Nafaqalar miqdori 568 ming so‘mga yetkazildi

Jamiyat 17:13 / 29.07.2023 24117

28 iyul kuni prezident “Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlarini moddiy qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” farmon imzoladi.

Farmon bilan, muayyan turdagi pensiya va nafaqalar miqdori oyiga 535 ming so‘mdan 568 ming so‘mga yetkazilmoqda. Bu avvalroq minimal iste’mol xarajatlari miqdori shuncha deb belgilangani bilan bog‘liq.

2023 yil 1 avgustdan boshlab:

  • zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi fuqarolarga beriladigan nafaqa miqdori – oyiga 568 000 so‘m;
  • ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi yoshga doir pensiyaning eng kam miqdori qo‘shimcha to‘lovni hisobga olgan holda – oyiga 568 000 so‘m;
  • o‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolalarning parvarishi bilan band bo‘lgan bolaning qonuniy vakiliga beriladigan nafaqa miqdori – oyiga 568 000 so‘m;
  • boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasi oluvchilarning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun nafaqa miqdori – oyiga 568 000 so‘m va keyingi har bir mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun – 198 000 so‘m etib belgilanadi;
  • boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi oluvchilarning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun pensiyaning eng kam miqdori – oyiga 568 000 so‘m etib belgilanib, keyingi har bir mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun amaldagi tartibga muvofiq pensiya to‘lanadi.

Eslatib o‘tamiz, yuqoridagi to‘lovlar 2023 yil 1 aprelidan 7 foizga ko‘tarilib, 535 ming so‘m deb belgilangan edi. Joriy indeksatsiya darajasi esa 6,2 foizni (+33 ming so‘m) tashkil etdi. Yil boshidan beri jami ko‘tarilish 13,6 foiz bo‘ldi.

O‘zbekistonda kambag‘allik chegarasi deb e’tirof etilgan minimal iste’mol xarajatlari miqdori 2022 yil yanvarida 498 ming so‘m deb belgilangan, oradan 18 oy o‘tib, 2023 yil iyulida bu miqdor 14 foizga oshirilib, 568 ming so‘mga yetkazilgandi.

Kun.uz avvalroq O‘zbekistondagi o‘rtacha pensiya miqdori MDH davlatlari ichida pastki o‘rinlarda ekani haqida xabar bergandi.

Ko‘proq yangiliklar: