Qushchasini yo‘qotgan Twitter va Samsung’ning yangi avlod bukiladigan smartfonlari – hafta texnodayjesti

Fan-texnika 20:09 / 29.07.2023 65377

Qushchasini yo‘qotgan Twitter

Twitter ijtimoiy tarmog‘ining logotipi ko‘k qushdan X’ga o‘zgartirildi. Ilon Maskning so‘zlariga ko‘ra, yaqin kelajakda Twitter nomidan ham voz kechilishi mumkin.

Tarmoqni sotib olgandan so‘ng, Ilon Mask platformaga o‘zgartirishlar kiritishni boshladi. Foydalanuvchining haqiqiyligini ko‘rsatuvchi ko‘k belgini faqat pulga olish huquqi joriy etildi. Mask, shuningdek, foydalanuvchilar o‘qishi uchun mavjud bo‘lgan postlar soniga cheklovlar ham qo‘ydi.

Foto: Videodan kadr

Samsung’ning yangi avlod bukiladigan smartfonlari

Samsung kompaniyasi Samsung Galaxy Unpacked onlayn tadbiri davomida bukiladigan smartfonlarning yangi avlodi - Galaxy Z Fold5 va Galaxy Z Flip5ʼni namoyish etdi. Yangi qurilmalar savdosi 11 avgust kuni start oladi. Galaxy Z Fold5 narxi 1800, Galaxy Z Flip5 narxi 1000 dollardan boshlanadi. 

Foto: Samsung

Galaxy Z Fold4 smartfoni 6,2 dyuymli tashqi displeyga (2316x904) va 7,6 dyuymli ichki (2176x1812) ekranga ega. Ularning yangilanish chastotasi 120 Gs va HDR10+ standartini qo‘llab-quvvatlaydi. Qurilma Qualcomm kompaniyasining Snapdragon 8 Gen 2 chipi bilan jihozlangan, 12 Gb tezkor va 256 yoki 512 Gb yoki 1 Tb ichki xotiraga, simli va tezkor simsiz quvvatlash imkonini beruvchi ikkita 4400 mA•s akkumulyatorga ega. 

Smartfon teskari quvvatlantirish funksiyasiga ega, u boshqa Samsung aksessuarlarini quvvatlantirish imkonini beradi. Shuningdek, 2 ta SIM-karta bilan ishlaydi (eSIM ham bor). 

Smartfonning old kamerasi 10 Mp, ichki displey 4 Mp ekranosti kamerasiga ega. U faqat foydalanilgan vaqtda «ko‘rinish beradi». Asosiy modul 3 ta qismdan iborat: ultrakeng — 50 Mp, keng burchakli — 12 Mp, teleobektiv — 12 Mp. Galaxy Z Fold5 uchun yangi S Pen stilusi ishlab chiqilgan. U yengilroq vaznga ega, biroq smartfonda o‘rnatiladigan joyi yo‘q. Uni alohida sotib olinadigan chexolda saqlash tavsiya qilinadi. 

Z Flip5 kompakt smartfoni jiddiy yangilangan. U 3,4 dyuym tashqi ekranga (748x720) va 6,7 dyuym asosiy ekranga (2640x1080) ega. «Raskladushka» ham Snapdragon 8 Gen 2 chipi bilan jihozlangan, ammo faqat 8 Gb tezkor xotira, shuningdek, 256 yoki 512 Gb ichki xotiraga ega. Uning kameralari oddiyroq: old kamera 10 Mp va asosiy ikkita kamera 12 Mp — har ikkalasi 4K videoni suratga oladi. Akkumulyator 3700 mA•s va simli, tezkor simsiz, teskari quvvatlantirish funksiyasiga ega. 

Har ikkala smartfon yangilangan Android operatsion tizimi bilan ta’minlangan. U bukiladigan smartfonlar uchun mo‘ljallangan yangi funksiyalarga ega. 

Iqlim o‘zgarishiga moslashuvchan suzuvchi shahar

Yaponiyaning N-Ark startapi okeanda Dogen City nomli ulkan suzuvchi shahar yaratish rejalarini taqdim etdi. Shahar sunamidan himoya qilish uchun halqa shaklida loyihalashtiriladi va uch qatlamdan iborat bo‘ladi.

Foto: Courtesy of N-Ark

Xususan, birinchi qatlam odamlar yashashi uchun turar joy binolaridan iborat bo‘ladi, Ikkinchi qatlamda energiya sarfini kamaytiradigan va okeanda tabiiy ravishda sovitiladigan suvosti ma’lumotlar markazi bo‘ladi. Oxirgi qatlam esa raketalar uchun uchirish va qo‘nish maydonchasi bo‘lib xizmat qiladi.

Loyiha yiliga qariyb 7 ming tonna oziq-ovqat va 22 million 265 ming kVt elektr energiyasi ishlab chiqarish imkonini beradi.

Oltinga boy asteroidga kosmik kema yuboriladi

NASA muhandislari Psyche missiyasini tayyorlashning yakuniy bosqichiga o‘tishdi. Uning doirasida kosmik kema deyarli butunlay temir, nikel va oltin kabi metallardan tashkil topgan Psyche asteroidiga yuboriladi. 

Foto: NASA/JPL-Caltech/ASU

Psyche kemasi Kennedi kosmik markazi yaqinidagi Astrotech zavodida yig‘ildi. U 5 oktyabrga rejalashtirilgan parvozdan oldin yakuniy sinovdan o‘tkazilmoqda. 

Qurilma SpaceX Falcon Heavy o‘ta og‘ir raketasi yordamida uchiriladi va diametri taxminan 279 kilometr bo‘lgan Psyche asteroidi tomon yo‘naltiriladi. Bu jism asteroidlar kamari ichida parvoz qilmoqda. Manzilga yetib borish uchun olti yil ichida taxminan 4 milliard kilometrni bosib o‘tish kerak bo‘ladi. 

Psyche asteroidi quyosh tizimining eng katta marvaridlaridan biri deb ataladi. Olimlar uning iqtisodiy va ilmiy nuqtai nazardan qanchalik qimmatli ekanini yaqinda anglab yetdi. Ular uzoqdan olib borilgan kuzatishlar natijasida asteroid Quyosh tizimining shakllanishi davrida muvaffaqiyatsizlikka uchragan sayyora yadrosi qoldig‘i bo‘lishi mumkin degan xulosaga keldi. U deyarli butunlay metallardan iborat. 

«Agar biz uni qo‘lga kirita olganimizda, dunyo iqtisodiyotidan ham katta, taxminan 10 kvintilion dollardan qimmatroq bo‘lar edi», deb ta’kidlamoqda olimlar. 

Biroq Psyche asteroidining haqiqiy qiymati bu sayyoramiz yadrosi qanday ko‘rinishda ekanini bilishdir. Olimlar Yerda seysmik ma’lumotlardan foydalanib, sayyora yadrosining shakli, tuzilishi va xususiyatlarini aniqlashga harakat qilmoqda. Bu faqat rentgen nurlari yordamida vayronalar ostida ko‘milgan filni rekonstruksiya qilishga urinish kabi. Psyche sayyora yadrosi qanday ko‘rinishda ekanini va Yer qanday tarkib topganini yaxshiroq tushunishni ta’minlaydi. 

Bundan tashqari, missiya kelajakda ekipaj parvozlari uchun ishlatilishi mumkin bo‘lgan texnologiyalar uchun sinov maydonchasi bo‘lib xizmat qiladi. Parvozning o‘zi Falcon Heavy raketasining birinchi sayyoralararo missiyasi bo‘lib, kelajakda Mars missiyasi uchun poydevor qo‘yadi. 

Android uchun ChatGPT ilovasi ishga tushirildi

OpenAI kompaniyasi Android qurilmalari uchun ChatGPT ilovasini ishga tushirdi.

Uni Google Play orqali yuklab olish mumkin. Biroq ilova hozircha faqat AQSh, Hindiston, Bangladesh va Braziliyada ishlaydi. Kompaniya yaqin kelajakda ushbu ro‘yxatni kengaytirishni va’da qilmoqda. Kelgusi hafta unda yangi davlatlar paydo bo‘lishi kutilmoqda.

Qayd etilishicha, mobil chatbot o‘zining veb-versiyasidan farq qilmaydi hamda bir xil funksiya va imkoniyatlarni taqdim etadi. Faqat interfeys biroz farq qiladi - u smartfonlar uchun moslashtirilgan.

Ilgari ChatGPT rasmiy ravishda iOS qurilmalari uchun ham ishlab chiqilgan edi. Dastlab u faqat AQSh hududida ishladi, ammo hozir uni 50 dan ortiq mamlakatlarda yuklab olish mumkin.

Eslatib o‘tamiz, ChatGPT ilovasi va veb-versiyasi O‘zbekiston uchun mavjud emas va chatbotda o‘zbek mobil operatorlari telefon raqamlaridan foydalanib akkaunt ochib bo‘lmaydi.

Ko‘proq yangiliklar: