Samarqanddagi hodisa: YTH jabrlanuvchilarini kim himoya qiladi?

Jamiyat 11:25 / 29.07.2023 34001

Qasddan qoida buziladi va mudhish YTH sodir bo‘ladi, unda odam o‘ladi. Lekin jinoyat ehtiyotsizlikdan bo‘ladigan qilmishlar toifasida bo‘lgani uchun, aybdor yallo qilib yuraveradi. Jabrlanuvchilar o‘ladimi-qoladimi, birovning ishi yo‘q...

Bundan qariyb uch oy avval Samarqand viloyati Ishtixon tumani markaziy ko‘chalaridan birida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ladi. Unda mashinaga yo‘lovchi sifatida o‘tirgan yosh oilaning bir yarim yashar farzandi voqea joyida halok bo‘ladi. Bundan tashqari, onaning yelka suyagi sinib, homilasi ham xavf ostida qolgani aytilyapti.

Jabrlanuvchi Navro‘z Abdusalomov Kun.uz'ga murojaat qilib, o‘tgan vaqt davomida avariya ishtirokchilari bo‘lgan ikki haydovchi ham biror marta oila holidan xabar olmaganini aytmoqda.

“Biz hech qanday aybimiz bo‘lmay turib yolg‘iz o‘g‘limizdan ayrildik. Biroq na bolamning ta’ziya marosimlarida, na turmush o‘rtog‘im shifoxonada davolanayotgan vaqtda ular kelib hech qanday yordam bermadi”, – deydi Abdusalomov.

“2023 yilning 30 aprel kuni telefon orqali taksi chaqirdim. Turmush o‘rtog‘im va bir yarim yoshli o‘g‘lim bilan mashinaga o‘tirdik. Biz o‘tirgan mashina orqaga burilib olmoqchi bo‘ldi. O‘sha zahoti yon tomondan boshqa mashina kelib, haydovchi tomondan urdi. O‘zimni yo‘qotib qo‘ydim, karaxt holatda edim. Keyin bilsam, orqa o‘rindiqda onasining qo‘lida bo‘lgan o‘g‘lim haydovchining yon oynasida otilib chiqib ketibdi. Uning halok bo‘lganini aytishdi.

Shu holatda farzandimni dafn qildik. Ayolimning yelka qismi sindi, homilasi xavf ostida qoldi. Bir muddat shifoxonada davolandi, ayni paytda Toshkentdan, tibbiy ko‘rikdan o‘tib qaytyapti.

Demoqchimanki, farzandimning ta’ziyasi yoki turmush o‘rtog‘imning davolanishi uchun barcha xarajatlarni o‘zim qildim. Vaqtincha ishsizman, oilaning yolg‘iz qarovchisi o‘zimman. Qarzga kirib qoldim, boshimizga tushgan kulfat sababchilari bo‘lgan ikki haydovchi ham biror marta holimizdan xabar olmadi. Nega biz boshqalarning xatosi sabab farzandimizdan ayrilishimiz kerak, nega biz jabr chekyapmiz? Adolat bo‘lishini talab qilaman”, – dedi biz bilan suhbatda Navro‘z Abdusalomov.

Navro‘z Abdusalomov voqealar rivojida ko‘proq o‘zi o‘tirgan “Nexia-2” haydovchisi aybdor ekani, lekin uni kelib urgan “Malibu-2”ning ham tezligi yuqori bo‘lganini aytmoqda.

Holat bo‘yicha Samarqand viloyat Ichki ishlar boshqarmasi ma’lumot berdi. IIBga ko‘ra, mazkur vaziyatda “Nexia-2” haydovchisi Sherali Boliboyevning xatosi bilan YTH sodir bo‘lgan. Unga nisbatan 2023 yil 31 may kuni Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi bilan ayblov e’lon qilinib, jinoyat ishi tuman prokuraturasi orqali Jinoyat ishlari bo‘yicha Ishtixon tuman sudiga yuborilgan.

Avtotexnik ekspertiza xulosasiga ko‘ra “Malibu-2” haydovchisi Zafar Murodillayevning harakatlarida jinoyat alomatlari aniqlanmagan.

Isomiddin Po‘latov,
Kun.uz muxbiri.
Tasvirchi va montaj ustasi:
Faxriddin Hotamov.

Ko‘proq yangiliklar: