarda ko‘zbo‘yamachi, qayerda janjal bo‘lsa hozir-u nozir, umuman olganda, qishloqning old yigiti etib tasvirlanadi. 

Bir kuni qishloqda to‘y bo‘ladi. Butun qishloq aholisi to‘yga boradi. Ammo Lolaxon beva ekani va o‘zini endi to‘ylarda ko‘rish boshqalarga erish tuyulib qolgani sabab uyida qoladi. Shu payt Samad ham o‘rtog‘i Durbek bilan isiriq uchun uyidagi molxonaga kirishadi. Ular Lolaxonning kim bilandir erkalanib shivirlashayotganini eshitib qolishadi. Durbek Samadning hay-haylashiga-da qaramay to‘yxona tomonga yuguradi. Yo‘lda Ashur o‘rtoqlari bilan mast holatda kelayotgandi. 

Durbek suyunchi olishga shoshilgan boladek yugurib Ashurga hammasini aytib beradi. Odamlarning ko‘zi uchun botirlik ko‘rsatishga o‘rgangan Ashur bora solib Lolaxonning qorniga beshlik sanchiydi. Muhabbatining yerda chorasizlarcha to‘lg‘anayotganini ko‘rgan Samad shokka tushadi va shu bilan uch kundan so‘ng ko‘zini ochadi. Ammo katta bo‘lib, talabaga aylanadi hamki Lolaning tirik qolgan yoki o‘lganligini bilolmay izlab yashaydi...

Tahlil:

Lolaxon judayam chiroyli, yosh, hayotga chanqoq, muhabbatga tashna edi. Uning butun hayoti oldinda, sevib sevilib, yayrab-yashnab umr kechirishga yuz foiz haqqi bor edi. Ammo bu bilan hech kim hisoblashmadi. Lolaxonning istaklari, fikri bilan qiziqilmadi. Sadoqat ma’budasi sifatida ko‘kka ko‘tarilib, ilohaga aylantirildi. 

Vaholanki, insonning, ayolning o‘z tabiiy ehtiyojlari, tabiat tomonidan belgilab qo‘yilgan qonuniyatlari mavjud. Shunday ekan, bunday ehtiyojni jilovlashga odamzod qodir emas. Jilovlashning o‘zi umuman kerak emas. Lolaxon yana qayta turmush qurishi, farzandli bo‘lishi, qaysidir bir yelkaga suyanishi mumkin edi. Afsuski, qishloq ahlining keraksiz bid’at-xurofotlarining qurboniga aylandi. 

Kechagina Lolaxonni olqishlab, ko‘kka ko‘tarib turgan riyokor olomon o‘limidan so‘ng uning sha’nini yer bilan yakson qildi. To‘ydan so‘ng 9 oyga yetmay tug‘ib qo‘ygani birdan ularning yodiga tushib, buzuqqa chiqarishdi. Sharmsiz ayol sifatida haqorat qilishdi. 

Asarda yana bir qancha qahramonlar, ramziy obrazlar mavjud. Ular orqali adib to‘ylardagi ortiqcha dabdaba, ichkilikbozlik, riyokorlik, g‘iybatchilik singari illatlarni ochib bergan. Xalqimizning bema’ni an’ana va urf-odatlari qoralanib, yaxshi fazilatlari ulug‘langan. 

Yuqorida cho‘lning isyoni, sarkashligi haqida so‘z aytgandik. Cho‘lni bo‘ysundirishga urinish bekor ketganidek, insonni tabiiy ehtiyojlarini jilovlash ham fojia bilan yakunlandi. Shunday ekan, tabiat yaratgan qoidalarga aralashish, uni jilovlashga, o‘zgartirishga urinish yaxshi oqibatlar keltirmaydi. Har narsa shunday mukammallik bilan yaratilganki, unga ortiqcha omil qo‘shish ham, olib tashlash ham mumkin emas…

Gulasal Qodirova, kitobxon

Ko‘proq yangiliklar: